O‘zbekistonda yangi davr “OPA”lari kimlar?
Tahlil
−
25 noyabr 2019
43970Opa, aka, amaki, tog‘a, quda... Shu edi O‘zbekiston. Rasmiy maqomlar chetda qolib, o‘zimiz ko‘proq itoat qiladigan rutbalar bilan atashga o‘rgangandik rahbarlarni. Bular orasida eng baobro‘ ko‘ringani opa edi. Bog‘cha mudirasini, maktab direktoridan tortib, shifoxona bosh shifokorini opa deyish odatga aylangan. Opa o‘zlaridami, opa qachon keladi, opaning kayfiyati yo‘q...
2013 yilgacha “opa” rutbasi kirib bormagan tirqish qolmagandi. Jamiyatda hamma – kattayu kichik, hatto, 70 ga chiqqan deputatu sochiga oq oralagan hokimlar ham opa-opa deb turardi. O‘zbekistonda 2013 yilgacha bitta “katta opa” bo‘lgan. Bu rutbaning ortidagi shaxs, “opa”ning kuchiga katta ishonch bilan qaralgani ham bor gap. Vaqt o‘tib bu rutba o‘g‘ri nomiga o‘rnini bo‘shatib berdi.
Mamlakatda o‘tgan uch yildagi o‘zgarishlar haqiqiy mehnatkash opalarni yuzaga chiqardiki, ular endi bir kishining nomi va piari uchun emas, davlat uchun, uning taraqqiyoti uchun mehnat qilyapti. Ular bugunning opalari! Tom ma’noda siyosat opalari! Darvoqe, ularning hukumat va siyosatdagi o‘rni shunchaki qo‘g‘irchoqlik emas, balki hal qiluvchi kuch sohibasi ekani va mamlakatda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor, gender tengligini ko‘rsatadi.
Bugun, 25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni. O‘zbekiston shu yilning o‘zida ayollarga oid ikki qonunni qabul qilib, xalqaro hamjamiyatning e’tiborini qozondi. Bulardan biri “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun bo‘lsa, ikkinchisi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun. To‘g‘ri, hali qonunlar to‘laqonli o‘z kuchini ko‘rsatishni boshlaganicha yo‘q. Biroq, mamlakatda ayollarning o‘rni ortib bormoqda.
Mamlakatda “opa”larga hozircha ishonch katta. Ularga yuqori lavozimlar ishonib topshirilyapti. Xo‘sh, bugun davlat va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutayotgan opalar kimlar?
1. Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Senati raisi. Mamlakatning ikkinchi odami. Uning Xotin-qizlar qo‘mitasidagi oz fursatli okean ortigacha yetib bordi. U bu lavozimda ayollar huquqlarini himoya qilishga oid bir qator sa’y-harakatlari bilan yodda qoldi. Norboyeva bolalar mehnatiga chek qo‘yish bo‘yicha natija ham ko‘rsata oldi.
2. Elmira Bositxonova, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi. Ko‘pincha tanqidlar girdobida qoladigan Bositxonova bilan suhbatda bo‘lganlar yaxshi biladiki, u har qanday vaziyatga avvalo buvi, ona, opa va singil o‘laroq baho beradi. Negadir, uning qarashlari, so‘zlari ko‘pincha yanglish qabul qilinadi.
3. Galina Saidova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi. Iqtisod bilimdoni. 2011 yildan 2017 yilgacha Iqtisodiyot vaziri lavozimida ishlagan Saidova Xotin-qizlar qo‘mitasi raisini aytmasa, Hukumatdagi yagona ayol sifatida ko‘rib kelingan. Uni ko‘pchilik tartib va intizom borasida numana qilib ko‘rsatadi.
4. Agrepina Shin, Maktabgacha ta’lim vaziri. Ta’lim sohasida ko‘p yillik tajribaga ega pedogog. Shin bugun O‘zbekistonda maktabgacha ta’limi tizimi labirintini qayta chizyapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
5. Svetlana Ortiqova, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari. Uni O‘zbekiston Hukumatidagilar “temir xotin” deyishadi. Ortiqova nutqi, jasoratli chiqishlari bilan e’tibor qozongan. U jurnalistlarning har qanday og‘ir savolidan oson qutilib qolishni biladi.
6. Dilorom Toshmuhamedova, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori. Oliy Majlis spikeri bo‘lib ishlab yurgan kezlariyoq mamlakatda taniqli ayollar safini egallagan edi. Ishdan ketdiyu na o‘zi, na nomi ko‘rinish berdi. Oradan ko‘p o‘tmay yana mavqeini tikladi, markaz direktori, deputat va senatorlikka saylandi. Darvoqe, u Prezident Karimovga saylovda raqib bo‘lgan yagona ayol sifatida tarixda qolgan.
7. Gavhar Alimova, senator, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi. Uni samarqandliklar yaxshi taniydi. Respublika miqyosida endi-endi nom chiqarayotgan Alimova gender tengligi masalasini ko‘tarib chiquvchi asosiy rahbar ayollar qatoridan o‘rin oladi.
8. Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari. U agentlik rahbariyatidagi, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistonda axborot sohasi boshqaruvida faoliyat yuritayotgan yagona ayol. Ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsada, allaqachon xalqaro hamjamiyat e’tibor markazida turibdi.
9. Dilnoza Kattaxonova, Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining o‘rinbosari, “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi. 2017 yildan buyon ushbu tashkilot raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Kattaxonovaning bor-yo‘qligi bilinmaydi. Bugungacha OAV u haqida bong urgani, mamlakatda shunday yoshlar yetakchisi, ayollar lideri borligi haqida gapirganini eshitmaganmiz. Shunday bo‘lsada u bor va ishlayapti. Balki ko‘zga tashlanishni yoqtirmas... Darvoqe, u tashkilot rahbariyatidagi 10 kishi orasida faoliyat yuritayotgan yagona ayol.
LiveBarchasi