Monopollar “himoyasiga otlangan” Qudbiyev, sotuvga qo‘yilayotgan “UzAuto Motors”, 10 yil navbat kutgan Murod Nazarov – yangiliklar dayjesti
Tahlil
−
17 yanvar 2022
9308Jamiyat
O‘zbekistonliklar xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazib, 5 mlrd keshbek yig‘di
O‘zbekistonda 2022 yil 14 yanvar holatiga ko‘ra, 401 ming 604 ta xarid cheklari keshbek uchun “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, jami keshbek summasi 5 milliard so‘mdan ziyodni tashkil etgan. Mobil ilovada 25 mingdan ortiq yangi foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan.
Iste’molchilar huquqlarini har tomonlama himoya qilish va huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida qator talablar o‘rnatilmoqda.
Samarqandda IT-tanlov g‘olibi bo‘lgan o‘quvchiga eski noutbuk berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasining viloyat bosqichida birinchi o‘rinni olgan Samarqand viloyati Nurobod tumani 41-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Sardor Sattorovning videomurojaati e’lon qilindi. O‘qiuvchi unda birinchi o‘rinni olishiga qaramay unga 3-darajali diplom hamda ishlatilgan, eski noutbuk sovg‘a qilinganini aytgan.
Nurobod tumani hokimligi Matbuot xizmati mazkur holatga munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, mazkur tanlovning tuman bosqichida Sardor Sattorov faxrli birinchi o‘rinni olib, tuman hokimligining faxriy yorlig‘i hamda Realme C11 rusumli telefon apparati bilan taqdirlangan.
Andijonga yangi prokuror tayinlandi
Bugun, 17 yanvar kuni Sirojiddin Qorshibayevich Eshquvvatov Andijon viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuraturaning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sirojiddin Eshquvvatov Andijon viloyati hokimligida O‘zbekiston bosh prokurori N.Yo‘ldoshev va viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirokidagi yig‘ilishda viloyatga prokuror etib tayinlangan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Dilbar Mahmudova vafot etdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Dilbar Mahmudova 85 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi boshqaruv a’zosi Shoira Isakova Facebook`dagi sahifasida ma’lum qilgan.
Qayd etiltishicha, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist hamda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi bo‘lgan Dilbar Mahmudova bugun, 17 yanvar kuni 85 yoshda vafot etgan.
Ma’lumot o‘rnida, Dilbar Mahmudova 1936 yil 8 aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1959 yili O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ni tamomlagan. Uning ilk kitobi “Yarim asr yonma-yon” nomi bilan chop etilgan.
“UzAuto Motors” aksiyalari birja orqali sotiladi
O‘zbekistondagi 8 ta aksiyadorlik jamiyatining hissalari birja savdolarida sotiladi. Ularning orasida “UzAuto Motors” AJ ham bor. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kapital bozorini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 apreldan 2024 yil 31 dekabrgacha:
O‘zbekiston rezidenti va norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarning aksiyalardan olgan dividendlari daromad solig‘idan ozod qilinadi;
norezident yuridik shaxslarning aksiyalar bo‘yicha dividendlari uchun foyda solig‘ining 5 foiz stavkasi tatbiq etiladi;
rezident va norezident jismoniy va yuridik shaxslarning xo‘jalik jamiyatlari obligatsiyalari bo‘yicha daromadlari daromad solig‘i va foyda solig‘idan ozod qilinadi.
Qashqadaryoda shifokor 500 ming pora uchun 5 yilga “kesildi”
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari fuqarodan 500 ming so‘m miqdorida pora olgani uchun 5 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, E. Bozorov 2017 yil sentyabr oyidan Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari hamda tumandagi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogiron, deb topish komissiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan.
Murod Nazarov QALAMPIR.UZ'ga bola asrab olish uchun 10 yil navbat kutganini aytib berdi
Avvalroq, o‘zbekistonlik taniqli tadbirkor Murod Nazarov Mehribonlik uyidan 9 nafar farzand asrab olgani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ ko‘pchilikka saboq bo‘luvchi ushbu xayrli ish uchun minnatdorlik bildirish maqsadida Nazarov bilan muloqot qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Murod Nazarov va uning turmush o‘rtog‘i – xonim Umida Nazarova 7 nafar qiz, 2 o‘g‘ilni asrab olishgan. Avvaliga ommaviy axborot vositalariga bu haqda gapirishni istamagan Nazarov, bolalar ortiqcha e’tibor va muhokamalar sabab stressga tushib qolishidan qo‘rqishini aytdi.
Qayd etishicha, u bola asrab olishni ancha avval reja qilgan va buning uchun 10 yil navbat kutgan.
Shavkat Mirziyoyev “Arqadag‘”ning o‘g‘lini qabul qildi
Bugun, 17 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Toshkent shahrida bo‘lib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedovni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida davlat rahbari O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari keyingi yillarda izchil rivojlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.
“Akfa”, “Artel” va “UzAirways”... “Tanka”si borlarga berilgan imtiyozlar yuki kimning bo‘ynida?
2021 yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha bir qator kompaniyalarga soliq imtiyozlari berilgan. Ular tom ma’noda eng boy va eng daromadli korxonalar hisoblanadi. Soliq imtiyozi berilgan yirik kompaniyalar orasida biz “Artel” korxonalari tarmog‘i, “Akfa”, “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va boshqa nomdor kompaniyalarni ham ko‘rishimiz mumkin. Xo‘sh, ular to‘lamaydigan trillionlab soliqlar kimlarningdir yelkasiga tushib qolmayaptimi? Ikkinchidan, ularga nima uchun soliq imtiyozi berilgan? Uchinchidan, soliq imtiyozi berilgan kompaniyalarning balansida umumiy qancha mol-mulk bor? Qalampir.uz jurnalisti Yulduz Abdurashidova shu va boshqa savollarga javob topish uchun Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevga yuzlandi.
“Oxirgi savolga javob bermayman: balansida qancha mol-mulk borligi soliq siri bo‘ladi. Buni bilmayman ham, bilganimda ham javob bermasdim.
Kimning yelkasiga tushyapti, deganda savol noto‘g‘ri qo‘yilyapti. Hech kimning yelkasiga tushgani yo‘q. Davlat fiskal va moliya siyosati doirasida qaysidir sohalarni rivojlantirish uchun soliq imtiyozlarini beradi. Agar biz o‘sha soliq imtiyozlarini yashirib, e’lon qilmaganimizda, Soliq qo‘mitasiga aybdor sifatida qarashingiz mumkin edi. Biz hammasini ochiqchasiga e’lon qilyapmiz. Agar haqiqatan ham Artek korxonalar tarmog‘iga ham soliq imtiyozi berilgan bo‘lsa, demak buni ko‘rishimiz kerak. Yulduzxon, eng asosiy prinsip shundaki, bular e’lon qilinyapti, berkitilmayapti, sir saqlanmayapti”, dedi Sherzod Qudbiyev.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi so‘zida davom etar ekan, Moliya vazirligining barcha tuzilmalaridagi xodimlar jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan ozod qilingani haqidagi xabarlarni ham inkor qildi. Shuningdek, huquq-tartibot idoralari ham daromad solig‘i to‘layotganini ta’kidladi.
“Birinchidan, kimga soliq imtiyozi berilgan bo‘lsa, hammasini e’lon qilib boryapmiz.
Ikkinchidan, Moliya vazirligining barcha tuzilmalaridagi xodimlar jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan ozod qilingani qayd etilgan, unday emas. Soliq kodeksida belgilanganidek, oxirgi ikki yildan beri, hatto, huquq-tartibot idoralari ham daromad solig‘i to‘layapti, kim qancha daromad solig‘i to‘lagani haqida aniq raqamlar bor.
Uchinchidan, yakuniy bo‘lmagan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yilda 1 trln 190 mlrd so‘mlik tovar aylanmasi qayd etilgan, shundan 17 foizi nol darajadagi, 13 foizi esa imtiyozli tovar aylanmalaridir. Umumiy, soliqqa tortiladigan aylanma 833 trln so‘mni tashkil qilgan, shundan 125 trln QQS hisoblangan, 105 trln “zachet”ga hisoblangan. Soliq imtiyozlari ham bir muammo bo‘lishi mumkin, ammo biz uchun eng asosiy muammo – adolatli hisobot berilishini ta’minlashdir”, dedi u.
Qo‘mita rahbari mol-mulk solig‘idan hech kim ozod bo‘lmasligini ham qo‘shimcha qildi.
“Keyingi masala, mol-mulk solig‘idan ozod qilinganlar haqida. Aniq ayta olamanki, O‘zbekistonda hech kim mol-mulk va yer solig‘idan ozod bo‘lib qolmaydi. Ozod bo‘lganlar ham, belgilanganidek, 1 foizlik to‘lovlar to‘laydi”, – dedi Sherzod Qudbiyev.
Olam
Peskov Rossiya qo‘shinlarini nega Ukraina chegarasiga joylashtirganini aytdi
Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegaralari yaqinida, ammo keskin vaziyat va NATO harakatlari tufayli Rossiya hududida qolmoqda. Bu haqda kecha, 16 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Rossiya Federatsiyasi hududida, Ukraina chegarasiga yaqin joyda Rossiya qo‘shinlari bor. Biz o‘ta keskin vaziyat tufayli qo‘shinlarni u yerda saqlashni zarur deb hisoblaymiz”, degan Peskov.
Nazarboyevning yana bir kuyovi “yog‘li” lavozimidan ketdi
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning o‘rtancha qizi Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etishini e’lon qildi.
“Bugundan boshlab “Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasi Prezidiumining saylangan raisi lavozimini tark etishga qaror qildim”, deyiladi Kulibayevning bayonotida.
Kulibayev o‘z bayonotida hamkasblariga birgalikdagi faoliyati uchun minnatdorlik bildirib, natijalarni sarhisob qilgan. Biroq iste’foga chiqish sababini tushuntirmagan.
“Alohida algoritm ishlab chiqilgandi”. Qozoq muxolifatchisi talato‘plarni kim boshqarganini aytdi
Qozog‘iston hukumatiga muxolif bo‘lgan qochqindagi bankir Muxtor Ablyazov mamlakatidagi tartibsizliklar vaqtida odamlarni ma’muriy binolarni egallashga chaqirgan. Bu haqda u RIA Novostiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Ayni vaqtda Fransiyada yashovchi Ablyazovning ta’kidlashicha, Qozog‘istondagi tartibsizliklarni Kiyevda joylashgan shtab muvofiqlashtirib turgan.
Muxolifatchi ma’muriy binolarni egallash deganda ularni yoqib, vayron qilishni emas, balki o‘sha yerga joylashishni nazarda tutganini qo‘shimcha qilgan.
Nazarboyev Qozog‘istondan “quyon bo‘lgani” aytildi
Yanvar oyidagi tartibsizliklar vaqtida ko‘rinish bermagan Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev joriy yilning 2-3 yanvar kunlari Olma-ota chetidagi o‘zi tug‘ilib o‘sgan Shamalg‘an qishlog‘iga borgan. So‘ng Qirg‘iziston orqali Birlashgan Arab Amirliklariga uchib ketgan. Bu haqda uning qishloqdoshlari aytib berdi.
Hozirda qishloqda Nazarboyevning qarindoshlari yashaydi. Uning kelganini odamlar mashina eskort bilan kelganidan bilib qolgan. Sobiq Prezident qabristonni ziyorat qilmoqchi bo‘lgan, biroq u yerga yetib bormagan, degan qabrlarga qaraydigan qishloq aholisidan biri “Moskovskiy komsomolets”ga bergan intervyusida.
Moskva endi toqat qila olmaydi. Rossiya va NATO munosabatlari “qizil chiziqqa” yetdi
Rossiya NATOning Ukrainaga bosqichma-bosqich bostirib kirishiga guvoh bo‘lmoqda va u endi bunga chiday olmaydi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov CNN telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.
“Biz NATOning Ukraina hududiga o‘z infratuzilmasi, instruktorlari, mudofaa va hujum qurollari zaxiralari, Ukraina harbiylarini tayyorlash va shunga o‘xshash narsalar bilan bosqichma-bosqich bostirib kirishiga guvoh bo‘layapmiz”, degan Rossiya yetakchisining Matbuot kotibi Moskvaning hozirgi Ukraina atrofidagi vaziyat haqidagi tasavvurini sharhlar ekan.
Rasman! To‘qayev kuyovlar ortidan Nazarboyevning jiyanini ham “uchirdi”
Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning jiyani, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abish bugun, 17 yanvar kuni egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezident saytida davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev MXQ raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abishni lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida rasmiy axborot e’lon qilindi.
Qozog‘istonda namoyishlar avjiga chiqqanida “Orda.Kz” nashri Samat Abish yo‘q bo‘lib qolgani, u lavozimidan ozod qilinib, hibslangani haqida xabar tarqatgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, MXQ Samat Abish hibslangani haqidagi bayonotlarni rad etib, u faoliyatini davom ettirayotganini bildirgandi.
Poroshenko Zelenskiyni munosib jazolashga va’da berdi
Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko amaldagi Prezident Vladimir Zelenskiyning qudratiga qarshi chiqqanlarni birlashishga chaqirdi. Bu haqda u Kiyev ayeroporti oldida o‘z tarafdorlari qarshisidagi chiqishida so‘z ochgan.
"Biz Poroshenkoni himoya qilish uchun emas, biz birlashish va Ukrainani himoya qilish uchun keldik", dedi sobiq prezident.
NATO Putinning qosh-qovog‘iga qaramay, Ukraina bilan shartnoma imzoladi
NATO va Ukraina texnologik loyihalar ustida hamkorlikni davom ettirish uchun yangi shartnoma imzoladi. Bu haqda Shimoliy Atlantika alyansi bayonotida aytiladi.
Tomonlar texnologiyaga oid loyihalar bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirish bo‘yicha yangilangan Memorandumni imzolagan.
Hamkorlik “Bilim almashish tashabbusi”ni ham o‘z ichiga oladi, unda NATO aloqa va axborot agentligining (NCI Agency) soha bo‘yicha mutaxassislari alyansning qo‘mondonlik, boshqaruv, aloqa va kompyuter imkoniyatlarini rivojlantirish amaliyoti haqidagi bilimlari bilan o‘rtoqlashadilar.
NCI Agency bosh direktori Lyudvig Dekampsning aytishicha, ushbu kelishuvga muvofiq alyans Ukraina bilan o‘z axborot texnologiyalari va aloqa xizmatlarini modernizatsiya qilishda mamlakatni qo‘llab-quvvatlash uchun hamkorlikni chuqurlashtiradi.
Rossiya AQSHning “biqin”iga qo‘shin joylashtiradimi? Peskov javob berdi
Kreml Rossiya xavfsizligini ta’minlash uchun turli ssenariylarni ko‘rib chiqmoqda, biroq Estoniyaning NATO qo‘shinlarini joylashtirish haqidagi so‘rovi mamlakat xavotirlari o‘rinsiz emasligini tasdiqlaydi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Albatta, hozirgi vaziyat sharoitida Rossiya o‘z xavfsizligini qanday ta’minlash haqida o‘ylayapti, turli ssenariylarni ham ko‘rib chiqyapmiz”, degan davlat rahbarining vakili jurnalistlarning Lotin Amerikasi mamlakatlarida Rossiyaning harbiy infratuzilmasini joylashtirish imkoniyati haqidagi savoliga javob berar ekan.
Sport
Marselo “Real”da tarixiy rekordni yangiladi
Avvalroq, Madridning “Real” klubi Ispaniya Superkubogi finalida Bilbaoning “Atletik” klubini mag‘lub etgani haqida xabar bergan edik.
Ma’lum bo‘lishicha, “qaymoqranglilar” himoyachisi Marselo uchun Superkubok Madrid klubida qo‘lga kiritilgan 23-sovrin bo‘ldi. Braziliyalik futbolchi 23 ta kubokga ega yarim himoyachi Fransisko Gentoning rekordini takrorlab, klub tarixida eng ko‘p musobaqada g‘olib chiqqan futbolchiga aylandi. Ulardan keyingi pog‘onada Serxio Ramos (22) va Manolo Sanchis (21) bormoqda.
Mbappe golini VACTERL’ga chalingan qizaloqqa bag‘ishladi
PSJ hujumchisi Kilian Mbappe Fransiya chempionatining 21-turi doirasidagi “«Brest”ga qarshi o‘yinda (2:0) urgan golini ijtimoiy tarmoqlarda haqoratlangan yosh muxlisga bag‘ishladi. Bu haqda “RMC Sport” nashri xabar berdi.
Avvalroq, VACTERL sindromi tashxisi qo‘yilgan 8 yoshli Kamilla videomurojaatini e’lon qilib, Mbappeni Yangi yil bilan tabriklagan va undan PSJni tark etmaslikni so‘ragan edi. Keyinchalik uning ijtimoiy tarmoqlardagi posti ostida ko‘plab haqoratli sharhlar paydo bo‘lgandi.
“Paxtakor” “o‘lim guruhi”dami? OCHL va OFK kubogiga qur’a tashlandi
Bugun futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar ligasi va OFK Kubogiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unga ko‘ra, musobaqaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olgan “Paxtakor” “D” guruhidan joy oldi. “Sherlar” Qatarning “Al Duxail”, Eronning “Sepaxon” va “Al Tavun” (Saudiya) – “Al Jaish” (Suriya) o‘yini g‘olibiga qarshi bahs olib boradi.
O‘zbekiston kubogi sohibi “Nasaf” esa pley-off bosqichida BAAning “Baniyas” klubi ustidan g‘alaba qozonsa, “Ye” guruhidan o‘rin egallaydi. Bunday holatda “So‘g‘diyona” OFK Kubogi “Ye” guruhiga yo‘llanma oladi.
Habib O‘zbekistonda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi
UFC sobiq chempioni Habib Nurmuhamedov 2023 yilga qadar O‘zbekistonda restoran ochishi mumkin.
Gap shundaki, rossiyalik aralash yakkakurash jangchisiga aloqador “M-eat group Franchising” kompaniyasi “M-eat by Khabib” tez ovqatlanish restoranlari tarmog‘ini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Vedomosti” nashri xabar bergan.
Ta’kidlanganidek, “Moscow City” biznes markazidagi “City of capitals” minorasida tarmoqning birinchi korxonasi allaqachon ochilgan. May oyining oxiriga qadar kompaniya Moskvada yana 14 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Muassasalarning manzillari hali e’lon qilinmagan, bir muassasani ochish narxi esa 35-40 ming AQSH dollarini tashkil qiladi.
LiveBarchasi