“Hamma narsaga ko‘z yuming”. Qodirov Putindan urushni 2 kunda tugatish uchun ruxsat so‘radi
Olam
−
04 mart 2022
50234Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, jangchilarga Xarkov, Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlarini egallashga “buyruq” berishni so‘radi.
“Jangchilarimizga Xarkov, Kiyev va boshqa barcha shaharlarni tez, aniq, samarali egallashga buyruq bering. O‘rtoq Prezident, o‘rtoq Oliy qo‘mondon, men sizning piyoda askaringizman, deb bir necha bor aytganman, men siz uchun hayotimni berishga tayyorman. Lekin men askarlarimiz, Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya va boshqa tuzilmalar halok bo‘layotganiga qarab tura olmayman. Sizdan hamma narsaga ko‘z yumishingizni va u yerda sodir bo‘layotgan voqealarni bir-ikki kunda yakunlashga imkon berishingizni iltimos qilaman. Davlatimiz va xalqimizni faqat bu qutqaradi. Bu mening ishonchli fikrim”, degan Qodirov Telegram’dagi kanalida.
Checheniston rahbari Ukrainadagi vaziyatni butun davlat uchun tahdid deb atagan.
“Muzokaralar yaxshi, demokratiya, so‘z erkinligi, inson hayoti yaxshi, lekin u yerda birodarlarimiz, yaqinlarimiz, do‘stlarimiz o‘lib ketmoqda. Jangchilarimizga o‘z imkoniyatlarini to‘liq ko‘rsatish imkoniyatini berishingizni, ularga bir marta va butunlay tugatish uchun barcha mumkin bo‘lgan va imkonsiz kuchlarini ishga solish imkoniyatini berishingizni so‘rayman”, deya qo‘shimcha qilgan Qodirov.
Qodirov Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga ham murojaat qilgan.
“Prezident bilan bog‘lanib, u bilan muzokara olib borishga urinmang. Prezidentdan menga muzokaralar olib borishga ko‘rsatma berishini so‘rang. Bularning barchasini yarim soat ichida hal qilamiz. Bu esa urushning, shaytonlarning oxiri bo‘ladi”, degan u.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi