“Tolibon” Afg‘onistonda davlat qursa, bu O‘zbekistonga tahdidmi? Xalqaro siyosatchi bilan suhbat
Intervyu
−
16 iyul 2021
23791Ayni kunlarda Afg‘onistondan AQSH va NATO kuchlarining muvaffaqiyatsiz harbiy harakatlarni tugatib, mamlakatdan chiqib ketishi ortidan “Tolibon” harakati yana faollashmoqda. Xo‘sh, Afg‘onistonning keyingi taqdiri nima bo‘ladi? Hukumat va harakat murosaga keladimi? Bunda tashqi kuchlar tomoshabin bo‘lib qolaveradimi? O‘zbekiston qanday yo‘l tutadi? Turkiya-chi? Ma’lumki, 15-16 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkizildi. Ushbu konferensiyada ishtirok etgan Turkiya tashqi siyosat instituti direktori, akademik, professor, siyosiy fanlar doktori Husayin Bag‘chi QALAMPIR.UZ studiyasiga tashrif buyurib, Afg‘onistondagi vaziyat va “Tolibon”ning faollashuvi haqida tahlillarini bayon etdi.
Ushbu geosiyosiy jihatdan muhim suhbatni yuqoridagi videyeopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Qamariddin Shayxov, jurnalist: — Suhbat avvalida O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiyaning ahamiyati xususida suhbatlashsak...
Husayin Bag‘chi, akademik, professor, siyosiy faylar doktori, Turkiya tashqi siyosat instituti direktori: — Mazkur konferensiyaning O‘zbekistonda o‘tkazilishining ayni vaqti. Mavzu Afg‘oniston va Janubiy Osiyo bo‘lgani va O‘rta Osiyo mamlakatlari orasida alohida nufuzga ega bo‘lgan O‘zbekiston, Afg‘onistonning qo‘shnisi sifatida kelajakdagi voqeliklarning qanday rivojlanishi borasida mazkur konferensiyani o‘tkazishi alohida e’tiborga ega. Men O‘zbekiston Respublikasini yaqin kelajakdagi davr ichida mintaqada va jahon hamjamiyatida muammolarni hal qilish borasida muhim rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan mamlakat, deb hisoblayman. Siyosiy, iqtisodiy, geostrategik va geosiyosiy jabhalarda O‘zbekiston Respublikasining juda katta roli mavjud. Bu faktorlar, albatta, xalqaro siyosiy munosabatlar bilan bog‘lanishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyevning mavzu bilan bog‘liq tashabbuslari, albatta, boshqa mamlakatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanganiga guvoh bo‘ldim.
Mavzuning naqadar dolzarbligi hech birimizga sir emas. Qo‘shni mamlakat Afg‘onistonning buguni va kelajagi. Zero Afg‘oniston doim barchamizning diqqat markazimizda bo‘lib kelgan. Afg‘oniston masalasida har bir muammoni diplomatik yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanimni alohida bildirishni istardim. O‘tkazilayotgan 6+1 – O‘rta Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston uchrashuvlari yangicha yondashuv va ahamiyat qozonadi. Oxirgi vaqtlarda yanada kuchlanib, mamlakatning katta hududini o‘z nazoratiga olgan “Tolibon” harakatining Afg‘oniston Respublikasi boshqaruvi va hukumatini qo‘lga olishi yoki olmasligini bilmaymiz. Ammo hurmatli Ashraf G‘anining yaqinda Germaniyaning “Der Spiegel” ro‘znomasiga bergan intervyusi bilan tanishib chiqadigan bo‘lsak, Afg‘oniston Respublikasidagi oxirgi vaqtlarda sodir bo‘lgan voqealarning va shuningdek, mamlakat ichkarisidagi o‘zgarishlarning nafaqat mamlakat uchun, balki butun mintaqa uchun naqadar muhimligini his qilamiz. Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston eng to‘g‘ri vaqtda eng to‘g‘ri konferensiyani o‘tkazayotganiga aminmiz.
Q.Sh.: — Bu konferensiyaning natijalari O‘zbekistondan tashqari butun dunyo mamlakatlariga nima bera oladi? Aytaylik, bugun Turkiya ham Afg‘onistondagi vaziyatni tahdidli holat sifatida baholab kelmoqda.
H.B.: — Buni hozirdan aytish qiyin. Ertaga konferensiyadagi nutqlarni tinglab, so‘ng biror xulosaga kelishimiz mumkin. Bu fikrlarimiz esa konferensiya oldidan taxminlar bo‘ladi, xolos. Birinchidan, Turkiya Afg‘onistonda NATO bilan birga harakat qilayotgan edi. Shuning uchun NATO va AQSH Qurolli Kuchlarining Afg‘onistondan chiqishi ortidan, albatta, Turkiya ham Afg‘onistondan chiqishga majbur bo‘ladi.
Q.Sh.: — Turkiya chiqadimi?
H.B.: — Bundan qochib bo‘lmaydi. “Tolibon” vakilining eng oxirgi intervyusida barcha xorijiy kuchlarning Afg‘onistondan chiqishi kerakligi aytildi. Shuni ham unutmaslik kerak, Qobul aeroporti turklar tomonidan qo‘riqlanmoqda va foydalanilmoqda. Aeroportda 500 ga yaqin turk askari bor. Bular albatta, “Tolibon” harakati vakillari bilan muzokaralar davomida gaplashib, kelishiladigan masalalar. Bugungacha bo‘lgan uchrashuvlarda bu masalalar bilan bog‘liq hech qanday natijaga erishilmadi. O‘ylashimcha, “Tolibon”ning xohishi shuki, boshqalar qatori Turkiya ham Afg‘onistondan butunlay chiqsin, keyin bu masalalarda o‘zaro shartnoma qilinishi mumkin.
Turkiya bu masalada ham AQSH va NATO a’zolari bilan allaqachon bir kelishuvga erishdi. NATO yig‘ilishida hurmatli Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Qobul aeroportini Turkiya ishlatishi va qo‘riqlashi borasidagi taklifi qabul qilindi.
Bu, albatta, siyosiy bir yondashuv yoki Turkiya va Afg‘oniston orasidagi shaxsiy munosabatlar natijasi bo‘lishi mumkin. Chunki Turkiya, Afg‘oniston va Pokiston ikki hamda uch tomonlama muloqotlar olib borib kelmoqda. Bundan tashqari, Turkiya Dohada o‘tkazilgan uchrashuvlarda AQSH va Afg‘oniston orasida xolis yarashtiruvchi rolini o‘ynagan mamlakat edi.
Mazkur konferensiyaning natijalari qanday bo‘ladi, degan savolga esa javobni quyidagicha berish mumkin: ertaga o‘rtaga tashlanadigan fikrlar, Afg‘oniston masalasining qanday idrok etilganini ko‘rsatadi. Afg‘onistondagi vaziyat, siyosiy rejim o‘zgarishi bo‘ladimi yo yo‘q, Hukumat o‘zgaradimi, “Tolibon” harakati va amaldagi hukumat rahbari hurmatli Ashraf G‘ani orasida munosabatlar o‘rnatiladimi..? Bu kabi masalalarning barchasiga yaqin kunlarda oydinlik kiritiladi.
Muammoli masalalar faqatgina ikki tomon va yoki ikki davlatga oid bo‘lib qolmay, aslida mintaqaviy va global darajada muhimdir. Afg‘oniston – dunyoning eng muhim mintaqasi. Muhim tranzit yo‘lagi va shuningdek, narkotik olib o‘tiladigan bekat.
Juda uzoq vaqt urush girdobida qolgan Afg‘onistonning endilikda tizimni o‘zgartirgan holda islomiy davlatga aylanishi yoki aylanmasligi ham alohida muhim masaladir. Agar islomiy davlatga aylansa, farqli vaziyat vujudga keladi, Aksincha bo‘lgan taqdirda ham farqli vaziyat o‘rtaga chiqadi. Shuning uchun ertaga konferensiyada rejalashtirilgan nutqlar, avvalo BMT Bosh kotibining nutqi, albatta, dunyoga Afg‘oniston va mavjud muammolar to‘g‘risida juda muhim signallar beradi.
Q.Sh.: — AQSH va NATO kuchlarining Afg‘onistonni tashlab chiqib ketishini ko‘pchilik “Tolibon”ning yanada kuchlanishiga olib keladi, deb baholamoqda va “Tolibon”ni Markaziy Osiyo mamlakatlariga tahdid sifatida ko‘rmoqda. “Tolibon” shu ketishda davom etsa, O‘zbekistonga tahdid bo‘lishi mumkinmi?
H.B.: — Hozircha shuni aytishimiz mumkin: “Tolibon” harakatining siyosiy ma’noda kuchi qanday bo‘lishini ko‘ramiz. Ya’ni “Tolibon”ning Afg‘oniston ichidagi kuchi va salohiyati qanday? Barchamizga ma’lumki, “Tolibon” katta harbiy kuch emas. Ya’ni, “Tolibon” bir davlat qurishi uchun juda uzoq vaqt kerak bo‘ladi. Davlat qurish oson ish emas, albatta. Hurmatli Ashraf G‘ani va “Tolibon” vakillari orasida o‘tkaziladigan uchrashuv va muzokaralar ham bu masalalarga ancha oydinlik kiritadi.
“Tolibon” harakati mintaqada 2000 yillardan keyin paydo bo‘lib, kundan-kunga kuchayib kelgan harakat sifatida ko‘riladi. “Time” gazetasining 2001 yildagi sonida “Tolibon”ning kuni bitdi”, degan sarlavha bilan bir maqola e’lon qilingan edi. Oradan 20 yil vaqt o‘tdi va vaziyat tamoman teskari bir holga keldi. Bunda amerikalik tahlilchilarning naqadar katta xato qilganini ko‘rish mumkin.
Shu bois Afg‘onistondagi vaziyat va voqealar rivojining bu mintaqada yashayotgan odamlar, qo‘shni mamlakatlar – O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston uchun yaqin kelajakda tahdid va xavf tug‘dirmasligi uchun muhokama, muzokaralar o‘tkazish va shunga qarab chora-tadbir olish kerak.
Men “Tolibon” mintaqa bo‘ylab yoyiladigan siyosat yuritadi, deb o‘ylamayman. Yoki askarlari bilan masalan O‘zbekistonga hujum qiladi, deb ham o‘ylamayman. Ularning bunday imkoniyati yo‘q. Quroli yo‘q, askari yo‘q, harbiy salohiyati yo‘q va bu narsalar bir kunda amalga oshadigan ishlar emas.
Q.Sh.: — “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlaydiganlar topilishi mumkinmi? Yoki hozir bormi?
H.B.: — Hozir ularni qo‘llab-quvvatlovchi biror bir tashkilot yoki davlat yo‘q. Eron bilan oralari buzilgan, “Tolibon”ning Eron bilan hamkorligi yo‘q. Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlashi mumkinmi? Menimcha yo‘q, chunki Saudiya Arabistonining AQSH bilan hamkorligi bor. Amerikaliklardan boshlab butun G‘arb mamlakatlari o‘z harbiy kuchlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketadilar, ammo shuni ham unutmaslik kerak, “Tolibon” bu mamlakatlar bilan hamkorlik qilishga majbur. “Tolibon” vakili Rossiyada bergan intervyusida, “dunyo hamjamiyati oldida o‘zlarini tahdid yoki xavf sifatida baholamasliklarini, Afg‘onistonda islomiy bir davlat qurishni, Afg‘onistonning xorijiy harbiy va siyosiy kuchlardan ozod qilinishini istashlarini” bildirdi.
Tarixdan Iskandar Zulqarnayndan tortib, ingliz bosqini va yoki rus istilolariga qadar barcha xorijiy mustamlakachilar Afg‘onistonni tamoman zabt eta olmay, ortga chekinganlarini ko‘rish mumkin. AQSH ham ulardan biri. Donald Trampning mashhur bir gapi bor edi: “Biz Iroq va Afg‘onistonda 7 trillion dollar pul sarfladik, ammo samolyotlarimiz hali ham faqat oqshom – tun yarmida u yerga qo‘na oladi”.
AQSHning ortga chekinishini, menimcha, ikkinchi Vetnam hodisasi, deya atash mumkin. Bunda Qo‘shma Shtatlarning muvaffaqiyatsiz siyosat yuritgani ko‘rindi.
Q.Sh.: — AQSHning Afg‘onistondagi harakatini to‘liq muvaffaqiyatsiz, deb ayta olamizmi?
H.B.: — Yuz foiz! Axir, ortga qaytyapti. AQSH va NATO kuchlarining ortga qaytishi – muvaffaqiyatsizlikning ifodasi.
Q.Sh.: — 20 yil davomida vaziyatni tizginda ushladi, deb atash ham mumkinmi?
H.B.: — Bu vaqtinchalik fikr. Bir mamlakatni ishg‘ol qilib olishingiz mumkin. Yoki biror mamlakatni butunlay o‘z nazoratingizga olishingiz mumkin. Xalqaro munosabatlarda shunaqa bir qoida mavjud: biror bir mamlakatni boshqarish uchun eng avvalo o‘sha mamlakatda harbiy kuchlaringiz bo‘lishi kerak. Ya’ni, Rim imperatorligi, Ingliz imperatorligining yoki Usmoniylar imperatorligi qilganidek.
20 yil – dunyo tarixi uchun juda qisqa muddat va menimcha, muvaffaqiyatsiz urinish. Zotan bu urinishlar muvaffaqiyatsiz bo‘lganini faqat men emas, balki amerikaliklarning o‘zi ham gapiryapti. Chunki, bu urush, avval boshdan haqsiz bir urush edi.
Rossiyaning siyosiy harakatlarini diqqat bilan kuzatish kerak. Ya’ni, Rossiya va “Tolibon” harakati orasidagi munosabatlar, ayniqsa, juda muhim. Rossiya, Xitoy va Amerikaning ham Afg‘oniston bilan bog‘liq siyosiy harakatlarini diqqat bilan kuzatib borish lozim.
Shuningdek, mintaqadagi mamlakatlar, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va albatta, Turkiyaning ham Afg‘oniston bilan bog‘liq siyosatini kuzatish, tahlil qilish kerak. Afg‘oniston mintaqadagi mamlakatlar uchun harbiy jihatdan xavf-xatar tug‘dirishi mumkinmi, degan savolga javobim aniq: ularning armiyasi yo‘q, qurol-yaroqlari yo‘q, urush uchun imkoniyati yo‘q. Shundoq ham 1979 yildan beri urushlar girdobida qolgan bir mamlakat. “Tolibon”ni qiynaydigan yana bir og‘ir vaziyat esa, ko‘plab yoshlarning mamlakatni tashlab qochayotgani. Bugun “Tolibon” bir guruhlikdan davlat qurish yo‘lida ketmoqda. Bu uzun yo‘l va muvaffaqiyatli bo‘lishi ham mumkin yoki aksincha... Davlat qurish va uni boshqarish alohida masala. Iqtisodiyot, savdo-sotiq, aholi, dunyoga ochilish kabi masalalarni tahlil qilar ekanmiz, “Tolibon”ga ancha qiyin bo‘lishini ko‘rish mumkin. Hukumatni qo‘lga olish, mamlakatni bilganingizcha boshqarish mumkin, degani emas.
1979 yil Eronda davlat to‘ntarishini ko‘rdik, Hukumatni boshqarishga Homanaiy keldi. Bugun esa Eron eng pragmatik siyosat olib borayotgan davlatlardan biri. “Tolibon” ham yashab qolish uchun pragmatik yo‘lni tanlashga majbur bo‘ladi. Nazariy jihatdan olib qaraganda, ularning diniy davlat qurish kabi niyatlari yo‘q. Shundoq ham atrofidagi mamlakatlar musulmon davlatlar.
Afg‘onistonning kelajakda o‘z ichki masalalarini tinch yo‘l bilan hal qilishi, taraqqiyotga yuz tutishi muhim masala. Ta’lim, san’at va madaniyat, erkak va ayol munosabatlari jihatidan mamlakat taraqqiy etadimi yoki orqaga ketadi? Masalan Erondagi kabi u yerda ham ayollar juda katta kuch. Afg‘onistonda “Tolibon”lar hukumat boshqaruviga kelsalar, ayollarning jamiyatdagi o‘rni qanday bo‘ladi? Faqat erkaklardan iborat jamiyat bilan rivojlanib bo‘lmaydi. Shu bois men “Tolibon” vakillarining har bir intervyusini diqqat bilan kuzatib boraman.
Kun sayin ular to‘g‘ri va real hayotga asoslangan pragmatik nuqtaga kelmoqdalar va butun dunyoga hamkorlik taklif etishyapti. Bu juda muhim jihat. Bundan “ha, bu yerdan barcha kuchlar ketadi, ammo biz muloqot qilamiz va kelishamiz”, degan fikrni uqish mumkin. Bu borada ular mintaqa uchun ideologik nuqtai nazardan tahdid tug‘dirishlari mumkin, ammo bu harbiy, texnologik, iqtisodiy tomondan tahdid emas. Mamlakat yangidan qurilishi kerak. Uning xorijiy investitsiyaga ehtiyoji bor, pul kelishi lozim. Yo‘llar qurilishi, urushda kuli ko‘kka sovurilgan hududlarni tiklash shart. Menimcha, “Tolibon” ideologik jihatdan muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa-da, iqtisodiy jihatdan butun dunyoga ochilishga majbur. O‘z qobig‘iga o‘ralib qolishi mumkin ham emas. Chunki, xalqaro munosabatlarda tamal qoida bor: oqshom issiq ovqati yo‘q uyda hech bir tizim ishlamaydi.
Q.Sh.: – Afg‘onistonda “Tolibon”dan tashqari ichki kuchlar ham talaygina. “Tolibon” ular bilan murosaga kelishda qanday yo‘lni tutadi? Murosa qila oladimi?
H.B.: — Albatta, Afg‘oniston – juda farqli madaniyatlar va etnik guruhlarni o‘z bag‘riga sig‘dirgan hudud. Bu doim muammolarning asl sababi bo‘lib kelgan va bir guruh Hukumat tepasiga kelganda boshqalarni nazoratda ushlab turolmaydi. Ayni ulusdan bo‘lsa, muammo yo‘q. U yerda o‘zbeklar, tojiklar, pushtunlar bor. “Tolibon”ning maydonga chiqishi aslida, barcha etnik guruhlar va madaniyatlar orasiga nizo urug‘ini sepgan SSSRning parchalovchi va AQSHning nomigagina yarashtiruvchi siyosatiga qarshi bosh ko‘tarish edi. Ammo jamiyatning yoki ko‘pchilikning dastagini olish juda qiyin masala. Zotan dunyo tarixida har doim shunday bo‘lib kelgan. Bir tashkilot yoki harakat davlat qurishni istasa, eng avvalo butun xalqning yoki ko‘pchilikning ishonchini qozonishi kerak.
Q.Sh.: — Qozonadimi?
H.B.: — Bu ham savol bo‘lib qolaveradi. Bu savolga hozir javob berish juda qiyin. “Tolibon” an’anaviy shaklda, shariat qoidalari bo‘yicha boshqaruv o‘rnatsa, muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Afg‘onistonning bu mintaqada shariat qoidalariga ko‘ra boshqarilishi, uning yanada parokanda bo‘lishiga olib keladi.
Q.Sh.: — Xalq ham buni istamaydi...
H.B.: — Istamasligi aniq! Ayni vaqtda, fuqarolar mamlakatdan qochyapti, boshqa davlatlarga ketishyapti, jumladan Turkiyaga ham. “Tolibon” agar hokimiyat tepasiga kelsa, aholini ish va oziq-ovqat bilan ta’minlash, erkinlik kabi muammolar bilan yuzlashadi.
Q.Sh.: — Markaziy Osiyo mamlakatlari qochayotgan afg‘on xalqiga chegarasini ochib berish majburiyatida qolmaydimi?
H.B.: — Ajoyib savol. Chegaralarni bir tomonlama nazorat qilish imkonsiz. Ikki tomonlama nazorat qilinishi lozim. Masalan, O‘zbekiston qochqinlarni qabul qilishni istamasa, chorasini ko‘radi. Xuddi biz Turkiyada Suriyali qochqinlarni qabul qilishni istamaganimiz kabi. Boshqa tomondan esa, hokimiyatga kelishni istagan “Tolibon” o‘z aholisini himoya qilishi kerak. Agar “Tolibon” o‘z aholisining boshqa yerlarga ketishiga izn bersa, u holda hokimiyat zaiflashadi. Insonlar o‘z yerlarida qolishlari va Hukumat bilan birga ishlashlari kerak.
Hozir jarayon davom etmoqda. Qocha olganlar qochib ketishyapti. Bu esa “Tolibon”lar rejimining fuqarolar tomonidan qabul qilinmaganini anglatadi. Biz buning namunasini Yevropadagi hukumat to‘ntarishlarida ko‘rdik. Sovet Ittifoqi repressiyalariga guvohmiz. Odamlar o‘z zaminlarida qoldilar. Boshqa yurtlarga ketmadilar. Ammo Afg‘oniston masalasi umuman boshqa bir masala.
“Tolibon”larning diniy davlat qurish istagi bor. Biroq, bu diniy davlat qanaqa bo‘ladi? Saudiya Arabistonidagidekmi, Turkiyadagidekmi va yoki O‘rta Osiyodagi Islom tushunchasidekmi? “Tolibon” boshqaruvidagi Afg‘onistonning radikal Islom bilan muvaffaqiyatga erishishi mumkin emas. Ayni vaqtda muvaffayatli bo‘lishlari mumkin, ammo ijtimoiy sohada yutuqqa erishmasliklari ko‘proq ayon. Shu bois dunyoga ochilishlari kerak. Mamlakatni yopib qo‘ya olmaydilar, zotan bu mintaqada yopiq bo‘lishlari ham mumkin emas. Chunki AQSH, Xitoy, Rossiya bu mintaqada. Hukumat tepasiga kelganlar bu kuchlar bilan, shuningdek mintaqadagi boshqa kuchlar – O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan muloqot qilishga majbur. Chegaralarni birgalikda qo‘riqlash va mamlakatni rivojlantirish uchun yordam olishga majbur. Xorijiy investitsiyalar kelmasa, Afg‘oniston o‘zini yangidan insho eta olmaydi.
Q.Sh.: — Hozircha “Tolibon” boshqa mamlakatlarga xavf tug‘dirmadi ham deylik, lekin “Tolibon” radikal davlat qurish yo‘lini tanlasa, u bilan boshqalarning, xususan Turkiyaning aloqasi qanday bo‘ladi?
H.B.: — “Tolibon” – ISHID emas. Ya’ni ko‘chada insonlarni qatl qiladigan, ularga aziyat yetkazadigan... Ularning xalifalik qurish maqsadi ham yo‘q. Tan olish kerak, boshidan to bugungacha “Tolibon” – modern taraqqiyotga qarshi bo‘lgan, ideologiyalarini faqat diniy qoidalarga mos ravishda shakllantirgan bir harakat. Ammo ISHID va “Tolibon” umuman boshqa-boshqa. Afg‘oniston milliy pul birligini bosishi shart emas, chunki bor. Afg‘onistonning o‘z chegaralari bor. Afg‘onistonning o‘z yerlari bor. ISHID esa Suriya va Iroqda yerga egalik qilishni istayotgandi. Afg‘onistonning bunday dardi yo‘q. Afg‘onistonning dardi – o‘z tuproqlarini himoya qilish.
Bu mavzuda davlatlar nuqtai nazaridan shuni aytishim mumkinki, davlatlar aqlli ish yuritadilar. Qaysi ideologiyadan bo‘lishidan qat’i nazar Shimoliy Koreyadagidek kommunist rejimi bo‘ladimi, Eron yoki Afg‘onistondagi “Tolibon”mi, istasa-istamasa ichki farovonlikni ta’minlash va tashqi aloqalarni yuritishga majbur.
Agar qo‘shni mamlakatlar “Tolibon”ni o‘zlariga bir tahdid deb bilishsa, u holda “Tolibon”ning ishi juda qiyin bo‘ladi. “Tolibon” qo‘shni mamlakatlar bilan nizoli vaziyatlarga tushmasdan, eng kamida hozircha tinch-totuv yashashga majbur. Men agar “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelsa, yanada aqlli yo‘l tutishiga, o‘z siyosatini mintaqada yanada kengaytirishiga ishonaman.
Turkiya tarafidan qaraydigan bo‘lsak, Turkiyaning ham O‘zbekiston kabi Afg‘onistonga tarixiy bog‘liqligi bor. Ya’ni Afg‘onistonning taraqqiyoti jarayonida, Turkiya – 1923 yildan buyon Afg‘oniston bilan muloqot qilib kelayotgan mamlakat. Sadabad va Bag‘dod pakti bilan hamkorlik qildi.
O‘zbekistonning Afg‘onistonga juda yaqin qo‘shni ekani, etnik munosabatlar doirasida Afg‘onistonda yashaydigan o‘zbeklar borligi tabiiy sababdir. Buni yaqin qo‘shnilar bilan siyosat yuritish, desa ham bo‘ladi. Yaqin qo‘shni mamlakatda yuz berayotgan voqea-hodisalar, albatta, O‘zbekistonni ham befarq qoldirmaydi. “Tolibon” barcha qo‘shnilar uchun muammo bo‘lishi ham mumkin. Ammo “Tolibon” qo‘shni mamlakatlar uchun imkon boricha xavf va tahdid tug‘dirmaydigan siyosat olib bormoqda, nazarimda. Afg‘onistonda hokimiyatni egallash, mamlakatni boshqarish. Albatta, bu oson emas va yillarni talab etadi.
Butun dunyoda ayni vaqtda siyosiy liderlarning o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan harakatlari sezilmoqda. AQSH ham, Yevropa Ittifoqi, Rossiya va Xitoy ham xuddi shunday harakatlarni amalga oshirmoqda.
O‘zbekistonni O‘rta Osiyoning markazida joylashgan bir mamlakat sifatida, aholi soni, yer osti va yer usti boyliklariga, shuningdek, mintaqadagi mamlakatlarning muammolarini hal qila olish imkoniyatlariga ko‘ra, kelajagi buyuk mamlakat, deb hisoblayman. O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishi, dunyo hamjamiyati bilan yanada ko‘proq munosabatlar o‘rnatishi, shuningdek, mintaqadagi muhim mamlakat bo‘lishi kabi faktorlarni 2017 yildan oldin gapirish biroz imkonsiz edi. Chunki mamlakat tashqi dunyoga yopiq edi. Tashqi dunyoga ochilish va dunyo hamjamiyati bilan munosabatlarni mustahkamlash mamlakat taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Shuning uchun O‘zbekiston diplomatiyasi, savdo-sotiq sohasi, texnologiya va iqtisodiyotini rivojlantirishi kerak. Bu masalalar haqida o‘ylar ekanman, O‘zbekistonning O‘rta Osiyo mamlakatlari orasida yaqin kelajakda juda katta rivojlanish bosqichiga chiqadi. Shuning uchun ertaga o‘tkaziladigan konferensiya ham Afg‘oniston masalasida, ham O‘zbekistonning kelajakka bosadigan qadamlari borasida sinov bo‘ladi, deb o‘ylayman.
O‘zbekiston Afg‘oniston masalasida xavotir olmasa ham bo‘ladi. Afg‘oniston O‘zbekiston uchun hech qachon tahdid bo‘lolmaydi. Bu masalada fikrim g‘oyat ochiq va aniq.
Afg‘oniston esa bu mintaqada qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarini yaxshilashi kerak. Afg‘onistonni qanchalik yaxshiroq yaqiningizga olsangiz, Afg‘oniston shunchalik ko‘proq rivojlanadi, taxmin qilingan tahdidlar ham shuncha kamayadi.
Q.Sh.: — AQSH qurolli kuchlarining Afg‘onistonga kirishida bosh-qosh bo‘lgan sobiq Prezident Jorj Bush va oxirgi Prezidentlardan Donald Tramp, shuningdek ko‘plab siyosatchilar amaldagi rahbar Baydenning AQSH harbiylarini Afg‘onistondan olib chiqib ketish to‘g‘risidagi qarorini qoralamoqda.
H.B.: — AQSHning Afg‘oniston bilan bog‘liq siyosati qanchalar xato bo‘lgani bugun ochiq-oydin ko‘rinmoqda. Amerikaning Afg‘onistondan chiqib ketishi esa, mamlakatdagi ba’zi bir qatlamlarning orzu-umidlarini yo‘qqa chiqardi.
Q.Sh.: — Buni xato deyishimiz mumkinmi?
H.B.: — Albatta! AQSH harbiy kuchlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi, “Tolibon”ga qarshi bo‘lgan ba’zi qatlamlarga nisbatan katta xato. Chunki ular Amerika va NATOga juda ishonishgan edi. Endi esa amerikaliklar ketishmoqda va bu qatlamlar “Tolibon” bilan yakkama-yakka qolmoqda. Bu holatda ular “Tolibon” bilan kelishuvga erishishlari kerak. Albatta, “Tolibon” bu qatlamning hammasini qamoqqa olishi imkonsiz. Hibsxonalardagi “Tolibon”chilarning ozod qilinishi ham kelajakdagi muzokaralar davomida kun tartibida bo‘ladi.
Shunga ham e’tibor berish kerakki, Jo Bayden olib borayotgan siyosat biroz Barak Obama siyosatining davomi sifatida ko‘rilmoqda. Iroqdan ortga chekinish va Afg‘onistondan ham harbiy kuchlarni olib chiqish 2010 yillardagi siyosat edi. Donald Tramp bu ishlarni amalga oshirmadi, aksincha, biroz uzaytirdi. Ammo Jo Bayden chala qolgan ishlarni tugatish maqsadida ekanini ko‘rish mumkin. Ayni vaqtda bu harakatlar AQSH uchun qimmatga tushadi.
Turkiya Afg‘oniston masalasiga ko‘z yuma olmaydi. Zotan Turkiyada bo‘layotgan tortishuvlarda, muxolifatchilar Turkiyaning Afg‘onistonda bo‘lishi tahlika ekani, mamlakatdan darhol chiqishi kerakligini aytishmoqda. Boshqa tomondan Hukumat Qobul aeroportini qo‘riqlashini ta’kidlamoqda. Bu holatda “Tolibon”ning harakatlari ham juda muhim. “Tolibon” siz turklar, eng avvalo bizning yerlardan chiqib keting, keyin yana muzokaralar o‘tkazamiz”, demoqda. Fikrimcha, “Tolibon”ning Turkiyaga munosabati, orzu qilingandek bo‘lmadi. Turkiya Prezidenti “Tolibon”dan biroz yaqinroq va yaxshiroq munosabat kutgan edi. Ko‘proq yon bosadi, deb o‘ylagan edi. Ammo, “Tolibon” bu borada aniq fikrga ega: tuproqlaridan barcha xorijiy, jumladan Turkiya askarlarining chiqib ketishini istamoqda. Bugun ertalab berilgan bayonotda shunday deyilgan edi. Albatta, kutish kerak.
Q.Sh.: — Turkiya mana 10 yildirki Suriya va Iroqdan kelgan qochqinlarga eshigini ochib, mezbonlik qilmoqda. Bu mamlakat iqtisodiga ham katta zarar keltirmoqda. Bugunga qadar milliard-milliard dollarlar sarflandi. Agar Afg‘onistonda ham shunday holat kuzatilsa, Turkiya Afg‘onistondan kelgan qochqinlarga ham eshigini ochishi mumkinmi? Bunda mamlakatni nimalar kutmoqda?
H.B.: — Yaxshi savol! Ayni vaqtda Turkiya xuddi Xitoy devori kabi Iroq va Suriya chegarlarida devor qurib, chegarani himoya qilish harakatida. Eron bilan ham 146 kmga yaqin maydonda chegara qurilishi boshlandi. An’anaga ko‘ra, afg‘onlar Turkiyaga Eron tomonidan kirib keladilar. Eron ularning mamlakat hududida qolishlarini istamaydi va Turkiya tomonga yo‘naltiradi.
Q.Sh.: — Koridor vazifasini o‘taydi…
H.B.: — Ha, koridor bo‘ladi. Qochqinlarning asosiy qismi yosh yigitlar va bu Turkiya uchun ancha katta muammo. Umuman olganda, Afg‘onistondan kelgan qochqinlar, Turkiya sharoitiga darhol moslashadilar, ularning mamlakat ichidagi integratsiyasi bilan bog‘liq muammo yo‘q. Masalan, Suriyadan kelgan qochqinlarning mamlakat ichidagi moslashuvi va integratsiyasi biroz muammoli. Chunki madaniyatlar juda farqli.
Afg‘onlar mehnatkash, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida, chorvachilikda juda yaxshi va ishonchli ish kuchi hisoblanadi. Eng muhimi, ular yosh. Turkiya 2012 yildan buyon xorijiy qochqinlarga 80 milliard dollar sarfladi. Turkiya qochqinlarga eshigini ochish bilan xato qilganini ko‘rdi, ammo juda kech qoldi. Suriyadagi vaziyat bir necha oy ichida barqarorlashadi, deb o‘ylashgan edi. Ammo 11 yil o‘tsa hamki, notinchliklar davom etadiganga o‘xshab ko‘rinmoqda. Bu demografik jihatdan muammo. Iqtisodiy jihatdan esa muammo bo‘lmasligi mumkin. Chunki Turkiyada oldimizdagi davr uchun arzon ish kuchi paydo bo‘ldi va bu bir ustunlik. Bu to‘g‘rimi, deb so‘rasangiz, yo‘q deb javob qilaman. Ammo, Turkiyaning ham boshqa yo‘li yo‘q?
Q.Sh.: — Turkiyaning Afg‘onistonga ham eshigini ochishdan boshqa chorasi yo‘q, deb o‘ylaysizmi?
H.B.: — O‘ylashimcha, ayni vaqtda chegaralarni yopishni o‘ylamayapti. Chunki qochqinlar Eron orqali kelishyapti. Muhim bir narsani aytishim lozim, tomoshabinlar buni diqqat bilan eshitishlarini istardim: Suriyadan kelganlar bilan Afg‘onistondan kelayotganlar orasida katta farq bor. Afg‘onistondan kelayotgan radikal islomiy rejimdan qochib kelishmoqda. Turkiya bunday islomiy harakatlarning katta yo‘qotishga uchrayotganini ko‘rmoqda. Odamlar qochyapti. Xo‘sh, ular Turkiyaga nega kelyapti? Chunki Turkiya – dunyoviy davlat. Turk xalqi ISHID kabi “Tolibon”ning ham xato yo‘ldan borayotganini ko‘rib turibdi.
Qolaversa, Turkiyada Afg‘onistonliklarga nisbatan iliqlik bor. Bu tarix bilan bog‘liq. Suriyaliklarga bu iliqlik ko‘rsatilolmaydi.
Q.Sh.: — O‘rtaga non tushganda iliqlik bo‘larmikin?
H.B.: — Turkiyada 4 million suriyalik, 2 million dunyoning boshqa mamlakatlaridan kelgan qochqinlar bor. Ammo afg‘on qochqinlar 4 million emas. Men 4 million afg‘on keladi, deb o‘ylamayman. Shu bois hamon vaziyatni nazoratga olsa bo‘ladi. Suriyaning taqdiridan dars olish mumkin.
LiveBarchasi