Hukumatga Ortiqxo‘jayevning intizomiy javobgarligi bo‘yicha murojaat kiritildi
Jamiyat
−
27 noyabr 2019
22355Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning joriy yil 16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalga audioyozuvi bo‘yicha tergov qadar tekshiruv o‘tkazib, natijalari bo‘yicha bayonot berdi va Ortiqxo‘jayevning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganini urg‘uladi.
Biroq, Bosh prokuraturaning fikricha, Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari”ni buzgan. Shularni inobatga olib, Bosh prokuratura tomonidan Ortiqxo‘jayevning intizomiy javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish uchun Hukumatga murojaat kiritilgan.
Qolaversa, Kun.uz tahririyatining mazkur voqealardagi ishtiroki yuzasidan tegishli munosabat bildirish uchun vakolatli organ Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga xat yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, audioyozuvga O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, jurnalistlar va jamoatchilik, qolaversa, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot, AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi va YeXHT Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir munosabat bildirgan edi.