Erkinjon Turdimov Sirdaryodagi mutasaddilarni jazoladi (video)
Jamiyat
−
28 aprel 32140 2 daqiqa
Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov viloyat rahbarlari bilan o‘tkazgan tanqidiy ruhdagi uchrashuvida o‘z vazifasini uddalay olmagani uchun bir qancha rahbarlarga jazolar qo‘lladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Turdimov viloyatning bir necha rahbarlari bilan davlat boshqaruv organlarida ijro intizomi faoliyatini mustahkamlash, qabul qilingan qarorlar va berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida tanqidiy ruhdagi uchrashuv o‘tkazgan.
Uchrashuvda kotibiyat mudirlari hamda ayrim rahbarlarning faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, jumladan, ijroni ta’minlashdagi kechikishlar va boshqa holatlar tahlil qilingan. Shuningdek, muhokama davomida to‘rt nafar hokimlik vakillariga hayfsan intizomiy jazo chorasi berilishi belgilangan va bir nafar mas’ul egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Ishdan olingan mutasaddilarning shaxsiga aniqlik kiritilmagan.
Shu bilan birgalikda, viloyat rahbari ijro intizomini mustahkamlash har bir rahbarning burchi ekanligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan hokimlik soatida davlat idoralarida faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlarning savodxonlik darajasini baholash maqsadida diktant olish amaliyoti o‘tkazilgan edi. Ushbu amaliyotda Sog‘liqni saqlash boshqarmasining 9 nafar rahbar xodimidan 6 nafari, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 5 nafar rahbar xodimidan 4 nafari, “O‘ztelekom” AJ Sirdaryo filialining 10 nafar rahbar xodimidan 7 nafari, “O‘zbekiston pochtasi” AJ viloyat filialining 8 nafar rahbar xodimidan 4 nafari qoniqarsiz baho olgan edi.
Live
Barchasi