Nodira Qodirova shizofreniya xastaligiga chalinganmidi?

Tahlil

image
Qo‘limizda hujjat bor! Qodirovaning o‘limi ortidagi sirlar ochilyapti north_east

Qo‘limizda hujjat bor! Qodirovaning o‘limi ortidagi sirlar ochilyapti

Nodira Qodirovaning vafoti bilan bog‘liq voqealar qanchalik unutilishi va yopdi-yopdi bo‘lishidan manfaatdor taraflar ko‘p bo‘lsa-da, bu hodisaga shunchaki ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ayniqsa, uning ortidan kelib chiqayotgan gap so‘zlarga. Bu haqda Turkiya mahalliy ommaviy axborot vositalari yozmoqda. 

Nodira Qodirova vafot etgan uyning egasi, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati Shirin Unal yaqinda marhumada shizofreniya alomatlari bo‘lganini aytgandi.  Shuningdek, deputat “Menga berilgan ma’lumotlarga qaraganda, Nodira Qodirovaning vafoti – suiqasd”, degan edi. Ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar deputatning aynan shu so‘zlariga alohida urg‘u bermoqda. “Xo‘sh, deputatga bu ma’lumot qayerdan kelyapti? Kim unga bunday ma’lumotni ochiqlayapti? Umuman olganda, tergov jarayoni tugamay, ish sudga oshirilmay, sud qaror chiqarmay turib, deputat bu ma’lumotni qayerdan olib e’lon qilyapti? Demak, uning tergov va prokuratura organlari faoliyatiga bevosita aralashuvi mavjud”, deyiladi ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda. 

Ushbu masala yuzasidan Nodira Qodirovaning advokati Birol O‘zturk o‘z munosabatini bildirdi. U jurnalist Suat Toktash bilan suhbatda bo‘ldi. 

Birol O‘zturk: — Afsuski, uning gaplari menga ham g‘ayritabiiy tuyuldi. Biz huquq himoyachisi sifatida tergov va surishtiruv natijalariga qarab baho beramiz. Hozircha, hujjatlar hech narsa ayon emas. Uning bu shakldagi bayonotiga nima deb izoh berishni bilmayapman.


Suat Toktash: —  Biror joydan ma’lumot olmayaptimi? 
B.O‘.: — Bilmayman. Hozircha na jinoyat va na suiqasd degan gumonlar yo‘q. Shu sabab uning aytgan gaplarini to‘g‘ri deb bilmayman. 
S.T.: — Deputat uning shizofreniya alomatlari bo‘lganini aytyapti. Siz tergovga oid hujjatlarni ko‘rdingiz. Unda bu haqda yozilganmi yoki shifokorlarning xulosasi bormi? 
B.O‘.: — Yo‘q, bunday hujjat yo‘q. Ayni vaqtda men hurmatli deputatdan shuni so‘rashni istardimki, modomiki uning shizofreniya xastaligi alomatlari bor bo‘lsa, nega bu u o‘lgandan keyin xayolingizga keldi? Nega uyingizda ishlatdingiz? 1 yarim yilga yaqin o‘z oilangiz, turmush o‘rtog‘ingiz yashaydigan uyda ishlatdingiz. Agar shunday kasalligi bo‘lsa, nega u bilan bir uyda yashadingiz? Men Nodirani yaqindan tanigan odamlar bilan uchrashdim. Sevgilisi bilan ko‘rishdim. Hech kim u haqda bunday gap aytmadi. Aksincha, uning hayotni sevishini kelajak orzulari bir olam bo‘lganini aytdi. Ming afsus, men deputatning bu gaplaridan juda qattiq siqildim. 
S.T.: — Deputat Nodira Qodirovaning biror dori yoki antidepressant vositani iste’mol qilgani nazarda tutayotgan bo‘lsa-chi...
B.O‘.: — Yo‘q, bo‘lishi mumkinmas. Bu na tergovga oid hujjatlarda va na do‘stlari, qarindoshlari, u bilan birga ishlagan ishchilar bilan suhbatda aytilmagan. Ammo, bir narsani aniq bilaman. Nodira Qodirova deputat Shirin Unalning uyida qochoq ishchi maqomida, ya’ni hech qanday rasmiy hujjat va sug‘urtasiz ishlagan. Ikkinchi xizmatkor Hilola ham xuddi shunday tartibda ishlagan. Bularni men aniq ayta olaman. Ammo, boshqa masalalarni, hatto, izohlashga jur’atim yo‘q. Chunki bunday ma’lumotlar yo‘q. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 sentyabr kuni o‘zbekistonlik Nodira Qodirova Turkiyaning Anqara shahrida “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati, nafaqadagi general Shirin Unalning uyida vafot etdi. Avvaliga u o‘z joniga qasd qilgani aytildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Nodira Qodirovaning akasi singlisi jinoyat qurboni bo‘lgani, u do‘pposlangani, hatto, sud-tibbiy ekspertizasi vaqtida uning barcha ichki a’zolari olib tashlaganini aytib chiqdi

Mazkur holat ko‘plab bahs-munozaralar va o‘zaro tortishuvlarga sabab bo‘lgandan keyin Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu tergov jarayonlarini shaxsiy nazoratiga olganini aytib chiqdi

Oktyabr oyi o‘rtalariga kelib, Shirin Unal voqea bo‘yicha birinchi bayonotini berdi va unda Nodira o‘z joniga qasd qilgani, uning ruhiy xastaligi bo‘lganini aytib chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay, QALAMPIR.UZ’ga Nodira Qodirova ham, o‘zbekistonlik ikkinchi uy ishchisi Hilola O‘narboyeva ham hech qanday rasmiy hujjatsiz, sug‘urtasiz deputatning uyida ishlab kelgani ma’lum bo‘ldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

174

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing