Arzonlashayotgan benzin, kamayayotgan jarimalar, eng yirik o‘rmondagi qirg‘in – yangiliklar dayjesti
Jamiyat
−
19 noyabr 2021 9147 7 daqiqa
Jamiyat
Birjada benzin arzonlashdi
Joriy yilning 18 noyabr kuni birja savdolarida AI-80 markali avtomobil benzini narxi pasaydi. Savdoga qo‘yilgan 4438,9 tn AI-80 markali benzin qo‘yilgan bo‘lsa shundan 3339,7 tn yoki 75 foizi sotildi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabar berdi.
Ko‘rilgan amaliy tadbirlar natijasida, 15 noyabrga nisbatan 18 noyabr kuni AI-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha sotilish narxlari 1 tonnasi 10 mln 129 ming so‘mdan 9 mln 180,5 ming so‘mgacha pasayib 9 foizga arzonlashdi.
Samarqandda ta’lim sohasi mulozimi pora bilan ushlandi
Joriy yilning 16 noyabr kuni Samarqanddagi tumanlardan birida Xalq ta’limi bo‘limi mudirining o‘rinbosari 300 dollar pora bilan ushlandi. Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda prokuratura va prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan.
Tezkor tadbir chog‘ida viloyatdagi tumanlarning birida xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari lavozimida ishlovchi fuqaro R.T. xizmat mavqeidan foydalanib mahalliy fuqarodan tuman maktablarining biriga o‘qituvchilikka ishga qo‘yishini va’da qilib undan 300 AQSH dollari miqdordagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga jo‘nab ketdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan tashrif bilan Rossiyaga jo‘nab ketdi.
Moskvadagi “Vnukovo-2” aeroportida davlat rahbarini Rossiya Federatsiyasi Prezidenti yordamchisi Maksim Oreshkin va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Shundan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazish uchun Kremlga yo‘l oldi. Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kelgusi yilda esa Bryusselga tashrif buyurishi ma’lum bo‘ldi.
Ta’kidlanishicha, tashrif davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi rejalashtirilgan.
Toshkentda benzin narxi tanqid qilingan surat “tug‘ildiyu bo‘g‘ildi”
Bugun, 19 noyabr kuni Toshkentdagi avtomobilga yonilg‘i quyish shoxobchasi oldida mamlakatda benzin narxi oshishiga bag‘ishlangan graffit (ko‘cha surati) paydo bo‘ldi.
Surat graffitlari bilan tanilib borayotgan inkuzart taxallusli rassom tomonidan chizilgandi.
Poytaxtning Katta qani ko‘chasida chizilgan suratda benzin narxining oshib borishi oddiy o‘zbekistonliklarni “o‘ldirayotgani” aks etgan. Rassomning yangi asari ijtimoiy tarmoqlarda tezkorlik bilan mashhurlikka erishdi.
Senat qator qoidabuzarliklar uchun jarimani kamaytirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
Bugun, 19 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Ushbu Qonun bilan ma’muriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqib, maqbullashtirish maqsadida 5 ta modda sanksiyasi miqdori kamaytirilmoqda. Xususan, transport vositalari egalari tomonidan sug‘urta polisini olmaganlik yoki muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi, yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shug‘ullanganligi, pasport tizimi qoidalarini buzganligi, fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki o‘tkazish uchun jarima miqdori kamaytirilmoqda.
Pastkash erkaklari bor huquqni himoya qiluvchilar ishlayotgan jamiyatning borligi uyatli – Kusherboyev
Xabaringiz bor, bugungi kunda videosi tarqalgan xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi deputati Feruza Babasheva atrofidagi voqealar diqqat markazida bo‘lib turibdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Feruza Babashevaning videosi tarqalishiga munosabat bildirdi.
“O‘rta Chirchiq tumani Kengashi deputati bilan sodir bo‘layotgan voqealar afsuski bizda hali ham odamlarni obro‘sizlantirish yo‘lida har qanday pastkash va noqonuniy usuldan foydalanish mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Yomoni shuki, bu qonun bilan himoyalangan shaxsiy hayot daxlsizligi tushunchasini amalda “0” qilishga urinish bo‘layotganini anglatadi. Va afsuski, bu Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan shiorga mos olib borilayotgan islohotlarga nisbatan tamomila zid harakatdir”, deydi Kusherboyev.
Putin topshirig‘i: O‘zbekiston va Rossiya hisob-kitoblarda rublga o‘tishi mumkin
O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro hisob-kitoblarda dollardan voz kechib, rublga o‘tishi mumkin.
“Joriy yilning 16 noyabr kuni Rossiya banki ilk marta O‘zbekiston Milliy banki obligatsiyalarining rubldagi emissiyasini ro‘yxatdan o‘tkazgan. Obligatsiyalarning umumiy qiymati 15 mlrd rublga teng”, deydi Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Reshetnikov.
Olam
Rossiya besh davlat fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qildi
Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi Prezident Vladimir Putinning topshirig‘iga binoan Afg‘onistondagi rossiyaliklarni evakuatsiya qilishi haqida xabar bergan edik.
Rossiya Mudofaa vazirligining Afg‘onistondan fuqarolarni evakuatsiya qilgan samolyoti Moskva viloyatiga qo‘ndi. Ammo unda faqatgina rossiyaliklar emas, balki Armaniston, Belarus, Ukraina va Afg‘oniston fuqarolari ham evakuatsiya qilindi.
Turkiyada hokimiyatni ag‘darishga uringan Gulen o‘ldimi?
2016 yilda Turkiyada davlat to‘ntarishi o‘tkazishga uringan Fathulloh Gulen o‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlar turk OAV tomonidan tarqatildi. Gulen tomonidan AQSHning Pensilvaniya shtatida tashkil etilgan “Oltin avlod” tashkiloti rahbariyatiga yaqin manba esa bu ma’lumotlarni rad etdi.
“Bu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, bu yolg‘on”, degan manba.
Tashkilot turk matbuoti tarqatgan ma’lumotlarga rasman javob bermagan. Pensilvaniya politsiyasi ham bu ma’lumotga izoh bera olmasligini aytgan.
49 kun: ochlik e’lon qilgan Saakashvili hushini yo‘qotdi
Gruziya qamoqxonasida ochlik e’lon qilgan sobiq Prezident Mixail Saakashvili advokatlar bilan uchrashganda yiqilib, hushidan ketdi.
Basilayaning so‘zlariga ko‘ra, Saakashvili advokatlar bilan uchrashish uchun binodan chiqib ketayotganda qoqilib, yiqilib tushgan.
“Yiqilganidan keyin u ko‘zini ochmadi va hech narsaga munosabat bildirmadi”, deydi Basilaya.
So‘ng, AQSH rasmiylariga yordam so‘rab murojaat qildi.
“Agar AQSH meni himoya qilish uchun kelmasa, bu (sobiq SSSR hududidagi) barcha siyosatchilar va g‘arbparast odamlar uchun dahshatli signal bo‘ladi”, degan Saakashvili joriy yilning 17 noyabr kuni advokatlar orqali yo‘llagan maktubida.
Qozog‘istonda o‘zbekistonlik erkak o‘quvchi qizga hujum qildi
Qozog‘istonning Olma-ota viloyatida 39 yoshli O‘zbekiston fuqarosi 6-sinfda o‘qiydigan qizga hujum qildi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 16 noyabr kuni ko‘chada sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda erkakning qizni uzoq vaqt kuzatib yurgani va birdan unga hujum qilgani aks etgan.
Dunyoning eng yirik o‘rmonida “daraxtlar qirg‘ini” rekord darajaga yetdi
2020 yilning avgust oyidan joriy yilning iyul oyigacha bo‘lgan davrda Braziliyaning va dunyoning eng yirik tropik o‘rmoni Amazonda 13,235 kvadrat kilometr o‘rmon kesildi.
Braziliya kosmik tadqiqotlar agentligi (INPE) hisobotiga ko‘ra, o‘rmonlarning kesilishi yil davomida 22 foizga oshgan.
Sport
Shaxmat: “Prezident kubogi” g‘olib va sovrindorlari qancha mablag‘ ishlab oldi?
Kecha, 18 noyabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro shaxmat akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan xalqaro turnir o‘z yakuniga yetdi.
10 tur davom etgan musobaqa yakunida g‘oliblikni Rossiya Federatsiyasi vakili Sanan Syugirov qo‘lga kiritdi. U 10 imkoniyatdan 7,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shuncha ochko jamg‘argan amerikalik shaxmatchi Xans Niyemann esa qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 2-o‘rin bilan cheklandi. Kuchli uchlikka rossiyalik Maksim Matlakov yakun yasab berdi. U yakunda 7 ochko to‘pladi.
Alveshning “Barselona”dagi “choy puli” ma’lum
Ispaniyaning “Barselona” klubi bilan shartnoma imzolagan braziliyalik Dani Alveshning maoshi arzimagan summadan iborat bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgan edi.
“La Vanguardia” va “Marca” nashrlarining yozishicha, braziliyalik futbolchi yiliga 155 ming yevro ishlab oladi. Bu La ligada faoliyat yurituvchi professional futbolchiga to‘lash mumkin bo‘lgan eng kam miqdordagi maosh hisoblanadi.
MYU rahbarlari Sulsher bilan uchrashdi
“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Ole Gunnar Sulsher jamoa rahbarlari bilan uchrashdi.
48 yoshli norvegiyalik mutaxassis Krishtianu Ronaldu, Xarri Maguayr, Bruno Fernandesh, Lyuk Shou, Viktor Lindelyof va Nemanya Matich bilan suhbatlashib, jamoa natijalari bilan bog‘liq murakkab vaziyatni qanday o‘zgartirish mumkinligi haqida kelishib oladi.
Live
Barchasi