Japarov inson huquqlari reytingi ig‘vogarlar qo‘lida qolganini iddao qildi
Olam
−
07 fevral
6588Bugun, 7 fevral kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida Qirg‘izistonning inson huquqlari va so‘z erkinligi bo‘yicha jahon reytingidagi o‘rni haqida fikr bildirdi.
"Bu dunyo reytingini kim tuzadi? Aynan so‘z erkinligi ortida yashiringan ig‘vogarlar", degan u.
Shuningdek, Qirg‘iziston rahbari mamlakatda hamisha so‘z erkinligi va inson huquqlari mavjud bo‘lgani, bundan keyin ham bo‘lishini aytgan va mobodo hukumat so‘z erkinligiga qarshi nohaq qadamlar qo‘ysa, xalq allaqachon isyon ko‘tarishini ta’kidlagan.
“Qirg‘izistonda so‘z erkinligini cheklab bo‘lmaydi. Xalq bunga yo‘l qo‘ymaydi. Qadim zamonlardan beri odamlar so‘z erkinligi bilan yashab kelgan va shunday yashashda davom etadi. So‘z erkinligi yo‘q, deganlar, yoqimli iborani ishlatib, o‘zlari xohlagan ishni qiladi. So‘z erkinligi niqobi ostida respublikani ag‘darishni rejalashtirgan “soxta vatanparvarlar”. Mamlakatda isyon ko‘tarmoqchi bo‘lgan bunday yomon niyatli kimsalarning maqsadiga yetishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Ular mentalitetimiz, urf-odatlarimiz va tabiatimizga to‘g‘ri kelmaydigan targ‘ibot-tashviqotlar olib borib, xalqni buzmoqdalar. Ayrimlar yolg‘on ma’lumot tarqatib, birovning sha’ni va qadr-qimmatini buzib qo‘yayotgan holatlar ham uchrab turibdi”, degan u.
Japarov agar Qirg‘iziston ularning shartlarini, milliylikka yot bo‘lgan siyosatini qabul qilib, uni rivojlantirganida, mamlakat inson huquqlari va so‘z erkinligi reytingida yetakchi deb topilishini kinoya qildi.
“Vaqt o‘tishi bilan davlat va xalqni ma’naviy jihatdan tanazzulga yetaklaydigan bunday birinchi o‘rin bizga kerak emas”, deya qo‘shimcha qilgan qo‘shni davlat rahbari.
Bundan tashqari, Qirg‘izistonda demokratiya darajasi boshqa davlatlarga qaraganda yuqori ekanligi qayd etilgan.
“Demokratiyaga kelsak. Bizda haqiqiy erkinlik bor, lekin bizni tanqid qiladigan davlatlar istagidek emas. Bizda demokratiya darajasi ularnikidan ancha yuqori. Biroq, ayrim fuqarolarimiz bu tushunchadan noto‘g‘ri foydalanmoqda”, degan Qirg‘izistonning 6-rahbari.
Esatib o‘tamiz, Qirg‘iziston hukumati joriy yilning 16 yanvar kuni to‘rtta mustaqil nashrning 11 jurnalistini hibsga olgan edi.
Qayd etilishicha hibsga olingan jurnalistlarning barchasiga ikki oy – 13 martgacha qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
LiveBarchasi