So‘z erkinligi ne’mat emas yoxud “davlatimizga rahmat sindromi”ga kim javobgar?
Jamiyat
−
04 may 2021
10352Kecha, 3 may kuni butun dunyoda yana Jahon matbuoti erkinligi kuni nishonlandi. G‘arbdan farqli o‘laroq, sobiq sovet mamlakatlarida bu kun alohida bayram qilinadi. So‘z erkinligining haqiqiy ahvoli jurnalistlar uchun o‘tkaziladigan shohona bayramlar fonida qolib ketadi. Xo‘sh, so‘z erkinligi bormi? Bor bo‘lsa uning hozirgi ahvoli qanday? Ayni vaqtda QALAMPIR.UZ asoschisi – jurnalist Qamariddin Shayxovning “Jaydari gaplar” shaxsiy Telegram kanali qoldirgan fikrlari muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Post uchun olingan maxsus suratda Shayxov og‘ziga “skotch” tortilgan holatda namoyon bo‘lgan. U shunday yozadi:
“So‘z erkinligi bormi? Bu savolni menga ko‘pincha ta’na bilan berishadi. “Duxlaring yo‘q. Nimaga avariyani yozmadilaring, nimaga Kusherboyevni yonini olmayapsan, nimaga falonchi shaharni egallab olyapti, nimaga pul yo‘q, shtraf oshib ketyapti, hamma joy monopoliya, korrupsiya?! Nega buni yozmaysanlar? Chunki duxlaring yo‘q. Yozib ko‘r-chi, “klapan”ingni bo‘g‘ib qo‘yishadi, yo‘q bo‘lib qolasan shahardan”.
Ba’zan bu savollarga nima deb javob berishni bilmaymiz. Chunki ta’nalarning orasida haqiqatlari ham bor. Ammo...
So‘z va matbuot erkinligini himoya qilish, undan to‘la-to‘kis foydalanish nafaqat jurnalistning, balki oddiy odamlarning ham haqqi. Kuni kecha Sardobada bo‘ldik. Odamlar noliyapti. Kim o‘z uyining devori yo‘qligidan, kim ekin-tekinini suv urib ketgani, daromadsiz qolgani, bu yil esa ekinlarga beriladigan suv to‘xtatib qo‘yilgani, yana xonavayron bo‘lganini aytmoqda. Kamerani yoqqaningizda esa Prezidentimizga rahmatdan nariga o‘tolmayapti. “Men nima deb aytaman, sizlar jurnalistsizlar-ku”, deydi ko‘plar.
Yoki aytaylik, o‘sha ta’na qilayotgan atrofimizdagi odamlarga mikrofon tutsak, “yozuvchimisan, ol mikrofoningni, sanga bir gap gapirib bo‘lmay qolibdi”, degan dashnomni eshitamiz”.
Qamariddin Shayxov fikrlarida davom etarkan, O‘zbekistonda so‘z erkinligiga nisbatan to‘siq, jurnalistlarga bosim borligini urg‘ulaydi. Uning fikricha, so‘z erkinligi – ne’mat emas. Har bir demokratik jamiyatning fundamental asosi. Qo‘rqmas, jasur va mustaqil fikrga ega bo‘lgan jurnalistlarni esa ilk navbatda odamlarning o‘zi qo‘llab-quvvatlashi kerak. So‘z erkinligi uchun faqat jurnalist emas, balki odamlar ham mas’ul.
“So‘z va matbuot erkinligi o‘lik yo tirik – bunga baho berish qiyin. Fakt shuki, dunyoning barcha mamlakatlarida, jumladan O‘zbekistonda ham matbuotga nisbatan to‘siq, murosasizlik, so‘z erkinligini bo‘g‘ish, tazyiq o‘tkazish bor. Faqat har bir mamlakatda turli darajalarda: qaysisida kuchli, yana boshqasida o‘rtacha. Shuningdek, matbuot bilan muammolar hamisha davlat idorasi bilan uchrayvermaydi. Chunki ko‘p mamlakatlarda matbuot mansabdorning “kreslo”sini qimirlatib qo‘yishga qodir. Bizda-chi?
O‘zbekistonga kelsak, biz ko‘p duch keladigan gap bor: “5 yil oldin shunday gaplashib o‘tirarmidik, shunday savol berarmidingiz”, deyishadi jurnalistlarga. Ha, rost. Karimov rejimi matbuotga nisbatan murosasiz edi. Shu bois ko‘p jurnalistlar O‘zbekistonni tark etdi va o‘sha vaqtda ularga dushmandek qaradik. Afsuski, ayrim jabhalarda bu kayfiyat hamon davom etmoqda. Hozirgi davr esa ancha farqli, biroq yo‘limizdan qaytmaymiz, deyish orqaga ham, oldinga ham yurmaymiz, bir joyda turamiz degani bo‘lmasligi kerak.
Hozir ham muammolarni yoritayotgan jurnalistlarga dushmandek qarash kayfiyati mavjud. Bunga asosan hududlarda duch kelamiz. Birgina ayrim “patriot” mahalla raislari tanqidni rivojlanish uchun muhim omil emas, balki xorijning “zakaz”i va dushmanlik deb qabul qiladi. Agar o‘sha tumandan jurnalist yo bloger chiqib qolsa bormi, sazoyi qilinadi.
Oddiy odamlarning ko‘pi esa muammolarini jurnalistga aytgani bilan ovoz chiqarib kamera qarshisida gapirolmaydi. O‘zidan qo‘rqadi. Bolalarini o‘ylaydi. Jurnalistning bolasi yo‘qmi? Uning hayoti muhofazalanganmi? Kechirasiz, jurnalist sizdan ham kambag‘aldir, sizdan ham og‘ir vaziyatdadir. Ammo vijdoni uyg‘oq, sizning muammoingizni o‘zinikidan ustun ko‘radi. Turib berishga ham tayyor. Lekin siz o‘zingizga turib bera olasizmi? Xalq muammolarni ko‘tarib chiqayotgan, tanqid qilayotgan va buning ortidan tazyiq, tahdid, zo‘ravonlik kabi holatlarga duch kelayotgan jurnalistlarga o‘zi sohib (ega) chiqishi kerak. Ularni asrashi kerak. Afsus, bugun qahramonlik qilayotganlar, ertaga “tilidan ketdi, o‘zi bo‘lar-bo‘lmasga burnini tiqib yuradigan bola edi”, deydi.
So‘z erkinligi - ne’mat emas. U har bir jamiyatda bo‘lishi kerak bo‘lgan fundamental asos. Uni faqat 3 may kuni yodga olish va bayram qilish so‘z erkinligi bilan bog‘liq asl vaziyatni o‘zida ifoda etmaydi.
LiveBarchasi