Qozog‘istondagi to‘polonlar vaqtida Xitoy nega jim turdi?
Olam
−
20 yanvar 2022
10546Xitoy hukumati notinchlik davrda Qozog‘istonga harbiy yordam yuborishga tayyor edi, ammo buning uchun qonuniy asos yo‘q edi. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi kecha, 19 yanvar kuni Bryusselning "Euractiv" internet portalida chop etilgan bir guruh Yevropa ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Dastlabki kunlardanoq Xitoy hukumati biz bilan Prezidentlar darajasida aloqada bo‘ldi, men esa Tashqi ishlar vaziri Van I bilan aloqada bo‘ldim. Ular barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor edi. Ko‘pgina hamkorlarimiz har qanday yordam, yordam berishga tayyor edi, jumladan, harbiy yordam. Lekin bizda KXSHTdan boshqa davlat yoki tashkilotlardan xorijiy qo‘shinlarni qabul qilish uchun qonuniy asosimiz yo‘q edi”, degan u Qozog‘iston Xitoydan harbiy yordam so‘raganmi degan savolga javob berarkan.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 6 yanvar kuni Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston harbiylaridan iborat KXSHT tinchlikparvar kontingenti Qozog‘istonga kirdi. Xorijiy harbiylarga muhim ahamiyatga ega ob’ektlarni qo‘riqlash vazifasi topshirildi. KXSHT kontingenti kecha Qozog‘istonni tark etishni boshladi.
Hozirgacha Belarus, Armaniston va Rossiya harbiylari ortga qaytgani haqida xabar berildi.
LiveBarchasi