Pelening formasi kimoshdi savdosiga qo‘yildi

Sport

image

Uch karra jahon chempioni bo‘lgan yagona futbolchi Pelening formasi kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Bu haqda “The Associated Press” xabar berdi. 

Auksion joriy yilning 29 iyunidan 16 iyuliga qadar davom etadi. Lotning boshlang‘ich qiymati 6 million dollarga baholanmoqda.

Futbol formasi bo‘yicha rekord narx 2022 yilda o‘rnatilgan edi. O‘shanda argentinalik afsona Diyego Maradonaning 1986 yilgi jahon chempionatida Angliyaga qarshi bahsda mashhur “Xudoning qo‘li” golini urgan paytda kiygan formasi 9,3 million dollarga sotilgan.

Kimoshdi savdosiga qo‘yilgan mazkur formani Pele 17 yoshidagi ilk jahon chempionatida kiygan. 1958 yilgi mundialda Braziliya terma jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lib, Pele finalda mezbon Shvetsiyaga qarshi uchrashuvda aynan shu formada maydonga tushgan va ikki marta gol urgan. Shu tariqa u jahon chempionatlari tarixidagi eng yosh gol muallifiga aylangan. Ushbu rekord hozirgacha saqlanib qolmoqda.

Lotlar orasida Pelega tegishli boshqa noyob buyumlar ham bor. Jumladan, uning 1958 yildagi kolleksiya kartochkasi 150–200 ming dollarga baholangan.

Shuningdek, Diyego Maradonaning 1986 yildagi jahon chempionatida taqqan sardorlik bog‘ichi 100 ming dollarga, Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messining 7 ta formasi esa, kimoshdiga qo‘yilgan. Ular orasida Messi 2016–2017 yilgi Chempionlar ligasi nimchorak finalida “Barselona”ning PSJ ustidan 6:1 hisobidagi mashhur g‘alabasida kiygan formasi ham mavjud bo‘lib, u 200–400 ming dollarga baholanmoqda.

Ma’lumot uchun, Pele futbol tarixida uch marta Jahon chempionati g‘olibi bo‘lgan yagona futbolchi hisoblanadi. U Braziliya terma jamoasi bilan 1958, 1962 va 1970 yillarda chempionlikni qo‘lga kiritgan. Futbol qiroli Pele 2022 yil 29 dekabr kuni 82 yoshida vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Pele Diego Maradona Auktsion

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing