Yelkasiga kafanini ortganlar
Jamiyat
−
28 iyun 14488 5 daqiqa
Odamlar ko‘pincha kasb tanlashda o‘zlarining qiziqishlari, iqtidori, mehnat bozoridagi holat, ish haqi, ish va hayot o‘rtasidagi muvozanat, kelgusidagi martaba imkoniyatlari hamda shaxsiy qadriyatlarini hisobga oladilar. Kasbiy yo‘nalishda davom etar ekan, inson bu faoliyatdan oladigan ijobiy yoki salbiy natijalarga asta-sekin moslashib, ularni yengib o‘tishni o‘rganadi. Yer yuzidagi barcha sohalarda turli-tuman kasblar mavjud. Biz bolalik chog‘imizda o‘zimizni shifokor, o‘qituvchi, uchuvchi yoki huquq-tartibot organi xodimi sifatida tasavvur qilib ko‘ramiz. Kimdir ma’lum bir kasbni chin dildan qiziqib tanlasa, boshqasi undan olinadigan moliyaviy foyda yoki oilaviy an’analarni davom ettirish maqsadida tanlaydi. Shuningdek, dunyoda shunday insonlar ham borki, ular uchun moddiy barqarorlik yoki avloddan avlodga meros qolgan kasb yo‘li muhim emas – ularni birgina narsa qiziqtiradi: o‘tkir fikr, sobit iroda va katta yurak. Bu fazilatlar ularga o‘z yo‘llarini topishda yo‘ldosh bo‘ladi. Ustozlarimizdan biri “jasorat jins tanlamaydi”, deb aytgan edi. Ushbu kasb egalarini ham ayollar, ham erkaklar qamrab oladi, tobora tahlikali bo‘lib borayotgan bugungi g‘avg‘oli zamonda ular nafaqat o‘zi uchun, balki boshqalar uchun ham yashaydi, zulmga, adolatsizlikka uchragan, chorasiz ahvolda qolganlarning dardini tinglab, haq qaror topishi uchun kurashadi, bu yo‘lda kimlarningdir dumini bosib qo‘yib tahdid va tazyiqlarga uchraydiganlari ham oz emas. Ha, o‘ylaganingizdek, gap kafani yelkasiga ortilgan jurnalistlar haqida ketmoqda.
Ana shunday zalvorli yukni yelkasiga ortgan bir qator soha vakillari kecha, 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan an’anaviy “Oltin qalam” XIX milliy mukofotini topshirish marosimida taqdirlandi. Mukofotlangan ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar qatorida QALAMPIR.UZ nashri ham bor. Taqdirlangan va taqdirlanmagan barcha jurnalistlar, blogerlar, soha vakillarini bayram bilan tabriklab, ularning oltin qalamlari qilichga aylanishini, qarshisidagi adolatsiz, zulmkor kimsalarni, xolis faoliyatiga yov bo‘layotganlarni shu qilichi bilan chopib tashlashini tilab, ba’zilarni suhbatga chorladik.
Jurnalist va sharhlovchi Xayrulla Hamidov bugungi jurnalistikaning yutuqlariga to‘xtalib o‘tar ekan, hozirgi davr avvalgi davrga nisbatan ochiqroq ekani, mediada raqobat borligini va bu orqali talantlar yetishib chiqishini urg‘uladi.
“Inson to‘ymaydi, yana-yana bo‘lishini xohlaydi, yanada bo‘lishi uchun esa kurashish kerak. Men odatda jurnalist yigitlar, yoshlar bizga sharoit qilinishi kerak desa, yo‘q, siz sharoit uchun kurashasiz deyman. Shunda jurnalist bo‘ladi, kurashadi va o‘ziga sharoit yaratish asnosida o‘zining ijodi bilan xalqqa ham yengillik tuhfa etadi”, deydi “Shuhrat” medali sohibi.

“Madaniyat va ma’rifat” telekanali katta muharriri Nozima Vohidova 30 yillik tajribasidan kelib chiqib, bugungi o‘zbek jurnalistlari, yangi avlod vakillari uchun ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan behad imkoniyatlar mavjud ekanini, faqat rakurslar to‘g‘ri tanlanib, tahlil va tanqid xolis bo‘lishi kerakligini, xalq dardiga esh bo‘lish imkoniyati yetarli ekanini aytadi.
“Ba’zan sohadagi bilim yetarli darajada emasligi, texnika-texnologiyalarni, tillarni bilmaslik pand beradi. Lekin o‘z tajribamdan kelib chiqib aytsam, aksariyat yoshlar bizlarga ijobiy ma’noda ijodiy raqobatchi. Ular bizni yanada izlanishga da’vat qilishadi, chunki bizga nisbatan texnikalarni yaxshiroq bilishadi, agar mana shu shasht ularda o‘lmasa, mavzuni ichiga kirib, chuqur tahlil qilishsa, dunyo sahniga chiqadigan jurnalistlar yetiladigan jabhada turibmiz”, deydi Nozima Vohidova.

“Shuhrat” medali bilan taqdirlangan bloger Eldor Asanov bugungi ommaviy axborot vositalarida texnika yaxshi rivojlangani, videokontent ko‘paygani, sifat oshganini e’tirof etdi. Ammo matnga e’tibor susaygani, avvallari gazetalar tanqid qilinsa ham ularda tahrir maktabi, so‘z ishlatish usuli bo‘lganini, bugun ko‘plar videokontentga o‘tib ketib, so‘z bilan ishlaydigan jurnalistlar kamligini bildirdi.
“Mavzuga to‘xtaladigan bo‘lsak, menga judayam yoqadigan jihat – bugungi o‘zbek mediasida shaharsozlik, ekologiya, atrof-muhitni asrash, jonivorlar huquqi kabi dunyo miqyosidagi axloqiy va dolzarb mavzular ko‘paygan. Ammo besh yil oldingi tanqidiy ruh susayib qolgan”, dedi bloger.

QALAMPIR.UZ nashri direktori Qamariddin Shayxov jurnalistikadagi muammolar orasida jurnalistlarning o‘zida ham muammolar borligi, ularda madaniyat yetishmasligi, o‘zini qayerda qanday tutishni bilmasligi, o‘zini haq deb bilishini qayd etdi.
“Balki biz aqllilar orasida eng ahmog‘i bo‘lishimiz mumkin va adolat talab qilib chiqayotgan joyda o‘ziga nisbatan adolat ishlamay qolishi kabi holatlar juda ham ko‘p”, dedi tadbirda dolzarb mavzudagi eng yaxshi tanqidiy‑tahliliy material nominatsiyasi bo‘yicha “Oltin qalam” mukofoti bilan taqdirlangan jurnalist.

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja esa bugungi mediada bachkana, sayoz materiallar ko‘paygani, odamlar shunday kontentlarga moslashib qolganini aytdi.
“Axborot sayoz – “dolzarb”, “e’tibor qiling” deb xabar berishadi, odamlarimiz shunga mos bo‘lib qoldi, didi shakllanib qoldi, mana shu chatoq. Men istardimki, odamlarning saviyasini ko‘taraylik”, dedi rektor.

Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi raisining 1-o‘rinbosari, faxriy jurnalist Sharof Ubaydullayev esa Jurnalistlar uyushmasi faoliyatidan qoniqmasligini aytib, tashkilot faoliyatini keskin tanqid qildi. Qolaversa, u bugungi jurnalistikaning ahvoli tang ekanini aytmoqda.
“2000 gazetamiz bor deb jar solamiz, ammo ba’zi gazetalarning tiraji 500 taga ham yetmaydi. Menga issiq-sovug‘i yo‘q, lekin ayrim xabarlarga qaraganda umuman jurnalistika olamida yo‘q odamlar bugun jurnalistikaning tepasida turibdi. Biz ilg‘orlar bilan orqada qolayotganlarning farqiga bormasak, jurnalistikamiz bugungi Jurnalistlar uyushmasiga o‘xshagan qashshoq va ayni paytda mutlaqo jurnalistikadan uzoq bo‘lgan tashkilotlarning qo‘lida qoladi va Prezidentimizning izzat-hurmatiga mutlaqo javob bermagan bo‘ladi”, deydi otaxon jurnalist Sharof Ubaydullayev.

Tadbirda biz shoir Jamshid Akbarovni ham uchratib qoldik. U jurnalistlarni kasb bayrami bilan tabriklab, ushbu soha vakillariga bag‘ishlangan “Jurnalistlik mashaqqatini chekayotganlar” nomli yangi she’rini o‘qib berdi.

Ushbu reportajni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi