Komil Allamjonov va Sherzod Asadov “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining shartnoma asosida jalb qilinadigan maslahatchisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Ismoilovich Allamjonov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i – Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda bugun, 22 avgust kuni Prezident tegishli farmonni imzoladi.

Farmonga ko‘ra, ular Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, uning iqtisodiy taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori va nufuzini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissasi, ilg‘or innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, hududlar infratuzilmasini jadal rivojlantirish borasidagi ulkan xizmatlari, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni saqlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun mukofotlangan.

Ma’lumot uchun, Komil Allamjonov mamlakat siyosiy doirasidagi eng yosh amaldorlardan biri edi. U 1984 yilning 18 sentyabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. Ilk faoliyatini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi – “Yoshlar” teleradiokanalining “Davr” informatsion ko‘rsatuvida boshlagan.

Uning nazarga tushishi 2005-2013 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati rahbari lavozimida ishlagan davri bilan bog‘liq. Allamjonov 2017 yilning 1 dekabridan 2018 yilning 3 oktyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritgan.

2018 yilning 29 noyabr kuni u Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. 2020 yilning yanvar oyida ushbu lavozimni tark etdi va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi bo‘ldi. 2022 yil iyulda esa Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 2023 yil avgust oyida esa u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimiga tayinlangandi.

2024 yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan Komil Ismoilovich Allamjonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etilgandi. U faoliyatini xususiy sektorda davom ettirishini ma’lum qilgandi.

O‘tgan yilning iyunida Komil Allamjonov Prezident Administratsiyasi rahbarining jamoatchilik asosida mustaqil maslahatchisi bo‘ldi. O‘sha yilning noyabrida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning farmoyishi bilan u maslahatchi-vakil – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimiga tayinlandi. 

Ma’lumot uchun, Sherzod Asadov 1981 yil 4 mayda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Rus, ingliz, ispan va turk tillarini biladi.

2007–2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi TIV tashqi siyosiy faoliyat tahlili va strategiyasi bosh boshqarmasida referent va attashe bo‘lib ishlagan. 2008–2012 yillarda O‘zbekistonning Singapurdagi elchixonasida dastlab attashe, keyin esa uchinchi kotib lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. Uzoq muddatli xizmat safaridan so‘ng ish faoliyatini Tashqi ishlar vazirligi tizimida davom ettirgan. 2012 yildan 2015 yilgacha MDH va SHHT mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasida ikkinchi kotib, birinchi kotib va bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. MDH va SHHT bilan hamkorlik boshqarmasidagi faoliyati davrida transchegaraviy hamkorlik masalalari bilan shug‘ullangan. 2015-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan va bir vaqtda vazirlik kotibiyatini boshqargan. U O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi maslahatchisi va elchisi ham bo‘lib ishlagan.

2020 yil 19 martda Sherzod Asadov Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan hamda ushbu lavozimda O‘zbekistonning BMT, YXHT va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik masalalariga mas’ul bo‘lgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 24 martda uni Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – Prezident matbuot kotibi etib tayinlagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing