Qashqadaryoda maktab direktori o‘quvchilar o‘rtasida “kalla urishtirish” o‘tkazdi (video)
Jamiyat
−
09 mart
15946Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatidagi maktablardan birining direktori o‘g‘il bolalarning boshini bir-biriga urishtirib, kaltaklayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan QALAMPIRʼUZ Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining axborot xizmati rahbari Javohir Rustamov bilan bog‘landi.
Uning ma’lum qilishicha, voqea bundan bir yil avval, 2023 yilning yanvar oyida viloyatning Yakkabog‘ tumanidagi 80-maktabda sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, maktab rahbari T. A. 2018 yildan buyon 80-maktab direktori lavozimida ishlab kelmoqda. 2023 yil 13 yanvar kuni maktabning 6-sinf (hozirda 7-sinf) o‘quvchilari Q. A. hamda T. E. sinfxonasi partalarini sindirishga uringan. Bu muhokamada direktor xonasida kadrlar menejeri va boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ham bo‘lgan.
Rustamovga ko‘ra, hozirda maktab direktorining faoliyati yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Boshqarma bu kabi holatlarni qoralaydi va direktorning ijtimoiy xavflilik darajasi o‘rganilib, unga nisbatan huquqiy chora ko‘rilishini bildiradi, qo‘shimcha ravishda holat Yakkabog‘ tuman IIB mas’ul xodimlari nazoratiga ham olingan.
"Ushbu maktab faoliyati alohida tartibda mehnat qonunchiligiga asosan o‘rganilayotganligini va o‘rganishlar yakuni yuzasidan batafsil rasmiy axborot berilishini ma’lum qilamiz", deydi axborot xizmati rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy shahridagi 2-umumta’lim maktabida o‘quvchilarning ommaviy soch olish “marosim”i o‘tkazilgan edi.