Auksionda 30 dollarga sotib olingan surat 1,35 mln dollarga sotildi

Olam

−

image

Chikagolik mashhur rassomning yo‘qolgan asari Michiganda tasodifan topib olindi. Bu haqda UPI xabar berdi.

Qayd etilishicha, chikagolik syurrealist rassom Gertruda Aberkrombi tomonidan chizilgan va Michigan shtatidagi mol-mulk sotuvida bor-yo‘g‘i 30 dollarga tasodifan xarid qilingan surat Nyu-Yorkdagi Freeman's auksion uyi savdolarida 1,35 million dollarga sotilgan.

1951 yilda chizilgan “Olderman Merriamning chig‘anoqlari” (Alderman Merriam's Shells) nomli ushbu asar Aberkrombi ijodi uchun yangi jahon narx rekordini o‘rnatgan.

Aberkrombi o‘lchami 20 ga 28 santimetr bo‘lgan ushbu kichik suratni 1952 yilda shifokor Jon Reynoldsga tibbiy xizmatlar haqi evaziga sovg‘a qilgan. Kartina 1950 yillarning boshlarida muzeylarda ko‘rgazmaga qo‘yilgan, shundan so‘ng deyarli 75 yil davomida jamoatchilik ko‘zidan g‘oyib bo‘lgan. Yozda xolstning orqa tomonidagi rassom imzosini payqab qolgan xaridor ushbu asarni vafot etgan shifokorning xonadonidan qolgan buyumlar sotuvida xarid qilgan.

Lotning dastlabki bahosi 150 mingdan 250 ming dollargacha deb taxmin qilingan, biroq yakuniy narx mo‘ljallangan qiymatdan deyarli o‘n baravar oshib ketgan. San’atshunoslar bu suratni syurrealist rassom ijodidagi muhim bosqich deb atamoqda: unda ilk bor keyinchalik uning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylangan darz ketgan chig‘anoq motivi paydo bo‘lgan. Restavratorlar sotuvdan oldin xolstni tozalab, unga dastlabki ko‘rinishini qaytargan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning Lazur qirg‘og‘idagi Kan-syur-Mer shahrida joylashgan fransuz rassomi Per Ogyust Renuar muzeyiga ikki nafar noma’lum shaxs bostirib kirib, to‘rtta san’at asarini o‘g‘irlab ketgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing