Jurnalistlar huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash kerak – “Yuksalish”
Jamiyat
−
14 Sentabr 2021
5177“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksga davlat xizmatchilari tomonidan jurnalistlarning huquqlarini buzganlik uchun javobgarlikni belgilovchi alohida moddani kiritish kerak. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati – “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov ijtimoiy tarmoqlar orqali ommaviy axborot vositalariga nisbatan tazyiq, tahdid va bosim holatlari kuchayayotganiga nisbatan bildirgan munosabatida so‘z yuritgan.
Bekmurodov o‘z chiqishida, jurnalistlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidlaydi.
“Besh yil oldin O‘zbekiston dunyoga ochila boshladi. Transformatsion jarayonlar barcha sohalarga, jumladan, so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbari jurnalistlar Prezident himoyasida bo‘lishini ko‘p bora takrorlab, so‘z erkinligi, davlat organlarining ochiqligi va shaffofligi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarb ekanligini ta’kidlab kelmoqda. Natijada, qisqa davr ichida so‘z erkinligi va ochiqlik — jamiyatning muhim qadriyatlaridan biriga aylandi.
Ayni paytda, yangi voqelikka moslashishga tayyor bo‘lmagan ayrim davlat xizmatchilari jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilib, OAVga bosim o‘tkazish kabi "eskicha" yondashuvlarni qo‘llash harakatlari ham uchramoqda”, deydi deputat.
U ommaviy axborot vositalari faoliyati kafolatlarini kuchaytirish maqsadida quyidagi keyingi bosqich choralarini ko‘rish zarur, deb hisoblashini bildirgan:
Birinchidan, "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksga davlat xizmatchilari tomonidan jurnalistlarning huquqlarini buzganlik uchun javobgarlikni belgilovchi alohida moddani kiritish, qayta sodir etilgan taqdirda, jinoiy javobgarlikni belgilash kerak;
Ikkinchidan, jurnalistlarga huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini yaratish lozim. Masalan, Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazida OAV uchun yuridik klinika faoliyat ko‘rsatadi. Bunday institutlarni rivojlantirish, media sohasi uchun huquqshunoslar, advokatlarni tayyorlashni keng yo‘lga qo‘yish kerak;
Uchinchidan, faol islohotlar davrida ommaviy axborot vositalari ombudsmani institutini joriy etish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Balki, islohotlarning keyingi bosqichlarida, o‘zini o‘zi boshqarish yondashuvlari joriy qilinganidan keyin alohida ombudsmanga ehtiyoj qolmas, lekin bugungi kunda ushbu institut faoliyatga aralashuv holatlari bilan faol shug‘ullanishi mumkin bo‘lardi.
Bundan tashqari, Bekmurodov "Yuksalish" umummilliy harakati keyingi yildan boshlab ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlarini doimiy qayd qilib boruvchi "Onlayn monitor"ni ishga tushirishi, har yil yakunlari bo‘yicha davlat organlari reytingini e’lon qilib borishni rejalashtirayotganini ochiqlagan.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan bir oy ichida jurnalistlarni tahqirlash, ularga nisbatan tuhmat qilish va bosim o‘tkazish, qonuniy faoliyatlariga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq 3 ta holat qayd etildi. Bularda ikkitasi QALAMPIR.UZ bilan bog‘liq. 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda ayol va erkakning nomaqbul videosi tarqatilib, “ushbu video qahramoni QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekan”, deb tuhmat qilindi. Holat bo‘yicha tahririyat tezkorlik bilan bayonot berdi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. IIV, Senat, Oliy Majlis, AOKA, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Yuksalish” umummilliy harakati, siyosiy partiyalar bayonot bilan chiqib, ushbu vaziyat va jinoyat ishi nazoratga olinishini ma’lum qildilar. Biroq, oradan bir oydan ortiq vaqt o‘tdi hamki, IIV uchun “chest” masalasi bo‘lgan jinoyat ochilgani yo‘q.
Shuningdek, joriy yilning 6 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova, tasvirchi Xo‘jamiyor Xolmurodov, yurist Shohrux Olimjonov Yunusobod tumanida binolari buzilayotgan tadbirkorlar tomonidan tahririyatga kelib tushgan murojaatni o‘rganish maqsadida voqea joyiga borganda, Yunusobod tumani 2-sektor kotibi – prokuratura Umid Azizovning qarshiligiga va to‘sqinligiga uchraydilar. Azizov tahririyat xodimlarini IIBga olib borish bilan tahdid qiladi. Qolaversa, kamera xotirasidagi tasvirlarni o‘chirib, voqea joyidan ketishlarini talab qilgan. Bosh prokuratura ushbu holatni o‘rganib, voqea haqiqatan ham ro‘y berganini aniqladi. Oxir-oqibat prokuratura xodimi javobgarlikka tortilmadi. Qonunni himoya qiluvchi tashkilot qonunni buzgan xodimiga “odob darsi” o‘tish bilan cheklandi.
Jurnalist va blogerlar bilan bog‘liq yana bir holat Farg‘ona viloyatida ro‘y berdi. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Rishton tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Usmonjon Mamadaliyevga tegishli audioyozuv tarqaldi. Unda mansabdor mahalliy blogerni “qisib” yurmasa, “enasini ko‘rsatib, oyog‘ini yalatish” bilan tahdid qilganini eshitish mumkin.
Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Husan Mamajonovning ma’lum qilishicha, Usmonjon Mamadaliyev audioxabar tarqalgan kuni videomurojaat bilan chiqib, aytgan gaplari uchun barcha blogerlardan uzr so‘ragan. Shundan so‘ng, amaldor o‘z xohishi bilan xizmat vazifasidan ozod etilgan.
LiveBarchasi