9 dekabr. O‘zbekiston va jahonda qanday voqealar yuz berdi?
Tahlil
−
09 dekabr 2021 12156 6 daqiqa
Jamiyat
“Bu Suriya emas”. Qarshidagi yotoqxona abgor ahvoldaligi ma’lum bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi abgor ahvolga kelib qolgan nogironlar va imkoniyati cheklanganlarning 2-sonli yotoqxonasi suratlari tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘ldi. Suratga keltirilgan izohlarda Bu yer Suriya yoki Iroq emas, O‘zbekistondagi bino ekani aytiladi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi Qarshida imkoniyati cheklanganlar yotoqxonasi xaroba holga kelib qolgani bo‘yicha munosabat bildirdi.
Ma’lum qilishicha, Qarshi shahri, Shodlik mahallasida joylashgan 2-sonli yotoqxona binosi 2019 yil 3 maydagi oldi-sotdi shartnomasiga asosan tadbirkor Anvar Jovliyev tomonidan (№1271-sonli kadastr raqam) sotib olingan. Ya’ni, bino 2019 yildan buyon 2-sonli yotoqxona emas, qonuniy tadbirkorning xususiy mulki hisoblanadi.

Xorazmda poyezd ayolni urib ketdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent-Xorazm yo‘nalishida ketayogan poyezd odam urib yuborganligi haqida videoxabar tarqaldi. Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, kecha, 8 dekabr kuni soat 09:25 larda 43 yoshli ayol ehtiyotsizligi tufayli “Istiqlol-Hazorasp” yo‘nalishida kelayotgan yo‘lovchi poyezdi urib ketishi oqibatida olgan og‘ir tan jaroxatlari bilan voqea joyida vafot etgan.

O‘zbekistonda yer va suv solig‘ini oshirish rejalashtirilyapti
O‘zbekistonda yer va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini ochirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ko‘zda tutilgan.
Taklif etilayotgan loyihada foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda chegirmalarga kiritiladigan amortizatsiya ajratmalari normalarini o‘rtacha 2 baravarga oshirish, bir martalik investitsiyaviy chegirma miqdorlarini, binolar bo‘yicha – 10 foiz, yangi texnologik asbob-uskuna bo‘yicha – 20 foiz belgilangan holda 2 baravarga oshirish nazarda tutilmoqda.
Denovdagi portlash bo‘yicha jinoyat ishi ochildi
Joriy yilning 7 dekabr kuni Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi savdo majmuasida sodir bo‘lgan kuchli portlash bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.
Savdo majmuasida yuzaga kelgan portlash bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 257 (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 259 (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoiy javobgarlikka tortish yoshi o‘zgartirildi
O‘zbekiston Prezidenti “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, 13 yoshga to‘lgan shaxslarning jinoiy javobgarlikka tortilishi bekor qilindi.
Ilgari 13 yoshga to‘lgan shaxslar javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirganliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Shunga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka tortish 14 yoshdan boshlanadi.
Bosh prokuratura mansabdori pora bilan qo‘lga tushdi
O‘zbekistonda Bosh prokuraturaning yana bir xodimi poraxo‘rlikda ayblanib, qamoqqa olindi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuraturaning Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlagan Sh.V. qarindoshi Sh.N. orqali uning tanishi A.K.ning ishonchiga kirib, unga nisbatan Buxoro viloyati prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishini tanishlari orqali tugatib berishni va’da berib, 27 noyabr kuni fuqaro A.K.dan 3.000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan 7 dekabr kuni Sh.V.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (Firibgarlik), 28, 211-moddasi 1-qismi (Pora berish) hamda Sh.N.ga Jinoyat kodeksining 212-moddasi 1-qismi (Pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchi Sh.V. protsessual tartibda ushlangan.
Olam
O‘zbekiston elektr energiyasi eng arzon 10 davlat qatoriga kirdi
O‘zbekiston aholiga eng arzon elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha dunyo reytingida 7-o‘rinni egalladi. Tegishli ma’lumotlar Britaniyaning Cable.co.uk portalining ekspertlari tomonidan taqdim etildi.
Reyting tuzishda dunyodagi 230 ta davlatda elektr energiyasi narxlari tahlil qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, eng arzon energiya manbalari Shimoliy Afrika, Sahroi Kabirdan janubiy Afrika va sobiq SSSR davlatlarida qayd etilgan.
Bayden AQSH va NATO Ukrainani himoya qilishga majbur emasligini aytdi
Amerika Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, harbiy to‘qnashuv boshlangan taqdirda AQSH va NATO Ukrainani himoya qilish uchun harbiy kuch ishlatishga majbur emas.
“5-modda (jamoaviy mudofaa) bo‘yicha biz NATOdagi ittifoqchilarimizga hujum qilingan taqdirda ularga nisbatan ma’naviy va huquqiy majburiyatimiz bor. Bu muqaddas majburiyatdir. Bu majburiyat ... Ukrainaga taalluqli emas”, degan Bayden.
Bayden Ukrainani himoya qilish uchun Amerika qo‘shinlaridan bir tomonlama foydalanish imkoniyati kun tartibida emasligini qo‘shimcha qildi.
Dubayda o‘zbek oshpazi bir tonna osh damladi
Kecha, 8 dekabr kuni Dubay (BAA) shahrida bo‘lib o‘tayotgan “EXPO-2020” Butunjahon ko‘rgazmasining O‘zbekiston kuni doirasida milliy pavilonda 1000 kilogrammlik bayram palovi tayyorlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

Gastronomik tadbir milliy taomlar bo‘yicha oshpaz Bahriddin Chustiy tashabbusi bilan o‘tkazilgan va unga mamlakatning eng sara oshpazlari yordam bergan.

Taom tayyorlash jarayoni O‘zbekiston milliy paviloniga kiraverishda o‘rnatilgan ulkan ekranda onlayn shaklda translyatsiya qilingan.

Dunyo 100 yildan keyin AQSH va Xitoyni yo‘qotadi. Qaysi davlatlar taqdiri xavf ostida?
Bolgariyaning “Trud” nashri 100 yil ichida yoki undan oldin yo‘qolib yoki parchalanib ketishi mumkin bo‘lgan davlatlar top-10 taligini tuzdi. Ro‘yxatga quyidagi mamlakatlar kiritilgan:
1. AQSH
2. Xitoy
3. Buyuk Britaniya
4. Shimoliy Koreya
5. Belgiya
6. Niderlandiya
7. Kiribati
8. Maldiv orollari
9. Ispaniya
10. Iroq
Niderlandiya dunyoning eng boy oilasidan qimmatbaho portretni sotib olmoqchi
Niderlandiya hukumati XVII asrda yashagan golland rassomi Rembrandt van Reynning avtoportretini sotib olishga 150 million yevro (170 million dollar) ajratdi. Bu haqda BBC News xabar berdi.

Hukumat Gollandiya madaniyati va tarixi uchun o‘ta muhim sanalgan asarni sotib olish uchun parlamentdan ruxsat berishini talab qilmoqda. Niderlandiya hukumati suratni sotib olish uchun 150 million yevro (170 million dollar) ajratgan, Muzey fondi yana 10 million yevro, Rembrandt uyushmasi esa 15 million yevro qo‘shadi.
Sport
“Barselona” 2003/04 yilgi mavsumdan beri birinchi marta YeCHL pley-offiga chiqolmadi
Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichining so‘nggi, hal qiluvchi, turida Ispaniyaning “Barselona” klubi Germanining “Bavariya”siga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Ushbu o‘yinda “Barsa” darvozasini Tomas Myuller (34-daqiqada), Leroy Zane (43) va Jamal Musiala (62) ishg‘ol etdi.
“E” guruhining yana bir uchrashuvida Portugaliyaning “Benfika” jamoasi o‘z maydonida Kiyevning “Dinamo”sini qabul qilib, 2:0 hisobida zafar quchdi. Oltinchi daqiqada “Dinamo” darvozasiga golni ushbu jamoaning sobiq futbolchisi Roman Yaremchuk, 22-daqiqada Moraes Gilberto kiritdi.
PSJ futbolchisi “Arsenal”ga o‘tmoqchi
PSJ yarim himoyachisi Jorjino Veynaldum 2022 yilning yanvar oyida klubini o‘zgartirishi mumkin. Bu haqda “Sky Sports” nashri xabar berdi.
Niderlandiya terma jamoasining 31 yoshli futbolchisi parijliklar uni “Arsenal”ga ijaraga berishlarini istaydi va bir paytlar “Liverpul” va “Nyukasl” safida bo‘lganidek, Angliya Premer ligasida yana to‘p tepishni istaydi.
Bugundan yangi davr boshlanadi – Xavi
“Barselona” bosh murabbiyi Xavi UEFA Chempionlar ligasi doirasida “Bavariya”dan uchralgan mag‘lubiyat (0:3) va jamoa Yevropa ligasiga tushib ketganidan keyingi vaziyat haqida fikr bildirdi.
“Men asabiy holatda ekanim haqiqat va bu meni g‘azablantiradi. Boshqa hech narsa qilish mumkin emas. Bugundan yangi davr boshlanadi. Biz barchasini noldan boshlaymiz”, deydi Xavi.
Live
Barchasi