Mars noyob rakursdan suratga olindi

Olam

image

NASA’ning Psyche kosmik apparati Marsning kamdan kam uchraydigan rakursdagi suratlarini oldi. Apparat Qizil sayyora yaqinidan uchib o‘tish vaqtida uning yarimoy shaklidagi ko‘rinishi, janubiy qutb hududi hamda chang bo‘ronlarini tasvirga olgan. Bu haqda CNN xabar berdi.

Qayd etilishicha, Psyche apparati 2023 yil oktyabr oyida uchirilgan bo‘lib, u Mars va Yupiter oralig‘idagi asteroid kamarida joylashgan 16 Psyche asteroidiga yo‘l olgan. Olimlar ushbu asteroid oddiy kosmik jism emas, balki milliardlab yillar avval shakllangan qadimiy sayyora yadrosining bir qismi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Joriy yilning 15 may kuni apparat Mars yuzasiga qariyb 4600 kilometr masofagacha yaqinlashgan. Shu paytda sayyoraning tortish kuchi foydalanilgan. NASA mutaxassislariga ko‘ra, bu usul apparat tezligini oshirib, uni asteroid tomon kerakli yo‘nalishga burishga yordam bergan. Mars Psyche apparatiga soatiga qariyb 1600 kilometr qo‘shimcha tezlik bergan.

Missiya davomida apparatdagi barcha ilmiy asbob-uskunalar va kameralar ishga tushirilgan. Bu esa olimlarga asosiy missiya oldidan uskunalarni sinovdan o‘tkazish imkonini bergan. Olingan suratlarda Marsning kunduzgi va tungi qismlari, janubiy qutb atrofi hamda kraterlar ustida harakatlanayotgan chang izlarini ko‘rish mumkin.

Missiyaning tasvirlash tizimi rahbari Jim Bellga ko‘ra, apparat Marsga yuqori burchak ostida yaqinlashgani sababli sayyoraning odatda kam uchraydigan ko‘rinishlari tasvirga tushirilgan. Unga ko‘ra, ayniqsa Marsning yarimoy shaklidagi manzarasi ilmiy jihatdan ham, vizual tomondan ham katta ahamiyatga ega bo‘lgan.

Mutaxassislar ushbu yaqinlashuvni “mashq parvozi” deb atamoqda. Sababi, apparat asteroidga yetib borgach ham xuddi shunday usulda kuzatuv va tasvirga olish ishlarini amalga oshiradi. Hozircha missiya davomida minglab suratlar olingani aytilmoqda.

NASA ma’lumotiga ko‘ra, Psyche apparati 2029 yilda asteroidga yetib boradi. Shundan so‘ng u asteroid orbitasiga kirib, turli balandliklarda harakatlanib, uning yuzasi va tarkibini o‘rganadi.

Agar olimlarning taxmini tasdiqlansa va 16 Psyche haqiqatdan ham qadimiy sayyora yadrosi ekani aniqlansa, bu insoniyatga Yer, Mars va boshqa sayyoralarning ichki tuzilishi qanday shakllanganini yaxshiroq tushunish imkonini berishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Niderlandiyada joylashgan Amsterdam universiteti olimlari TOI-2431 b nomli yangi sayyorani aniqlagan edi. Sayyora NASA’ning TESS teleskopi yordamida kashf etilgan bo‘lib, u yil aylanish davri eng qisqa sayyoralardan biri sifatida qayd etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, TOI-2431 b Yerga nisbatan 1600 martadan ko‘proq tez aylanadi va undagi bir yil atigi 5,4 soatga teng.


Maqola muallifi

Teglar

surat NASA Mars sayyora

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing