Jurnalist advokat yoki deputatlardan kam ish qilyaptimi? Nega ularda daxlsizlik yo‘q? – Qamariddin Shayxov
Jamiyat
−
10 iyul 2021
4256Jurnalistning daxlsizligi ta’minlanmas ekan, uni korrupsiya bilan ayblash yoki boshqa turdagi tuhmat qilish yengil bo‘lgan jinoiy javobgarliklarga tortish juda ham oson. Jurnalist o‘zining xavfsizligini sezmagunicha, ichki senzura bilan yashashda davom etadi, dolzarb muammolarni olib chiqa olmaydi, oqibatda so‘z va matbuot erkinligi xayolligicha qolaveradi. Bu haqda QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov kecha, 9 iyul kuni “Yuksalish” umummilliy harakatida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi birinchi yig‘ilishida so‘z ochdi.
Jurnalistlar daxlsizligi masalasida so‘z yuritarkan ekan, QALAMPIR.UZ rahbari, qonunda jurnalist boshqalar kabi shaxsiy daxlsizlik huquqiday foydalanish imkoni borligi, ammo bu bugungi OAV oldiga qo‘yilgan vazifalar uchun kamligini urg‘uladi.
“Bugun juda dolzarb masalalar haqida gaplashyapmiz. Bular haqida gapirish va yozish uchun jurnalistning otning kasallasidek yuragi bo‘lishi kerak. Aytaylik, korrupsiya masala uncha-buncha amaldorlarni cho‘chitadi. Bugun bunday masalalarni ko‘tarayotgan jurnalistlarning daxlsizligi bormi? Qonunga ko‘ra, jurnalist boshqa fuqarolar kabi shaxsiy daxlsizlik huquqlaridan foydalanishga haqli. Tamom! Biz, jurnalistlar advokatlardan kam ish qilyapmizmi? Yoki deputatlardan kam foyda keltiryapmizmi? Holbuki, jurnalistni bugun tuhmat bilan jinoiy javobgarlikka tortish oson bo‘lgan davrda yashayapmiz. Va jurnalistlar qachon qaysi tashkilotlarga chaqirilayotganini ham juda yaxshi bilamiz”, deydi Qamariddin Shayxov.
QALAMPIR.UZ rahbari jurnalistlarga daxlsizlik huquqini berish va olish shunchaki qaysi idoralar qoshidagi tashkilotlar tomonidan emas, balki Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisi qarori bilan amalga oshirilishi kerakligini ilgari surdi.
“Agar bugun jurnalistlar daxlsizligi muhim masala sifatida ko‘rib chiqilmas ekan, jurnalistlarga daxlsizlik berish masalasi hal qilinmas, berilganda ham buni faqat Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi orqali amalga oshirilishini hal etmas ekanmiz, natija bo‘lmaydi. Va jurnalistlar ichki senzorini kuchaytirib yashashda davom etadi. Daxlsizlik masalasi hal etilmaguncha, ochiqlik va oshkoralikda yangi bosqichga ko‘tarila olmaymiz, so‘z va matbuot erkinligi ham xayollarda qolaveradi”, deydi Shayxov.
LiveBarchasi