Global isish davri tugab, global qaynash davri boshlandi – BMT

Bu qiziq

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari Antoniu Guterrish dunyoda global isish davri tugab, global qaynash davri boshlanganini aytdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

“Iqlim o‘zgarishi shu yerda. Bu dahshatli. Va bu hali boshlanishi. Hali ham global haroratning 1,5 darajaga [sanoatgacha bo‘lgan darajadan yuqori] cheklash va iqlim o‘zgarishining eng yomon oqibatlaridan qochish mumkin. Ammo faqat keskin, zudlik bilan amalga oshiriladigan iqlimiy harakatlar orqali”, deydi Guterrish.

BMT rahbarining mazkur ogohlantirishi olimlar so‘nggi uch haftada ob-havo harorati bo‘yicha rekordlar yangilanayotgani hamda iyul oyi tarixdagi eng issig‘i bo‘lishi mumkinligini prognoz qilganidan so‘ng chiqqan.

Butunjahon meteorologiya tashkiloti (WMO) va Yevropa Ittifoqining Kopernik Yerni kuzatish dasturiga ko‘ra, qazib olinadigan yoqilg‘ilarning yonishi va shiddatli ob-havo sabab bu oydagi global harorat rekodlarni yangilagan.

Quyosh nurlarini ushlab qoluvchi va Yer atrofida issiqxonadagi kabi holatni yuzaga keltiruvchi ifloslanish tufayli global haroratning doimiy ko‘tarilishi ob-havoning yomonlashuviga olib kelmoqda.

“Insoniyat qaynoq o‘rindiqda. Shimoliy Amerika, Osiyo, Afrika va Yevropaning katta qismlari uchun bu shafqatsiz yoz. Butun sayyora uchun bu falokat. Olimlar uchun ham. Bularning barchasiga odamlar aybdor. Hammasi prognozlar va doimiy ogohlantirishlarga to‘la mos kelmoqda. Ajablanadigan yagona narsa bu – o‘zgarishning shiddati”, deydi BMT Bosh kotibi.

Guterrish siyosatchilarni tezkor choralar ko‘rishga chaqirgan.

“Havo nafas olib bo‘lmaydigan darajada, issiqlik chidab bo‘lmas, qazilma yoqilg‘i daromadlari darajasi va iqlimning harakatsizligi qabul qilinishi mumkin emas. Rahbarlar o‘z vazifalarini bajarishi kerak. Endi ikkilanish ham, bahonalar ham, boshqalarning avval harakat qilishini kutish ham o‘tmaydi. Bunga vaqt yo‘q”, deya qat’iy ta’kidlaydi u.

Iqlimshunoslarning ta’kidlashicha, hozirda global havo harorati sanoatgacha bo‘lgan davrdan qariyb 1,5 darajaga issiq va iyul oyi hali tugamagan bo‘lsa ham u tarixdagi eng issig‘i bo‘lishi prognoz qilinyapti.

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda dunyo bo‘yicha bir paytning o‘zida AQSH, Turkiya, Gretsiya, Italiya, Jazoir kabi mamlakatlarda o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lmoqda. Italiyada havoning isishi ortidan janubiy orollarda o‘rmon yong‘inlari, shimolda esa dovullar oqibatida favqulodda holat e’lon qilinishi rejalashtirilmoqda. Jazoirda esa o‘rmon yong‘inlari oqibatida 30 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Turkiyaning bir nechta viloyatlari ham o‘rmon yong‘inlari ichida qolgan bo‘lsa, Kanadada o‘rmon yong‘inlari oqibatida 9 million gektar hudud kulga aylandi. Olimlar iyul oyining birinchi o‘n kunligida rekord darajadagi issiq haftani qayd etdi. Shuningdek, O‘rta yer dengizi suvlarining harorati ham rekord darajada isidi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2023 yilda butun dunyo bo‘ylab ekstremal ob-havo hodisalari avvalgiga nisbatan ko‘proq sodir bo‘lishidan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Global isish global qaynash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made