Qashqadaryoda fuqaroning xonadonidan 1,3 mlrd so‘mlik noqonuniy dorilar topildi
3-sahifa
−
09 aprel
5855O‘zbekistonning turli viloyatlarida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan dori vositalarining savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan shaxs “Banksef”, “Zanasef”, “Gansef” va “Gandsef” nomli jami 3 ming 767 dona dori vositalarini 54 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. U dori vositalarini mazkur tumanda yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan fuqarodan olgani aniqlanib, ushbu shaxs ham muqaddam sotgan dorilari uchun 26 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, uning xonadonida tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy bahosi 1 mlrd 307 mln so‘mlik jami 14 ming 909 dona dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu dori vositalari – tibbiyotda qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar davlat ro‘yxatidan o‘tmagan.
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yashovchi fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u yerdan Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan, umumiy qiymati 593 mln 142 ming so‘mlik 49.020 dona flakonda “Ampisul” nomli dori vositalari borligi aniqlangan hamda ularning egasi hisoblangan Bekobod shahrida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu dori vositalarini Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1990 va 1994 yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro Tojikistondan bojxona nazoratini chetlab o‘tib, olib kelgani aniqlanib, ular ham ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.