Maradona qo‘li bilan gol urgan to‘p 3,3 mln dollarga sotildi

Sport

image

Afsonaviy argentinalik futbolchi Diyego Maradonaning 1986 yilgi Jahon chempionatida Angliyaga qarshi mashhur “Xudoning qo‘li” golini urishda foydalangan to‘pi kimoshdi savdosida 3,35 million dollarga sotildi. Bu haqda “Goal” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Adidas Azteca to‘pi AQSHning Dallas shahrida bo‘lib o‘tgan kim oshdi savdosida sotilgan.

Mazkur to‘p Argentina va Angliya o‘rtasidagi Jahon chempionati chorak final uchrashuvida (2:1) ishlatilgan. Maradona dastlab qo‘li bilan gol urib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqqan. To‘rt daqiqadan so‘ng esa aynan shu to‘p bilan raqib himoyachilarini birma-bir aldab o‘tib, keyinchalik “Asr goli” deb nom olgan mashhur golini urgan.

Ko‘p yillar davomida to‘p uchrashuv hakami, tunislik Ali Bin Nosirning shaxsiy kolleksiyasida saqlangan. Kimoshdi savdosida to‘pning boshlang‘ich narxi 2,5 million dollar etib belgilandi. Yakunda esa u 3,35 million dollarga sotilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maradonaning 1986 yilgi Jahon chempionatida taqqan sardorlik bog‘ichi kimoshdi savdosida 512 ming dollarga sotilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing