Norboyeva ko‘chgach, mahallasi talon-toroj qilinyapti yoxud Toshkent Ortiqxo‘jayevning mahriga tushganmi?

Tahlil

Poytaxtning Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholining QALAMPIR.UZga murojaat qilishicha, bir vaqtlar avtoturargoh uchun mo‘ljallangan yer maydoni uzoq vaqt temir to‘siq bilan o‘rab qo‘yilganidan so‘ng, endi tadbirkorga berib yuborilmoqda.

Murojaatchilarga ko‘ra, 2011-2013 yillarda qurilib, foydalanishga topshirilgan Navoiy ko‘chasi yoqasidagi 8 ta ko‘p qavatli uy aholisi 2018 yilgacha avtoturargoh sifatida foydalanib kelgan yer maydoni “Toshkent City” qurilishi boshlangach, odamlarni changdan himoya qilish bahonasida temir to‘siq bilan o‘rab olingan. Endilikda esa bu joy xususiy maktab qurish uchun tadbirkorga berib yuborilgan.

Gap Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, “Olmazor” MFY hududida, tushunarliroq qilib aytganda, “Toshkent City” va Navoiy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylar orasidagi yer maydoni haqida ketmoqda.

Aholi murojaatini o‘rganish uchun borganimizda qurilishi kutilayotgan loyiha rahbari Hojiakbar Apponov ham o‘sha yerga kelib, qaysidir ma’noda fuqarolarga tushuntirish ishlarini olib borishga urindi. U o‘zi bilan olib kelgan qurilish loyihasini namoyish etar ekan, aholi hech qanday rasmiy tasdiqlarsiz, o‘lchamlari ko‘rsatilmagan bunday suratlarga ishonmasligini bildirdi.

Qayd etish lozimki, hozirda aholi o‘sha paytda Bosh vazir, hozir esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2011 yil 17 maydagi farmoyishi hamda o‘sha paytda poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi, keyinroq esa 7 yil davomida hokim bo‘lgan Rahmonbek Usmonovning mazkur farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida chiqargan 2011 yil 16 iyundagi qaroriga suyanmoqda.

Fuqarolarning bildirishicha, yashil hudud va avtoturargoh uchun ularning mehnati va mablag‘i sarflanganiga qaramasdan, hududdagi 2 ta yer uchastkasi auksionga chiqarilayotganida ular bilan hech qanday muzokaralar olib borilmagan.

“Stoyanka” tadbirkorga, yashil hudud esa “Toshkent City” tasarrufiga o‘tkazib berilganidan og‘zaki tarzda xabardor bo‘lgan aholi advokat yollab, bu harakatlarning qaysi hujjatlar asosida amalga oshirilgani haqida ma’lumot olish uchun tegishli joylarga so‘rovlar yuborgan, ammo aniq javob olinmagan.

Murojaatchilar o‘sha paytdagi Bosh vazir hamda poytaxt hokimining qaror va farmoyishlariga qaramasdan, ko‘p qavatli uylarga tegishli yer maydonining tadbirkorga berib yuborilishini Prezident Mirziyoyev yuqorida ta’kidlagan holatga mengzashmoqda.

“Otangga bor, onangga bor!”

Ta’kidlash joiz, avtoturargoh qurilishi ko‘zda tutilgan bu maydonning qanday qilib birdaniga maktabga aylanib qolayotgani va o‘zi umuman, qanday qilib auksionga chiqarilgani, qolaversa, mazkur tashabbus kimniki ekanini aniqlash oson bo‘lmadi. QALAMPIR.UZ ushbu ma’lumotlarni to‘plash uchun bir necha tashkilotlar bilan bog‘landi.

Xususan, biz murojaat qilgan Toshkent shahar hokimligi Shayxontohur tuman hokimligi bilan bog‘lanishimiz kerakligini bildirdi. Tuman hokimligi esa mazkur yer maydonlari Kadastrlar palatasi tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish tizimi – “Yerelektron”ga joylashtirilgani, o‘z navbatida, tuman qurilish bo‘limi tomonidan mazkur tizim orqali vakolatli tashkilotlarga tegishli xulosa olish uchun yuborilganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, tegishli tashkilotlardan ijobiy xulosalar olingach, yer maydonlari onlayn auksion savdoga chiqarilgan va ularni “Ozun Tashkent Construction” MCHJ yutib olgan.

Auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalarda keltirilishicha, har ikki yer maydoni uchun auksion 2025 yilning 24 martida bo‘lib o‘tgan. Xususan, hududdagi bo‘sh turgan 36 va 29 sotixlik yer uchastkalari xususiy maktab hamda bog‘cha binolarini qurish uchun “Ozun Tashkent Construction” MCHJga ijara asosida berilgan.

36 sotixlik yer uchastkasining sotilgandagi bahosi 10 mlrd 957 mln 100 ming so‘mni, 29 sotixlik yer uchastkasini esa 8 mlrd 827 mln 414 ming so‘mni tashkil qilgan.

Auksion savdolarining qay darajada shaffoflik bilan o‘tkazilgani, boshqa ishtirokchilar kim ekani haqidagi ma’lumotlar bizga qorong‘i. Bilganimiz shuki, har ikki auksionda g‘oliblik uchun faqat ikki dona kompaniya kurashgan, xolos. Mag‘lub bo‘lgan kompaniyalar haqida hech narsa ma’lum emas, chunki auksion shartlariga ko‘ra, mazkur MCHJlar nomi maxsus ID bilan berkitilgan.

Aslini olganda, shahar markazidagi har qanday tadbirkor orzu qiladigan bu joy uchun o‘nlab, balki undan ham ko‘proq talabgorlar bo‘lishi kerak emasmi?
Endi yana yer uchuastkalarining qanday qilib auksionga chiqarib yuborilganiga qaytsak. Shayxontohur tumani hokimligi ma’lumoti asosida Kadastrlar palatasi bilan bog‘landik. Mazkur tashkilotning javobi bizni Toshkent shahar hokimligiga qayta murojaat qilishga undadi. Sababi, 36 sotixlik yer uchastkasi poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning 2024 yil 24 sentyabrdagi 662-14-0-Q/24 son qarori bilan zaxira yer fondiga o‘tkazilgani va auksion savdosiga chiqarish uchun 2025 yilning 5 martida “Yerelektron” tizimiga joylashtirilgani ma’lum qilindi.

QALAMPIR.UZ hokim Umurzoqovning mazkur yer maydonini zaxira yer fondiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori bilan tanishib chiqdi. Qayd etilishicha, ushbu qaror Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 19 avgustdagi “Toshkent shahridagi “Toshkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida yangi shaharsozlik ob’ektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 519-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida chiqarilgan. 

Unda “Toshkent City” hududida ob’ektlarni qurish va ulardan foydalanish direksiyasi davlat unitar korxonasi tasarrufidagi Shayxontohur tumani, Xadra ko‘chasi bo‘yidagi ko‘p qavatli turar joylar va “Gardens” turar joy majmuasi oralig‘ida joylashgan 29 sotix yer maydonini zaxira yer fondiga o‘tkazish belgilangan.

Ayni shu nuqtada e’tibor berish lozim bo‘lgan bir necha jihatlar ko‘zga tashlanadi. Birinchidan, shahar hokimi qarorida ijrosi ta’minlanayotgani aytilgan Vazirlar Mahkamasining aynan shu nomdagi yoki raqamdagi va hatto sanadagi qaror matnini ochiq manbalardan topa olmadik.

Ikkinchidan, Kadastrlar palatasi 36 sotixlik yer uchastkasining auksionga chiqarilishiga asos deb ko‘rsatgan hokim qarorida gap 36 emas, 29 sotixlik yer uchastkasi haqida bormoqda. Qisqasi, anglaganingizdek, hujjat masalalarida chalkashlik bordek nazarimizda.

Qolaversa, poytaxtning ushbu qismida 1 sotix yer narxi 100 ming dollardan oshib turgan bir paytda 36 sotix yer uchastkasi 860 ming dollarga yaqin narxga, 29 sotixlik yer uchastkasi esa 695 ming dollar atrofidagi narxga auksionda yutib olingan. Bu esa har bir sotix uchun 24 ming dollarni ham tashkil etmaydi. To‘g‘ri, yer ijara asosida taqdim etilmoqda, biroq auksionga chiqarilgan narx bu hudud uchun chinakamiga arzon emasmi?

Quruvchi – muqaddam daraxtkushlikda ayblangan MCHJ

Ammo quruvchi tashkilotning kimligi bundan ham qiziqroq mavzu. Gap shundaki, mazkur MCHJni ko‘pchilik poytaxtdagi ko‘ngilochar majmua qurilishi mobaynida kesish yoki noto‘g‘ri ko‘chirish oqibatida yo‘q qilingan 700 ga yaqin daraxtlar mojarosi orqali taniydi.

Yodingizda bo‘lsa, bundan 3 yil oldin mahalliy OAVda bu holatning Chilonzor tumani, Bo‘rijar kanali bo‘yida qad rostlagan “Seoul Mun” loyihasi qurilishi jarayonida sodir etilgani to‘g‘risidagi  ma’lumotlar yoritilgan edi. O‘shanda ham quruvchi tashkilot – bugun gaplashib turganimiz “Ozun Tashkent Construction” MCHJ xorijiy kompaniyasi edi. Bu voqealar o‘sha paytda jamoatchilik orasida keng muhokama qilinib, daraxtkushlik deb atalgan, qurilish bo‘layotgan hududning sun’iy yo‘ldoshdan olingan kadrlari esa hammani lol qoldirgandi. Bu esa “Toshkent City”ga biriktirib berilgani aholiga og‘zaki aytilgan, ammo hech bir hujjat taqdim etilmayotgan yashil hudud taqdirini ham so‘roq ostiga qo‘yadi.

Loyiha rahbari Apponovdan bu haqda so‘raganimizda u bunday holat kuzatilmasligini aytdi.

Apponov mazkur maydonda nodavlat maktab va bog‘chadan tashqari obodonlashtirilgan hudud ham bo‘lishini, qolaversa, 600 mashinaga mo‘ljallangan avtoturargoh va yerosti chiqindi saqlash joylari qurilishini ma’lum qildi.

Biroq aholi hozir aytilayotgan bu avtoturargoh ular uchun emas, “Toshkent City” va yangi qurilayotgan obektlarning mehmon-u mezbonlari uchun bo‘lsa-chi, deb havotirda. Chunki murojaatchilarning iddaosicha, bugun yechimini topmayotgan masalalar ham xuddi shunday og‘zaki va’dalar ortidan kelib chiqqan.

Hozirda aholi agar yo‘l ham, avtoturargox va yerosti chiqindi saqlash joyi ham “Toshkent City” tomonda qilinsa va yashil hududga zarar yetmasligi kafolatlansa, qurilish loyihasiga rozilik berishlari mumkinligini bildirmoqda.

Ammo buning uchun og‘zaki va’dalarga ishonish katta xato bo‘lishini allaqachon anglab yetgan aholi quruvchi tomonidan ishonchli hujjatlar taqdim etilishini so‘ramoqda.

Ortiqxo‘jayevning “Ozun Tashkent Construction”ga qanday aloqasi bor?

Faoliyat turi bo‘yicha turarjoy binolarini qurish bilan shug‘ullanuvchi ushbu “Ozun Tashkent Construction” MCHJ Turkiyaning “Ozun Insaat Yatirim Danismanlik” kompaniyasi ta’sischiligida 2018 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, ushbu ta’sischi qurilishi 130 mln dollariga baholangan “Olmazor City” turarjoy majmuasining asosiy investori hisoblanadi.

Internetdagi ochiq manbalarda keltirilishicha, “Ozun Tashkent Construction” MCHJ uchun talabnoma beruvchi kompaniya barchaga tanish, Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning “J-UNITED GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisoblanadi.

Qisqa qilib aytganda, shahar ichida shahar “Toshkent City” “biqini”dagi yer uchastkalari atrofida bo‘layotgan voqealar tizgini endi tushunarliroq bo‘lganga o‘xshaydi. Prezident ishdan olgan Ortiqxo‘jayev hokimiyatdan ketgan bo‘lsa-da, uning ko‘lankasi hamon hokimlikkacha yoyiladi, deyish mumkin.

Qurilish loyihasi rahbari mazkur yer maydonlarida ijtimoiy obektlar qurilishi va hudud obodonlashtirilishini iddao qilmoqda. Aholi esa bepul bo‘lmagan har qanday obekt – ijtimoiy emas, tijoriy ekanini urg‘ulamoqda. To‘g‘ri, maktab – ilm oladigan, nihoyatda zaruriy maskan. Maktab va bog‘cha qurishga harakat qilinayotgan bo‘lsa, bu yaxshi-ku, deyishingiz ham mumkin. Haqsiz, bu yaxshi. Ammo kim uchun? Bu hududning bir tomoni “Toshkent City” bo‘lsa, bir tomoni oddiy aholi istiqomat qiladigan odatiy ko‘p qavatli uylar. Shunday ekan, nega endi bu hududda davlat maktabini qurish mumkin emas? Axir, uncha-muncha odam oyiga palon so‘m to‘lab, farzandini xususiy maktabda o‘qitish imkoniyatiga ega emas. Qolaversa, bu hududda faoliyat yuritayotgan xususiy maktab allaqachon mavjud.

Voqealar ketma-ketligi bir qarashda yuqori daromadli “Toshkent City” aholisi uchun mumkin bo‘lgan barcha qulayliklar yaratib berishga kirishilganini anglatadi. Ammo bu hududda boshqalar ham yashayotgani va ularning ham ehtiyojlari borligini unutmaslik lozim.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Shavkat Mirziyoev Jahongir Ortiqxo'jaev Rahmonbek Usmonov MChJ Shayxontohur Chilonzor OAV Auktsion Olmazor avtoturargoh Murojaat daraxtkushlik Shavkat Umurzoqov Toshkent City Yerelektron Ozun Tashkent Construction Gardens Apponov Ozun Insaat Yatirim Danismanlik Olmazor City J-UNITED GROUP

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing