Jurnalist daxlsizligi ta’minlanmas ekan so‘z va matbuot erkinligi xayollarda qolaveradi

Tahlil

image

Hozirgina 27 iyun – Matbuot  va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbiridan qaytdim. Tadbirda Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining OAV xodimlariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Kutilgan taklif davlat rahbari tabrigidan o‘rin olgan edi.

“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari ijodiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, senzura o‘rnatish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va zarur texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni nazarda tutadigan moddalarni kuchaytirish lozim”, deyiladi Prezident Mirziyoyev tabrigida. 

Aslida Prezident bundan oldingi tabrik va nutqlarda ham ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar faoliyatiga doir huquqiy hujjatlarni isloh qilish masalasiga e’tibor qaratgan. Ammo bugungi o‘tish davrida ushbu masala g‘oyat dolzarbdir. Shuningdek, davlat rahbari o‘z tabrigida O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi oldiga bir qator vazifalarni qo‘ygan. 

O‘tgan yillarda uzun va shirin uyquga ketgan Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga kuni kecha yangi rais tayinlandi. Yangi rais Olimjon O‘sarovni taniganlar uni nafaqat qalami o‘tkir muallif, balki o‘z huquqlari uchun kurasha oladigan jurnalist sifatida biladilar. Uning bu lavozimda ish boshlashi, yirik ommaviy axborot vositalariga, jumladan QALAMPIR.UZ tahririyatiga tashrif buyurishi, uyushmada allaqachon tarixga ko‘milgan a’zolikni qayta tiklashi jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarida “Jurnalistlar ijodiy uyushmasi uyg‘ondi, uyg‘onganda ham tiniqib, kuch to‘plab maydonga kirib boryapti, endi unga ishonsa bo‘lar-a”, degan umid uchqunlarini paydo qilmoqda. Bu uchqun erta yo indin yana so‘nishi, yo olovga aylanishi hech gap emas. Agar bugun jurnalistlar kutayotgan asosiy muammolarni hal etishda uyushma jonbozlik ko‘rsatmasa, bu umid uchquni so‘ngancha, qaytib chaqnamaydi. 

Bugun O‘zbekistonda ayrim amaldorlar ta’biri bilan aytganda “tili chiqqan” jurnalistlar bilan bir qatorda, ichki senzurasini yengolmayotgan, tashqi bosimlarga uchrayotgan, tazyiq va tahdidlar sabab o‘z xizmat vazifasini bajarishdan cho‘chiyotgan jurnalistlar talaygina. Agar bugun biz endigina kurtak otayotgan bu jurnalistlarni turli tashkilotlar bosimi, tuhmat va tazyiq, “kompromat”lardan himoya qilolmasak, navbatdagi jurnalistlar armiyasini boy berib qo‘yamiz. Yana mamlakatda artistlarning nima yeganiyu nima ichganini yozadigan “jurnalist”lar soni ortadi. Yangi deyilayotgan O‘zbekiston eski muammolarni bartaraf etolmaydi. Mamlakat korrupsiya botqog‘iga botadi, odamlar o‘zgarishga ham, islohotga ham ishonmay qoladi. Oqibatda 5 yil davomida qilingan shuncha mehnat uvol bo‘ladi. 

Bugun jurnalistni tanqidiy materiali uchun u yo bu modda bilan, tuhmat asnosida yoki avtomobili, sumkasiga biror narsa tashlab qo‘yish orqali ayblash ehtimoli juda yuqori. Bundan qo‘rqqan jurnalistlar ham och qornim, tinch qulog‘im qabilida ish tutishga o‘tib olyapti. So‘z erkinligidan shallaqilik bilan emas, balki barcha omillarni to‘g‘ri ko‘rsatgan holda, og‘ir va vazmin foydalanishga endigina o‘rgangan jamiyat yana yo‘qotilish xavfi ostida.  

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi jurnalistlar, tahririyatlar ertangi kunga qanchalik ishonyapti, degan savolni ko‘ndalang qo‘yishi zarur. Ishonmagan, ishontirolmaydi. O‘qimagan, o‘qitolmaydi. Haqiqatni gapirmagandan keyin, unga qarashdan ham uyaladigan bo‘lib qoladi. 

To‘g‘ri, so‘nggi yillarda O‘zbekiston yangi uyg‘onish davrini boshdan kechiryapti. Sohalarda tub o‘zgarishlar bo‘lyapti. OAVda tub bo‘lmasa-da kutilgan o‘zgarishlar bo‘ldi. Bugun odamlarning u yoki bu ommaviy axborot vositasini tanlash imkoniyati ortgan va bu raqobatning rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Endi jamiyatni televideniye orqali uzatilayotgan “jannatdan xabarlar” bilan aldab bo‘lmay qoldi. Bu esa jurnalistlarga ham, ommaviy axborot vositalariga ham o‘z ustida tinimsiz ishlash, bozorda yashab qolish majburiyatini yuklaydi. Biroq, ayrim ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar eskilik sarqiti bo‘lgan ichki va tashqi senzura, bosim va aralashuvlardan bugungi o‘zgarishlar nafasini to‘liq his etmayapti, desak xato bo‘lmaydi. 

Dunyoning barcha mamlakatlarida so‘z erkinligining boshlang‘ich davrlari og‘riqli kechgan. Jumladan O‘zbekistonda ham jurnalistlarning qaddini va qadrini tiklashi, so‘z erkinligi huquqlaridan foydalanishi ayrimlarga yoqmasligi ham kuzatiladi. Biroq, bu qaytilmaydi deyilgan islohotlardan ortga qaytish, jurnalistlarning yo‘lini to‘sish, bo‘g‘zidan olish, tilini bog‘lash, qaytmaymiz deyish bilan orqaga ham, oldinga ham yurmaymiz, deyishga asos bo‘lmasligi kerak. Bugun ilgari surilayotgan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi agar eski odatlar va eskicha qarashlar bilan qurilsa, uning yangiligi qoladimi? 

Shu bois jurnalistlarning daxlsizlik huquqi masalasini ko‘rib chiqish dolzarb bo‘lib bormoqda. Bunda O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasiga a’zo yoki AOKAdan rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan biror tahririyat xodimi sifatida faoliyat yuritayotgan, qolaversa Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyadan o‘tgan xorijlik jurnalistlarni huquq-tartibot organlariga asossiz chaqirish amaliyotiga butkul nuqta qo‘yish vaqti keldi. Nima uchun bunday vakolat faqat deputatlarda yoki advokatlarda bo‘lishi kerak? To‘g‘ri, deputatlarni xalq saylaydi, ular kengashlarda va Oliy Majlisda xalqning manfaatlarini himoya qilar, advokatlar esa inson huquqlari uchun maydonga chiqar. Lekin, to‘rtincha hokimiyat bo‘lgan jurnalistlar-chi? Ular advokatlarchalik xizmat qilmaydimi, davlat va jamiyatga naf keltirmaydimi? Davlat va jamiyatni bog‘lab turgan jurnalistlarda nima uchun daxlsizlik huquqi yo‘q? 

“Bor, qonunni ochib o‘qi”, dersiz. 1997 yilda qabul qilingan “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunning 8-moddasida “Jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi.Tanqidiy materiallar e’lon qilganligi uchun jurnalistni ta’qib qilishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb yozib qo‘yilgan. Biroq, bu qonun oxirgi marta qachon ishladi? Jurnalistni shunchaki tuhmat bilan ayblash oson bo‘lgan bugungi davrda ushbu modda allaqachon ma’nan eskirmadimi? Qolaversa, moddada jurnalistning professional kasb daxlsizligi emas, balki boshqalar qatori shaxsga oid daxlsizliklardan foydalanish huquqi borligi haqida so‘z boradi. Bu o‘zingni o‘zing himoya qilib ol, degandek gap. 

Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritgan holda, advokatlarga daxlsizlik borasida berilgan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan berilgan vakolatlar jurnalistlarga ham berilishini zamonning o‘zi taqozo etmoqda. Jumladan: 

•    jurnalistning shaxsi daxlsiz. Jurnalistning daxlsizligi uning uy-joyiga, xizmat xonasiga, foydalanishidagi transporti va aloqa vositalariga, uning xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga ham taalluqli bo‘lishi;

•    jurnalistning uy-joyi yoki xizmat xonasiga, shaxsiy yoki foydalanishidagi transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, tintuv o‘tkazish yoki olib qo‘yish, uning telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, jurnalistni ko‘zdan kechirish va shaxsiy tintuvdan o‘tkazish, xuddi shuningdek uning pochta-telegraf jo‘natmalarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish yoki olib qo‘yish sud qarori asosida amalga oshirilishi;

•    Jinoyat-protsessual kodeksi keltirilgan shaxsni huquqni muhofaza qilish organlariga olib kelish va Jinoyat-protsessual kodeksining 315-, 226-moddalarida keltirilgan shaxsni ushlab turishga doir normalar jurnalistlarga nisbatan tadbiq etilmasligi 

Jurnalistning maqolasi bo‘yicha surishtiruv organi, tergovchi, prokuror tahririyatga taqdimnoma kiritishi, shuningdek sud xususiy ajrim chiqarishi mumkin emas.

Jurnalistni jamiyatning fikrlarini umumlashtirgan holatda taqdim etgan shaxsiy munosabatlari uchun jinoiy, moddiy va boshqa javobgarlikka tortish yoki unga shunday javobgarlikka tortish bilan tahdid qilish mumkin emas.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar talabiga ko‘ra, ma’lum bir jurnalistning daxlsizligini olib tashlash masalasi bo‘yicha qaror faqat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining kuni kecha tashkil etilgan Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisida qabul qilinishi kerak. 

Jurnalistga nisbatan jinoyat ishi tegishli qo‘mitaning jurnalistning daxlsizligi masalasi hal qilingandan keyin O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan qo‘zg‘atilishi kerak. 


Shuningdek, jurnalistga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash tegishli qo‘mitaning jurnalistning daxlsizligi masalasi hal qilingandan keyin prokuror iltimosnomasiga ko‘ra, sud qarori bilan amalga oshirilishi kerak.  

Qolaversa, mamlakatda media-advokaturani ham rivojlantirish, soha bo‘yicha ishlaydigan advokatlarni ko‘paytirish va rag‘batlantirish vaqti keldi. Bugun media sohasini tushunadigan, jurnalistlarning yozganlarini eskilik sarqitiga aylangan ayrim moddalar va ayblovlardan himoya qila oladigan advokatlar barmoq bilan sanarli. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil etilganda umidlar katta edi. Fond media-advokaturani rivojlantirish rejasini taqdim etgandi. Biroq, g‘oyalar amalga oshmay qoldi. 

Xo‘sh, shu o‘rinda yuqoridagilarda o‘zini jurnalist atagan hamma foydalanishi mumkinmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Boz ustiga “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida jurnalistga nisbatan hamin qadar ta’rif berilgan bo‘lib, u u qadar katta huquqiy ahamiyatga ega emasdir. Qonunning 3-moddasida shunday deyilgan: 

“Jurnalist — O‘zbekiston Respublikasining yoki xorijiy davlatning ommaviy axborot vositalarida xizmat qiladigan yoxud ularda shartnoma asosida ishlaydigan va ma’lum mavzudagi axborotni to‘plash, tahlil etish hamda tarqatish bilan shug‘ullanuvchi shaxsdir”.

Bizningcha, bugun jurnalistlarning maqomi va taklif etilayotgan huquq va vakolatlardan foydalanish mexanizmlarini aniq belgilab olish vaqti keldi. Yuqorida bildirilgan takliflar agar qonuniy kuchga ega bo‘lsa, undan faqat Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga a’zo mustaqil jurnalistlar, Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalistlar yoki ma’lum tahririyatlarda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar foydalanishi jamiyatda jurnalist nomini bulg‘ash orqali jinoyatga qo‘l urish va vakolatlardan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanish imkoniyatlarini cheklaydi. 

QALAMPIR.UZ doimiy ravishda faoliyati OAV bilan aloqador bo‘lgan barcha tashkilotlarga sohada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan tub islohotlar va bugun jurnalistlarni qiynayotgan muammolar yuzasidan o‘z takliflarini berib kelgan. Bu safar ham takliflar ro‘yobga chiqishidan umidvormiz.  Bugun jurnalistlarga qancha tabrik aytilmasin, qancha alqanmasin, muammolarning yechimi ustida ishlanmasa, matbuotning erkinligidan umid qilish o‘rinsiz bo‘lib qolaveradi.  


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

57

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing