Har kuni 30 ming qochoq Ukrainaga qaytmoqda – BMT
Olam
−
15 aprel 2022
11073Ukrainada urush boshlanganidan beri mamlakatni tark etgan 870 mingdan kam bo‘lmagan qochqin allaqachon o‘z Vataniga qaytgan. Har kuni esa 30 ming kishi qaytmoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining gumanitar agentliklari Ukraina davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati ma’lumotlariga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ukrainani kamida 11,7 million odam tashlab ketgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi so‘nggi ma’lumotlari shundan dalolat beradi.
4,6 milliondan ortiq ukrainaliklar boshqa mamlakatlardan boshpana topgan, 7,1 million kishi esa mamlakat ichida ko‘chirilgan.
Rossiya Federatsiyasi, o‘z navbatida, 24 fevraldan buyon Ukrainadan 783,6 mingga yaqin odam, jumladan, 147 mingdan ortiq bolalar mamlakatga kelganini ma’lum qilgan.
Xalqaro tashkilotning prognozlariga ko‘ra esa, Ukraina aholisi o‘z vatanlariga qaytishda davom etadi. Va bu muqarrar ravishda gumanitar yordam ko‘rsatishda yangi muammolarni keltirib chiqaradi.
Ma’lumot o‘rnida, BMT gumanitar yordamga muhtoj 2,1 million ukrainalikka yordam ko‘rsatgan. Tashkilotning Ukrainaga 1,1 milliard dollar yordam ko‘rsatish haqidagi murojaati esa hozirda 64 foizga moliyalashtirilgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevraldan beri Ukrainada 1 932 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, ulardan 150 nafari bolalar.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi