Hokim o‘rinbosarini yoqib yuborgan yakkabog‘lik tadbirkor ishi sudga jo‘natildi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Bahriddin Isomovga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari tamomlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga, 20.07.2019 yilda B.Isamov Yakkabog‘ tumanidagi “Eski Yakkabog‘” qo‘rg‘oni ko‘chalarida obodonlashtirish va qurilish ishlari jarayonida tuman hokimining o‘rinbosari Mansur Tuymayevning yuz qismiga benzin sepib, uni yoqib yuborib, o‘ldirishga suiqasd qilganligi holati yuzasidan to‘plangan hujjatlar asos bo‘lgan.

Bahriddin Isomov JKning 25, 97-moddasi 2-qismi “g,l” bandlari bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, sudning ajrimiga asosan ehtiyot chorasi sifatida “qamoq” qo‘llanilgan.

Tergov davomida o‘tkazilgan sud psixologiya ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, ayblanuvchi Bahriddin Isomov mazkur jinoyatni sodir qilgan vaqtida kuchli ruhiy hayajonlanish holatida bo‘lgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, ayblanuvchi Bahriddin Isomovga nisbatan e’lon qilingan ayblov JKning 25, 98-moddasiga qayta malakalanib, qo‘llanilgan “qamoq” ehtiyot chorasi, “garov” ehtiyot chorasiga o‘zgartirilgan.

Bundan tashqari, tergov davomida Yakkabog‘ tumani xokimining o‘rinbosari M.Tuymayevning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, unga nisbatan JKning 192[1]-moddasi 3-qismi “a” bandi va 206-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilingan hamda munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi “tilxat” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi joriy yilning 30 avgust kuni ayblov xulosasi bilan JIB Yakkabog‘ tumani sudiga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 iyul kuni soat 17:30 larda 1976 yilda tug‘ilgan Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev. “Hisor Sarlochin” MCHJga tegishli savdo do‘konlarini buzish ishlarini tashkillashtirayotgan vaqtda mazkur jamiyatda ishlovchi, 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro Baxriddin Isomov o‘ziga tegishli savdo do‘konini buzilishiga faol qarshilik ko‘rsatib, Mansur Tuymayevning yuz qismiga yelim idishda bo‘lgan benzin yoqilg‘isini sepib, uni yoqib yuborgan. Ruy bergan voqea yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari boshlangan.

27 iyul kuni Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov “Eski Yakkabog‘” qo‘rg‘onida bo‘lib, holat yuzasidan viloyat mas’ullari bilan muloqot qilgan. Abdusalom Azizov Bahriddin Isomovga tegishli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish do‘koni beton g‘ishtdan qurilgan bino ekanini ta’kidlab, bu binoni buzishga uringan tuman mas’ullari ishini qoralagan. Tuman hokimi, voqea “qahramoni” Tuymayev hamda tuman prokurori ishdan olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Yakkabog' Bahriddin Isomov Mansur Tuymaev

Baholaganlar

29

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing