“Bundan buyon bo‘hton xabarlarga toqat qilolmaymiz”. QALAMPIR.UZ rahbari Xalqaro forumda nutq so‘zladi
Jamiyat
−
26 Oktabr 2021
9674Xalqaro OAVda e’lon qilinayotgan yirik jinoyatlar bilan bog‘liq xabarlarda aybdorlar aniqlanmay turib, “jinoyatni sodir etgan shaxs markaziy osiyolik yoki falonchi davlat fuqarosi bo‘lishi mumkin”, degan taxminlarning ilgari surilishi o‘quvchilar ongida o‘sha mamlakat va uning ko‘p millatli xalqining obro‘-e’tiborini tushirmoqda. Bu haqda QALAMPIR.UZ axborot agentligi rahbari Qamariddin Shayxov Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan media forumdagi nutqida so‘z ochdi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 22-24 oktyabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar va jurnalistika yo‘nalida ta’lim berib kelayotgan o‘qituchi-professorlar ishtirok etdi. Forumning “Birdamlikda erishilgan zafar: Qorabog‘” mavzusidagi sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasidan ishtirok etgan QALAMPIR.UZ axborot agentligi rahbari Qamariddin Shayxov ham so‘zga chiqdi. U so‘zi avvalida 2020 yilning 27 sentyabr kuni Qorabog‘da Ozarbayjon va Armaniston qurolli kuchlari o‘rtasida boshlangan to‘qnashuvga e’tibor qaratdi.
“Men so‘zim avvalida e’tiboringizni o‘tgan yilning sentyabr oyida Qorabog‘da bo‘lgan voqealar va bunga xalqaro hamjamiyatning munosabatiga qaratmoqchiman. Ozarbayjon Qorabog‘ borasida o‘z haq-huquqlarini talab qilishni boshlagan bir vaqtda, doimgidek Birlashgan Millatlar Tashkiloti, NATO, Minsk Guruhi va Xavfsizlik kengashi davlatlari Ozarbayjon va Armanistonni murosaga kelishga chaqirib chiqdi. Bu Ozarbayjon va uning ming yillik tarixi, xalqi va uning yaqin o‘tmishda boshidan kechirgan kulfatlariga bepisandlik edi. Armanistonning 30 yil davomida xalqaro huquq normalari, qolaversa, BMT rezolyutsiyalarini bajarmay kelganiga miq etmagan xalqaro tashkilotlar, ba’zi yirik kuchlar Ozarbayjonning paymonasi to‘lib, o‘z haqqini talab qilishni boshlaganda, tilga kirdi. 27 sentyabr kuni ikki mamlakat o‘rtasida boshlangan qurolli to‘qnashuv o‘z ortidan yirik axborot urushini ham yetaklab keldi.
Ayni vaziyatda tezkorlik va axborot xuruji yonma yon keldi. Manbalar bir-birini rad etadigan axborotlar berishni boshladi. Vaziyat qaltis tus olgani sari xolislikni bayroq qilgan ommaviy axborot vositalari, aslida, boshqa bir kuchlar, manfaatlar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘layotgani yaqqol ko‘zga tashlandi”, deydi Qamariddin Shayxov.
QALAMPIR.UZ muxbiri urushdan so‘ng Qorabog‘ga borgan ilk jurnalistlardan biri hisoblanadi. U cho‘chqa boqilgan masjiddan tortib, vayron qilingan qishloqda ham bo‘ldi. Tarixiy obidalar 30 yil davomida qanday tahqirlab kelinganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Minalangan xavfli hududlargacha kirib bordi. Yarim tunda Ganja shahriga otilgan raketada farzandini yo‘qotgan onalar bilan suhbatda bo‘ldi, ularga qo‘shilib yig‘ladi. Qamariddin Shayxov xalqaro Forumda shularni yodga olarkan, shunday deb qo‘shimcha qiladi:
“Biz ushbu mavzuni yoritishda ko‘r-ko‘ronalikka va g‘arb manbalariga asoslanmadik. Aksincha, voqeani xolis, bir necha manbalarga asoslangan holda yoritdik. Ko‘rganlarimizni yozdik. Va bu jurnalistning vijdoniy burchi edi. O‘zbekistondagi barcha medialar, jurnalistlar aynan haqiqatni yozdilar”.
QALAMPIR.UZ rahbariga ko‘ra, bugun butun dunyoda ijtimoiy tarmoqlarning kun sayin rivojlanib borishi ortidan, yolg‘on va soxta axborotlar soni ham ortmoqda. Ko‘pincha, bunday axborotlar barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Qorabog‘dagi qurolli to‘qnashuvlar ortidan boshlangan axborot urushi, dezinformatsiya muammosi bugun axborot sohasi, odamlarda ijtimoiy fikr uyg‘otish naqadar mas’uliyatli vazifa bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi.
Pandemiya dunyoda bir necha yillardan buyon davom etib kelayotgan global adolatsizlik, inson huquqlarining buzilishi, ochlik, islomofobiya, irqiy va ijtimoiy tengsizlik, qochqinlar muammosi, xalqaro terrorizm va bir necha yillardan buyon dunyoni bezovta qilib kelayotgan ikkilik standarti kabi masalalarni yanada kuchaytirdi. Qorabog‘dagi voqealar esa dunyo haqiqatan ham 5 dan buyukligini, 8 milliarddan ortiq odamning hayotini bir hovuch mamlakatlar insofiga tashlab qo‘yib bo‘lmasligini yana bir bor ko‘rsatdi. Bunda esa ommaviy axborot vositalarining o‘rni yanada ortadi”, deydi Shayxov.
U xalqaro ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari, jumladan Turkiya haqida tarqatiladigan ayrim axborotlar aynan o‘sha davlat va millatni obro‘sizlantirish uchun atay uyushtirilishini alohida tilga oldi.
“Biz yillar davomida o‘z mamlakatimizda bo‘lgan voqealarni xorijiy matbuotdan o‘qib, xabar topdik. Bu haqda qozog‘istonlik hamkasblarimiz ham aytdilar. Qolaversa, mamlakatlarimiz haqida matbuotda bo‘hton xabarlarga ham ko‘zimiz tushadi.
Ayniqsa, yirik jinoyatlar bilan bog‘liq xabarlarda aybdorlar aniqlanmay turib, jinoyatni sodir etgan shaxs markaziy osiyolik yoki falonchi davlat fuqarosi bo‘lishi mumkin, degan taxminlarning ilgari surilishi o‘quvchilarda o‘sha mamlakat va uning ko‘p millatli xalqining obro‘-e’tiborini tushirmoqda. Ming afsuski, ayrim hamkasblarimiz bundan juda unumli foydalanib kelmoqda. OAVdagi tuhmatlardan iborat xabarlarga ortiq toqat qilib bo‘lmaydi.
Bugun Turkiy tilli davlatlar xamkorlik kengashi media sohasi vakillari ishtirokida o‘tayotgan ushbu forum oldimizga ulkan vazifalarni qo‘yadi. Biz nafaqat tajriba almashyapmiz, balki o‘zaro muloqot maydonini yaratyapmiz. Endi xabarlarni ikkinchi yo uchinchi manbalardan emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri olish, qayta ishlash va sifatli tarzda taqdim etish imkoni ortmoqda. O‘ylaymanki, bugun o‘z kasbiy faoliyati va uning ortidan kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar, axborot xuruji oqibatlarini to‘g‘ri tahlil qila olgan hamkasblarimiz imkoniyatlardan o‘z kasbini sadoqat bilan bajarishda foydalanadi”, deydi Qamariddin Shayxov.
QALAMPIR.UZ rahbari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida media forumlarni doimiy ravishda o‘tkazib turish, jurnalistlarning muloqotini kengaytirish va a’zo mamlakatlar ommaviy axborot vositalari o‘rtasida o‘zaro xabar ayirboshlash uchun platformani ishga tushirish taklifini bildirdi. Bu axborotni boshqa tilli manbalarda olib, ularning g‘oyalari qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib qolmaslikni ta’minlashini alohida urg‘uladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida QALAMPIR.UZ internet nashri asoschisi – jurnalist Qamariddin Shayxovga Turkiya tilli davlatlar hamkorlik kengashi huzuridagi TURKSOY Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti tomonidan “TURKSOY xalqaro media mukofoti” topshirilgandi.
LiveBarchasi