Tramp o‘z surati tushirilgan yangi AQSH pasportining rasmini e’lon qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Amerika mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan chiqariladigan yangi pasport dizaynini taqdim etdi. Mazkur pasport cheklangan nusxada esdalik sifatida chiqariladi va unda Trampning surati aks ettirilgan. Bu haqda CNN xabar berdi.

“AQSHning yangi pasporti. Unda: “Xush kelibsiz, ammo odobli bo‘ling!” deb yozilgan”, deya Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirgan.

U e’lon qilgan namunaviy pasport sahifasida Trampning Resolute ish stoli ortida tasvirlangan surati, fonida esa Mustaqillik deklaratsiyasining asl matni va pastki qismida uning imzosi joylashtirilgan. Qarama-qarshi sahifada rassom Jon Trambullning “Mustaqillik deklaratsiyasi” kartinasi aks etgan.

“Amerikaning 250 yilligiga bag‘ishlangan yangi AQSH pasporti”, deya Oq uy ham X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ayni shu pasport tasvirini e’lon qilgan.

Biroq Davlat departamenti ushbu tasvir esdalik pasportining yakuniy rasmiy dizayni ekaniga hozircha izoh bermagan. Mazkur pasport ilk bor aprel oyida AQSHning 250 yillik yubileyini nishonlash dasturi doirasida e’lon qilingan edi.

Rasmiylarga ko‘ra, u tayyor bo‘lgach, Vashington pasport agentligida hujjatini shaxsan yangilayotgan fuqarolar uchun standart pasport sifatida beriladi. Onlayn murojaatlar va boshqa hududlardagi pasport markazlarida esa amaldagi dizayn saqlanib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Prezident Donald Tramp surati tushirilgan 250 dollarlik yangi banknota tayyorlanayotganini tasdiqlagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing