Italiyada favqulodda holat e’lon qilinishi mumkin

Olam

image

Italiya hukumati mamlakatning to‘rtta viloyati – kuchli dovullar yopirilgan shimoliy Lombardiya, Veneto, Friuli-Venetsiya-Juliya va o‘rmon yong‘inlari davom etayotgan Sitsiliyada favqulodda holat rejimini e’lon qilish haqida o‘ylamoqda. Bu haqda mahalliy “Corriere della sera” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, tabiiy ofatlar oqibatida yetkazilgan zarar miqdori hali hisoblab chiqilmagan. Ammo birgina Milan va uning atrofidagi hududlarda dovul oqibatidagi zarar miqdori 40 million yevrodan ortiqqa baholanyapti. Friuli-Venetsiya-Juliyada esa yaqinda yoqqan do‘l hosilning 70 foizini yo‘q qilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mahalliy qishloq xo‘jaligiga yetkazilgan zarar 150 million yevroga yetadi. Sitsiliyada o‘rmon yong‘inlari oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgan, o‘nlab gektar yer yonib ketgan.

Ma’lumot uchun, Italiyaning markaziy va janubiy hududlarida ikki haftadan buyon o‘ta yuqori harorat kuzatilmoqda. Mamlakatning janubiy orollarida, xususan, Sitsiliyada havo harorati Selsiy bo‘yicha 46 darajagacha ko‘tarilmoqda. Bu ko‘plab o‘rmon yong‘inlariga olib keldi. Shu bilan birga, shimoliy hududlarda issiq havoning sovuq havo bilan to‘qnashuvi kuchli momaqaldiroqlarni keltirib chiqardi, chaqmoq chaqishi, kuchli do‘l va 100 kilometr/soatgacha bo‘lgan kuchli shamollar kuzatildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur tabiiy hodisalar iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq va endilikda ahvol faqat yomonlashib boradi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda bir vaqtning o‘zida Turkiya, Jazoir va Gretsiyada ham o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Shuningdek, kecha, 25 iyul kuni Gretsiyada o‘rmon yong‘inlarini o‘chirayotgan samolyot qulab tushgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Italiya favqulodda holat dovul o'rmon yong'inlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing