Yosh tadbirkorlarga millionerlar qanday maslahat beradi?

Intervyu

Joriy yilning 21 oktyabr kuni Toshkentdagi “Hilton” mehmonxonasida O‘zbekiston bo‘ylab katta-kichik tadbirkorlarni jamlagan “Business Port” loyihasiga start berildi. Nomi ham “port” kimdir suzib keladi, kimdir ketadi... eng muhimi, biznes cho‘kmaydi!

“Business Port” doirasida tadbirkorlarga huquqiy, moliyaviy, soliq, bank, intellektual mulk, marketing va PR, xalqaro munosabatlar, kadrlar siyosati hamda raqamlashtirish sohalarida amaliy maslahatlar berish, shu yo‘nalishlarda malakali kadrlar bazasini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Tadbirda ishtirok etgan 250 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 267 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan, 1,7 milliard dollarlik mahalliy mahsulotlar eksport qilingan, ularning umumiy tovar aylanmasi 192 trillion so‘mdan ortiqni tashkil etadi. 2024 yilda aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 203 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, joriy yilda ularga yana 47 ta korxona qo‘shildi.

QALAMPIR.UZ tadbirni bevosita yoritib, unda ishtirok etgan rasmiylar, biznes egalari va mutaxassislarga O‘zbekistonda tadbirkorlar faoliyati, ularning jahonga chiqish salohiyati, malakali kadrlarni topishda yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar hamda bugungi tadbirning ahamiyati borasida savollar bilan murojaat qildi.

“Endi albatta tadbirkorlikda kadrlar yetishmasligi seziladi. Sababi kasbga o‘rgatish bir vaqtlar bo‘lmagan. Shuning uchun biz qiynalamiz, mutaxassislarni topishda. Ammo hozir ko‘plab o‘quv kurslari ochilmoqda xoh onlayn, xoh oflayn shaklda. O‘zimiz ham tajribamizdan kelib chiqib, yoshlarni tadbirkorlikka tayyorlashga harakat qilyapmiz”, deydi “Muynak Tour” MCHJ rahbari Amina Bekjonova.

 

“Hatto o‘g‘limga o‘zingni biznesingni boshlama deyman, chunki avval tajribali biznes egalari yonida poligonda o‘qish kerak. Muvaffaqiyat bu tajribaning natijasi, tajriba esa xatolarning natijasi. O‘zing xato qilib qimmatga tushsang, ishonchingga va kayfiyatingga ta’sir qiladi. Lekin ustoz kerak. Ustoz otangday ulug‘, deyishadi. Har bir uchrashuv bu ekilgan urug‘. Matematikada 1+1=2 bo‘lsa, biznesda 1+1=11: kuch, tajriba va bilim birlashganda samara, baraka bo‘ladi”, deydi tadbirkor Hasan Mamasaidov.

O‘z davri bilan hozirgi biznes muhiti orasida osmon bilan yercha farq borligini aytgan “Ermak” brendi asoschisi Valijon Solihov, yoshlarda biznes boshlash uchun eng avvalo istak va xohish bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

“Dunyoga chiqish uchun yuqori sifatli mahsulot va harakat, intilish kerak. O‘zbek biznesining jozibadorligi o‘zbekning jozibadorligi bilan yonma-yon. Milliy joziba degan narsa bor: millatning mehmondo‘stligi, ko‘ngilchanligi. Biznesda birlamchi narsa bu insoniylik va odamiylik. Shu sababli bizdagi yaxshi odatlar mehmondo‘stligimiz, samimiyligimiz, ko‘ngilochiqligimiz asosiy boyligimiz. Shu tufayli bizni ko‘pchilik yaxshi ko‘radi”, dedi u.

Tadbirda internet va OAVda reklama masalasida ma’ruza qilgan QALAMPIR.UZ asoschisi Qamariddin Shayxovga ko‘ra, sun’iy intellekt davrida yashayotganimizga qaramay, o‘zbek tadbirkorlari raqamli imkoniyatlardan yetarlicha foydalana olmayapti.

“Hozir shu zaldagi 300 dan ortiq tadbirkordan telefonidan ChatGPT yoki Google’ga kirib, o‘zining yoki korxonasining nomini yozishini so‘radim. Qani, siz yoki korxonangiz haqida internetda qanday ma’lumot chiqadi? Bu juda muhim. Chunki siz eksport qilmoqchisiz, jahon bozoriga chiqmoqchisiz, xalqaro aloqalar o‘rnatmoqchisiz, internetda siz haqingizda hech bo‘lmaganda o‘z mamlakatingizda nima deb yozilganini bilish kerak. Afsuski, ko‘plab tadbirkorlar faqat boshiga og‘ir kun tushgandagina yoki o‘zi haqida noto‘g‘ri axborot chiqqandagina OAVni eslab qoladi”, deydi u.

Samarqandlik eng yosh tadbirkorlardan biri 23 yoshli Nilufar Omonovani ertalab uyg‘onishga ilhomlantiradigan narsa yillik aylanmasini milliard so‘mga yetkazish, chempion tadbirkorga aylanish va yangi ish o‘rinlarini yaratishdir. Jahon bozoriga chiqish borasida esa u tadbirkorlarning quyidagi xatolarini sanab o‘tdi:

“Aslida dunyo bozoriga chiqish uchun davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar yaratilgan. Asosiy muammo ko‘p hollarda tadbirkorning o‘zida. Masalan, rahbar til bilmaydi, jamoada xorijiy tillarni biladigan kadrlar yetishmaydi, izlanish kam. Menimcha, bu eng katta kamchilik. Chunki eksport uchun barcha sharoit bor”, deydi MIT Academy asoschisi.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkor Qamariddin Shayxov millioner Business Port Amina Bekjonova Hasan Mamasaidov Valijon Solihov Nilufar Omonova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing