Jurnalistni yomonotliq qilishdan kim manfaatdorligini o‘ylab ko‘ring – Allamjonov
Jamiyat
−
08 avgust 2021
9387Xabaringiz bor, kecha, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqrlarda QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova haqida bo‘hton va tuhmatdan iborat video tarqatildi. Ushbu video avval Najmiddinovaning suratlari joylashtirilib, so‘ng Olmazor city hududidagi uylarning biri bolkonida sodir bo‘lgan erkak va ayol o‘rtasidagi ishqiy munosabat tasvirlari bilan montaj qilingan. Unda ushbu video qahramoni bo‘lgan ayol go‘yo QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekani aytiladi.
Jurnalistga nisbatan uyushtirilgan tuhmat bo‘yicha Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Komil Allamjonov munosabat bildirdi.
“Jurnalistlarga bosim o‘tkazishning eng jirkanch usullaridan biri internet tarmog‘ida uyushtirilgan tazyiq bo‘lib qolmoqda. Odatda bunday usuldan nojoiz yoki noqonuniy ishlari jurnalistik surishtiruvga tushganlar foydalanadi.
Buning yo‘li oddiy: yolg‘on qanchalik dahshatli bo‘lsa, unga ishonish shunchalik oson. Tarmoqqa qing‘ir feyk joylanib, yolg‘onning to‘laqonli targ‘iboti boshlanadi. Maqsad – jurnalistlarni qo‘rqitib, ularni xizmat vazifalarini bajarishdan bosh tortishga majbur qilish.
QALAMPIR.UZ internet-OAV bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova ham shu muammoga duch keldi.
Anonim akkauntlardan past sifatdagi iflos video tarqatildi. Undagi ayol Feruza Najmiddinova deya da’vo qilinmoqda.
Tarmoqlarda bu yolg‘on ilib ketilib, tarqatib yuborildi, natijada jurnalistga ma’naviy ziyon yetkazildi. Shu munosabat bilan yana bir bor barcha OAV vakillariga murojaat qilmoqchiman: “Birovlarning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib, manipulyatsiya ob’ektiga aylanmang, ma’lumotni tekshiring”. Aksariyat hollarda jurnalist nomini obro‘sizlantirishning asosiy sababi oddiy – qasos bo‘ladi. Jurnalistni yomonotliq qilishdan kim manfaatdorligini o‘ylab ko‘ring”, deb yozadi Allamjonov.
Fond raisiga ko‘ra, butun dunyoda jurnalistlarning ovozini o‘chirish, ularning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lish uchun bunday iflos usullardan foydalaniladi, hamma joyda OAVga qarshi fitna va ig‘volar bo‘ladi va O‘zbekiston ham bundan mustasno emas.
Allamjonov so‘zida davom etarkan, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bunday holatlarga jim qarab turmasligini urg‘ulagan:
“Hamkasblar, agar sizning ovozingizni o‘chirishga, nomingizni chaplashga yoki tuhmatga qoldirishga urinishayotgan bo‘lsa, demak, Siz to‘g‘ri yo‘ldasiz, kimgadir qattiq tegib ketgan haqiqatni yozyapsiz.
Mass-media fondi bunday holatlarga jim qarab turmaydi – biz har bir professionalning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilamiz.
Pastkash insonlar doim bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Ammo biz ulardan cho‘chimasligimiz kerak.
Feruza, biz Siz tomondamiz!”
Najmiddinovaning sha’nini toptash, obro‘sizlantirish maqsadida tayyorlangan ushbu video tez orada ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirib yuborilishiga erishildi. Kecha holat bo‘yicha aybdorlarni topish va jazolash yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qilindi. IIV, "Yuksalish" umummilliy harakati, Senat, AOKA va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi mazkur ishni o‘z nazoratiga oldi.
LiveBarchasi