Ortiqxo‘jayev Prezident yonida ko‘rinish berdi
Jamiyat
−
22 iyul 13461 2 daqiqa
Bugun, 22 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida Prezident “Zomin texnoparki” maxsus sanoat zonasini borib ko‘rdi, u yerda rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi va tumanda qurilayotgan maishiy texnika zavodini ko‘zdan kechirdi.
Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan rasmlardan shuni ko‘rish mumkinki, Shavkat Mirziyoyevga taniqli tadbirkor, Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev zavodni taqdimot qilgan. Shuningdek, xabarda qayd etilishicha, Zomindagi ushbu zavodda kir yuvish mashinasi, sovutkich, televizor, elektr suv isitkich kabi yiliga 1 million dona maishiy texnika hamda butlovchi qismlar ishlab chiqariladi.

Bundan tashqari, sanoat parkida “Avtosanoat” AJ tarkibidagi korxonalar uchun plastmassa mahsulotlari tayyorlash rejalashtirilgan.
Ma’lumki, Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018-2023 yillarda Toshkent shahrini boshqargan. U 2023 yil 16 yanvar kuni Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan energiya resurslari ta’minoti yuzasidan yig‘ilishda shaxsan Shavkat Mirziyoyev tomonidan tanqid qilinib, “oyog‘i yerdan uzilgan”likda ayblanib, ishdan olingan edi. Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etilganidan keyin ancha vaqt davomida hukumat tadbirlarida ko‘rinish bermagan edi.
2024 yilga kelib, u yana davlat tadbirlarida qatnasha boshladi. Masalan, Prezidentning Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida hamda Ozarbayjon va O‘zbekiston Prezidentlari ishtirokida mamlakat ishbilarmon doira vakillari bilan muloqotda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyida O‘zbekiston korporativ sport assotsiatsiyasi tashkil etilgan va assotsiatsiyaning raisi o‘rinbosari etib Jahongir Ortiqxo‘jayev saylangandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr