Termizda mansabdor va tadbirkor 217 tup daraxtni kestirib tashladi
3-sahifa
−
23 may 1713 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatida mansabdor shaxs va tadbirkor o‘zaro til biriktirib, davlat o‘quv muassasasi hududidagi 217 tup, qiymati 2 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lgan daraxtlarni kestirib tashladi. Bu haqda Surxondaryo Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.
Surxondaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan ish materiallariga ko‘ra, sobiq Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i hamda “Mansur Tekstil Termiz” MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, Termiz shahri “Do‘stlik” mahallasi Yuridik texnikum hududidagi daraxtlarni ko‘chirmoqchi bo‘lgan. Bu maqsadda ular o‘zaro dastlab 20 million so‘mlik shartnoma rasmiylashtirgan. Biroq hududdagi daraxtlar mas’ul xodimlar tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, qimmatli daraxtlarni ko‘chirish va kesish bo‘yicha murojaat qonunchilik talablariga asosan rad etilgan.
Shunga qaramasdan, qurilish hududidagi 61 tup “Eldor qarag‘ayi”, 36 tup “Virgin archasi”, 101 tup “Sharq biotasi”, 16 tup chinor va 4 tup tut daraxti – jami 217 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiatga 2 milliard 69 million 437 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Bildirilishicha, joriy holat yuzasidan sud hay’ati Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘iga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan aybli deb topgan va unga ish haqining 20 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolinadigan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sobiq deputat va jamoat faoli Rasul Kusherboyev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Toshkent shahrining hokimi Shavkat Umurzoqovning daraxt kesishni tragediya qilmaslik kerakligi mazmundagi fikriga keskin norozilik bildirib, chiqish qilgan edi.
Live
Barchasi