Ustozlarga nisbatan hurmat qadriyatini barcha mansabdorlar inobatga olishi shart – “Yuksalish”
Jamiyat
−
04 avgust 2023
7537Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Surxondaryo viloyati hokimi va maktab direktori o‘rtasidagi tortishuv videosi turli muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Ushbu holatga “Yuksalish” umummilliy harakati o‘z munosabatini bildirdi.
“Avvalambor ta’kidlash joizki, xalqimiz orasida ustozlarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish alohida qadriyatga aylangan va buni barcha darajadagi mansabdorlar inobatga olishi shart. Qolaversa, yuqoridagi kabi holatlar Yangi O‘zbekistonning huquqiy davlat sifatidagi ijobiy qiyofasiga, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuniga putur yetkazmasligi lozim”, deyiladi munosabatda.
Harakatning bildirishicha, yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligiga oid normaga qat’iy amal qilinishi shart.
Eslatilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Konstitutsiyada pedagoglarning maqomi aniq belgilangan va ayni kunlarda “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan.
“Mana shunday ijobiy o‘zgarishlar manzarasida yuqoridagi kabi salbiy holatlarning kuzatilishi sohada olib borilayotgan davlat siyosatiga soya solishi tabiiy”, deyiladi harakat bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning direktori viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan janjallashgani aks etgan video tarqalgandi. Videoda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov direktorni o‘rnidan turg‘azib, uni “maktabdagi muhitni buzganlik”da, “viloyatni butun dunyoga sharmanda qilganlik”da ayblagandi. Bunga javoban, direktor T.U. o‘ziga nisbatan aytilgan ayblovlarni rad etib, “miltiq bo‘lsa, otib tashlang”, deya e’tiroz bildirgan. Ushbu holatga Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova munosabat bildirib, o‘qituvchi T.U. ma’muriy qamoq jazosidan ozod qilinganini va holat shaxsan uning nazorati ostida ekanini ma’lum qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mojaroning asl ildizi 2021 yilgi voqealarga borib taqaladi. O‘shanda Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning bir guruh o‘qituvchilari maktab direktori T.U. o‘qituvchilarga zug‘um o‘tkazib, ularning dars soatlarini qisqartirib yuborgani hamda malakali kadrlarni ishdan bo‘shatganini aytib, respublika rahbariyatiga murojaatlar yo‘llagan. O‘qituvchilar mahalliy internet nashrlaridan birini maktabga taklif qilib, undan holatni o‘rganishni so‘ragan. T.U. maktabga borgan jurnalistlarni haydab chiqarib, ularning kamerasini sindirib tashlagan.
Ushbu holat jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng T.U.ga nisbatan o‘z lavozim majburiyatlariga sovuqqonlik bilan yondashib, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda ijro intizomini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun hayfsan chorasi qo‘llanilgan. 2021 yilning 10 dekabrida esa u ishdan bo‘shatilgan. Biroq, 2022 yil 10 fevral kuni uning ishdan olinishi noqonuniy bo‘lgan, degan xulosaga kelinib, maktab direktorligiga qayta tayinlangan. Tarqalgan videodagi holatda hokim Ulug‘bek Qosimov “butun dunyoga sharmanda qildingiz” deganda aynan shu voqealarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi