Qodirov Nukus voqealarini AQSH, Qozog‘iston, Shri-Lanka va Myanmadagi talato‘plarga qiyosladi
Jamiyat
−
17 avgust 2022
10663O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov joriy yilning iyul oyi boshida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarga oid tergov ishlari nega cho‘zilayotganiga izoh berdi. U Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha surishtiruvlarni AQSH, Qozog‘iston, Shri-Lanka va Myanmadagi talato‘plarga oid ishlarga qiyosladi. Jumladan u o‘zining Telegram-kanalida shunday yozadi:
“Qoraqalpog‘istonda hech qanday repressiya va bosim yo‘q. Tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
O‘xshash mavzularda surishtiruvlar AQSH, Qozog‘iston, Shri-Lanka, Myanma kabi davlatlarda ham uzoq vaqt olib borilgan va ayrimlarida davom etmoqda, bu juda tabiiy va to‘g‘ri”.
Siyosatchining qayd etishicha, Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarda ishtirok etgan minglab fuqarolar aybsiz bo‘lgani uchun emas, yaxshi niyat namoyishi sifatida qo‘yib yuborilgan.
“Qonunni buzgan inson yer yuzini istalgan burchagida tergov qilinadi, aybi bo‘lsa jazolanadi. Aybi yo‘qlar qo‘yib yuboriladi. Qoraqalpog‘istonda mingdan ortiq inson aybsiz bo‘lgani uchun emas, yaxshi niyat namoyishi sifatida qo‘yib yuborilgan. Qolgan qism bilan tergov yakunlanmadi”, deydi Qodirov.
Parlament quyi palatasi spikeri o‘rinbosari fuqarolardan provokatsiya qilmaslik, surishtiruvga xalaqit bermaslikni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
Bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi