Turkiy dunyo axborot urushiga tayyormi?

Tahlil

image

Dunyo globallashgan sari imkoniyatlar qatorida muammolar ham ortib bormoqda. Ayniqsa, xalqaro terrorizm, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida xavfsizlikka nisbatan tahdid, xalqaro qochqinlar muammosi, irqchilik, islomofobiya, axborot xuruji, raqamli fashizm, ikkilik standarti tobora kuchayib bormoqda. Pandemiya esa ularning yanada quloch yozishiga sabab bo‘ldi. 

Bugun Turkiy dunyo rivojlanish bosqichini bosib o‘tmoqda va bu davrda ularga nisbatan har qanday turdagi tahdidlar ortaveradi. Ayni davrda biror mamlakatda barqarorlikka zarba berish uchun qurol kuchidan foydalanish shart emas. Axborotning o‘zi yetarli. Biz buni Arab bahori, Ukraina, Belarusdagi voqealarda ko‘rdik. Ba’zan rasmiy OAV, ayrim holatlarda esa ijtimoiy tarmoqlardan tarqatilayotgan axborotlar Turkiy dunyo xalqlarining tarixiy qadriyatlarini toptash, ularni obro‘sizlantirish, bora-bora suverenitetiga daxl qilishga qaratilganini farqlash qiyin emas. 

Turkiy dunyoda dezinformatsiyaga qarshi kurash

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining galdagi qadamlari ham aynan birlashgan holatda axborot xurujlariga qarshi turish, o‘z mamlakatlarida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida eng avvalo Turkiy dunyoga, keyin esa jahon axborot tarmoqlariga xolis, tekshirilgan ma’lumotlarni yetkazish bo‘lmoqda. 

Ma’lumki, bugun Qozog‘iston Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Vengriyaning 4 million 823 4922 kilometr yerlarida 170 millionga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Ularni mushtarak tarix, bir madaniyat, urf-odatlar, til va din birlashtirib turadi. Ushbu yetti davlat aholisi soni bo‘yicha dunyoning eng ko‘p aholisiga ega bo‘lgan mamlakatlar reytingining sakkizinchi o‘rnidan joy olgan Bangladesh aholisidan 3 millionga ko‘p. Umumiy yalpi ichki mahsulot esa 1,3 trln AQSH dollari bilan birgina Avstraliyaning yalpi ichki mahsuloti miqdoriga teng.  

Kengash a’zosi va kuzatuvchisi bo‘lgan mamlakatlar o‘rtasida axborot almashinuvi Yevropaga qaraganda nisbatan past darajadaligini ko‘rish mumkin. Aytaylik, Turkiy dunyodagi istalgan mamlakat haqida axborot olishni xohlagan O‘zbekistondagi o‘quvchi eng avvalo o‘zi qidirayotgan axborotni rus yoki g‘arb manbalaridan izlashga odatlanib qolgan. Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Ozarbayjonda ham xuddi shunday vaziyatni kuzatish mumkin. Turkiyadagilar esa Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston haqidagi axborotni ingliz tilida o‘qiyapti. Bunda xabarni tarqatayogan manba axborot o‘zanini qayerga bursa, o‘quvchi o‘sha g‘oya oqimiga tushib qolmoqda. 

Sharqni kaftda tutib turish

Tezlik bilan rivojlanib, salohiyat va imkoniyatlari ortib borayotgan ushbu xalqlar o‘rtasida yillar davomida nizolar keltirib chiqarish, o‘zaro qo‘rquv kayfiyatini uyg‘otish ayrim davlatlar uchun juda qo‘l keldi. Biroq, XXI asrga kelib diplomatik yo‘nalishlarda buning uddasidan chiqish imkoni biroz og‘irlashdi. Qolaversa, Sharqni mudom kaftda tutib turish dunyoning muvozanati yo‘qolishiga ham olib kelayotganini katta kuchlar ham sezib turibdi. 

Boshqa tarafdan kaftda tutib turish amaliyoti o‘zini oqlamay ham qoldi. Endi xalqlar o‘rtasida nizo chiqarish uchun ijtimoiy tarmoqdan bitta yolg‘on xabar tarqatishning o‘zi yetarlidek. Albatta, ildizlari olis o‘tmishga, qardoshlik aloqalari ota-bolalar beshigiga borib taqaladigan bu xalqlar o‘rtasida nizo chiqarish oson emas. Ular har qanday yolg‘on ortidan ergashib ketavermaydi. Ammo, dunyo rivojlanib, nizolarning yangi sabablarini o‘ylab topish industriyasiga ortig‘i bilan kuch berilyapti. Bu esa ma’naviy va aqliy immunitetni rivojlantirish, axborot xurujlariga bardoshli bo‘lish va dunyoga o‘z haqiqatini, ovozini yetkazish yo‘llarini mudom izlashni talab etadi. 

Ma’lumki, Turkiy tilli davlatlar o‘rtasida o‘zaro muloqotni rivojlantirish, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida 2009 yilda Naxichevan bitimi bilan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tashkil etildi. O‘zbekiston ushbu Kengashga 10 yil o‘tib, 2019 yilning sentyabr oyida a’zo bo‘ldi. 

Mintaqada hal qiluvchi kuchga ega bo‘lgan O‘zbekistonning Kengashga a’zo bo‘lishi Kengashning xalqaro hamjamiyat qarshisidagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirdi. Ayni vaqtda O‘zbekiston ortidan Turkmaniston ham tashkilotda kuzatuvchi davlat maqomini olish arafasida turibdi. Shuningdek, Ukraina ham allaqachon Kengashda kuzatuvchi bo‘lish taklifini bildirgan. Kengashga bo‘lgan qiziqish, uning obro‘-e’tiboriga xos va mos tarzda rivojlanib bormoqda. Uning imkoniyatlari, keng salohiyati, hatto, Yevropa mamlakatlarining diqqat markazida turibdi. Endi Turkiy tilli davlatlar Kengashi bayrog‘i Yevropa (Vengriya)da hilpiramoqda. Oldinda esa Kengash nomini Tashkilotga o‘zgartirish masalasi turibdi. Bu uning imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. 

Globallashuv, axborot va dezinformatsiya

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistika ta’lim dargohlarining professor-o‘qituvchilari va axborotlashtirish sohasi mas’ul idoralar vakillari ishtirokida joriy yilning 22-24 oktyabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tgan “Olis o‘tmish, buyuk kelajak” nomli ilk media forumda ham Turkiy dunyoni yanada rivojlantirish, aloqalarni mustahkamlash va xalqaro maydonda Turkiy davlatlarga nisbatan yolg‘on axborotlar tarqatilishi, dezinformatsiya, raqamli fashizm, qadriyatlarga bolta urilishiga birgalikda kurashish muhokama qilindi. 

Forumda alohida urg‘ulanganidek, bugun Turkiy dunyoga nisbatan axborot xuruji, ijtimoiy tarmoqlardagi dezinformatsiya bo‘roni o‘tgan yilning sentyabr oyida Qorabog‘da boshlangan qurolli to‘qnashuvlardan keyin yanada ortgan. G‘arb mediasida ushbu qurolli to‘qnashuvni yoritishda yolg‘on bayonotlarga asoslangan xabarlar, ijtimoiy tarmoqlarda esa Turkiy dunyoga nisbatan nafrat qo‘zg‘atuvchi yolg‘on xabarlar va haqiqatdan yiroq suratlar tarqatilgan. 

Forumda Turkiya Prezidenti huzuridagi Ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Fexrittin Altun so‘zga chiqib, globallashuv jarayonlarida axborot xurujining mintaqa mamlakatlari uchun tug‘dirayotgan xavfi xususida so‘z ochdi. 

“Qarshimizda tom ma’noda yolg‘on sanoati mavjud bo‘lib, u haqiqatning mohiyati, qadr-qiymati va ahamiyatini yo‘qotishga, jamiyatlarni madaniy, iqtisodiy va mafkuraviy ekspluatatsiyaga ochiq qilishga harakat qilmoqda.

Ushbu yolg‘on sanoati dunyoning turli burchaklarida "soxta xabarlar" yoki "tahrirlangan kontent" orqali jamiyatlarni biz va ularning ikkiligidan siqib chiqarishga hamda qoralashga harakat qilmoqda.

Ochig‘ini aytganda, yolg‘on sanoati va dezinformatsiyaga qarshi kurashni milliy xavfsizligimizning ajralmas qismi sifatida ko‘ramiz va barcha qadamlarimizni shu nuqtai nazar bilan tashlaymiz. 

Bugun Turkiy Kengash sifatida bizning vazifamiz raqamli fashizm, kiber-imperializm va global yolg‘on sanoatiga qarshi umumiy ma’lumot ishlab chiqarish va tarqatish, kanallarimizni kuchaytirishdir”, deydi Fexrittin Altun. 

Ijtimoiy tarmoq talvasasi

Ayni vaqtda dunyo aholisining 49 foizi yoki 3 milliard 81 millioni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib keladi. Bu ko‘rsatkich esa yildan yilga o‘rtacha 8,7 foizga yoki 304 million kishiga ortib bormoqda. Dunyo miqyosida mobil telefon foydalanuvchilari esa 3,76 milliard kishini tashkil etmoqda. 

Ayni vaqtda jahonda 15 ga yaqin eng ommalashgan ijtimoiy tarmoqlar mavjud bo‘lib, ushbu ro‘yxat avvalida keluvchi 6 ta ijtimoiy tarmoqning har biridan oyiga 1 milliarddan ziyod kishi foydalanadi. Masalan: 

•    Facebook – 2,4 milliard; 
•    YouTube – 2 milliard;
•    WhatsApp – 2 milliard;
•    Facebook Messenger – 1,3 milliard;
•    WeChat (Weixin) – 1,1 milliard;
•    Instagram – 1 milliard. 

Ijtimoiy tarmoqlar eng avvalida o‘zaro muloqot qilish maydoni bo‘lgan bo‘lsa, bugun ular ommaviy axborot vazifasini ham bajarmoqda. An’anaviy OAVdan farqi shundaki, birinchi navbatda ijtimoiy tarmoqda tarqatilayotgan axborotlarning xolis va to‘g‘riligi doim savol ostida. Ustun tarafi axborotlarga nisbatan munosabat, fikr bildirish, muloqot jarayonida qatnashish mumkin. Biroq, aksariyat holatlarda muloqotlar va izoh qoldirish sog‘lom muhitda sodir bo‘lmayapti. Foydalanuvchilar o‘rtasida diniy, irqiy, etnik mojarolar kelib chiqmoqda. Qolaversa, ijtimoiy tarmoq bugun islomofobiya, terrorizm va separatizm targ‘ibotining asosiy markaziga aylanib qolgan.  

Qorabog‘ to‘qnashuvida medianing roli

Forumda ishtirok etgan Ozarbayjon Prezidenti maslahatchisi Hikmat Hojiyev mamlakat o‘tgan yili Qorabog‘da 44 kun davom etgan ham harbiy, ham axboriy urushda faqat va faqat turkiy tilli davlatlar yordamiga tayanganini alohida urg‘uladi. Uning ta’kidlashicha, ommaviy axborot vositalari xodimlari gardanida mushtarak madaniyatni yaqindan o‘rganib, dunyoga tanitish vazifasi bor.

"Shuning uchun ommaviy axborot vositalari xodimlari sifatida sizlarning yelkangizda katta mas’uliyat bor. Birinchisi, mushtarak madaniyatimizni targ‘ib qilish, jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarimizga, boy turkiy madaniyatning dunyoda tan olinishi uchun harakat qilish”, deydi Hojiyev. 

Turkiy dunyo va o‘lkalariga qarshi xalqaro miqyosda bir qator soxta xabar kampaniyalari olib borilayotganini tilga olgan Prezident maslahatchisi, ularga qarshi kurashda eng muhim o‘rin haqiqatni to‘g‘ri yetkazish ekanini ta’kidlab, birgalikda harakat qilishga chorladi.  

Qorabog‘da 10 ming kvadrat kilometrdan ortiq Ozarbayjon yerlarining butunlay vayron bo‘lganiga diqqat qaratgan Hojiyev, Turkiya ommaviy axborot vositalari xodimlarining Qorabog‘ga borgani va ishg‘olchilarning vahshiy harakatlarini dunyo jamoatchiligi bilan baham ko‘rganini aytdi. 

"Bu yerdagi maqsadimiz qasos olish emas, tinchlikka chaqirish, kelajakda dunyoda bunday hodisalarning oldini olish. Ayni paytda, Qorabog‘, ozar va turkiy xalqlarga xos chuqur madaniy merosga ega. Bu madaniyat 30 yildan beri yo‘q qilinganini ta’kidlash joiz”, deydi Ozarbayjon ovozini ijtimoiy tarmoqda yanada faol va to‘g‘ri eshitilishi uchun yordam so‘ragan Hojiyev,

2020 yil 27 sentyabr. Ozarbayjon Qorabog‘ borasida o‘z haq-huquqlarini talab qilishni boshlagan bir vaqtda, doimgidek Birlashgan Millatlar Tashkiloti, NATO, Minsk Guruhi va Xavfsizlik kengashi davlatlari Ozarbayjon va Armanistonni murosaga kelishga chaqirdi. Bu Ozarbayjon va uning ming yillik tarixi, xalqi va uning yaqin o‘tmishda boshidan kechirgan kulfatlariga bepisandlik edi. Armanistonning 30 yil davomida xalqaro huquq normalari, qolaversa, BMT rezolyutsiyalarini bajarmay kelganiga miq etmagan xalqaro tashkilotlar, ba’zi yirik kuchlar, Ozarbayjonning paymonasi to‘lib, o‘z haqqini talab qilishni boshlaganda, tilga kirdi. 27 sentyabr kuni ikki mamlakat o‘rtasida boshlangan qurolli to‘qnashuv o‘z ortidan yirik axborot urushini ham yetaklab keldi. Axborot urushi esa qurolli to‘qnashuvning yanada olovlanishi, haqning haqsiz holatga tushib qolishigacha bordi. Ayni vaziyatda Turkiy tilli davlatlar mediasi haqiqat qarshisida qalban birlashdi. 

O‘sha kunlarni yaxshi eslaymiz. Har daqiqada yangi xabar ijtimoiy tarmoqqa yoyildi. Ayniqsa, ayrim manbalarda yolg‘on, bir taraflama, qoralovchi xabarlar soni ortdi. 

Ayni vaziyatda tezkorlik va axborot xuruji yonma yon keldi. Manbalar bir-birini rad etadigan axborotlar berishni boshladi. Vaziyat qaltis tus olgani sari xolislikni bayroq qilgan ba’zi G‘arb ommaviy axborot vositalari, aslida, boshqa bir kuchlar, manfaatlar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘layotgani yaqqol ko‘zga tashlandi. 

Ayrim ommaviy axborot vositalari ma’lum voqelik haqida rasmiy idoralar axborotiga emas, taxminlarga asoslanib xabar tarqatdi. 

Qorabog‘dagi qurolli to‘qnashuvlar ortidan boshlangan axborot urushi, dezinformatsiya muammosi bugun axborot sohasi, odamlarda ijtimoiy fikr uyg‘otish naqadar mas’uliyatli vazifa bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi. Forumda so‘z chiqqan “Anadolu” axborot agentligi rahbari Sardor Qorako‘z ham bu haqda so‘z ochib, axborot urushida Turkiy dunyo g‘alabi qilganini urg‘uladi. 

“Biz shunchaki jangga kirmadik. Menimcha, Qorabog‘ – “asos beruvchi” g‘alaba.  Bu ommaviy axborot vositalari uchun birlikda harakat qilish yo‘lidagi ilk qadamdir. Qorabog‘ g‘alabasi ortidan ommaviy axborot vositalarimiz, axborot agentliklarimiz, universitetlarimiz, akademiklarimiz, barchamiz birgalikda hamkorlik qilish va muvaffaqiyatga erishishning quvonchini his etdik. Bu esa biz uchun yangi eshiklarni ochadi.

Arman diasporasi ham iqtisodiy jihatdan dunyodagi eng kuchli diasporalardan biridir. Uning bosh qarorgohi Kaliforniyada, madaniy gegemonning eng markazida joylashgan. Boshqa filial Fransiyada. Bu ikki markazdan xalqaro ommaviy axborot vositalariga qarshilik kela boshladi. Lekin biz butun dunyoga adolatli ishimizni shunday strategik, rejali va dasturlashtirilgan tarzda aytdikki, xorijlik jurnalistlar nima bo‘layotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. U yerda Armaniston tomonidan qilingan zulmga guvoh bo‘ldilar. Ular bosib olingan yerlarda ham odamlarga, ham tarixiy obidalarga qarshi amalga oshirilayotgan ta’qiblarni suratga oldilar. G‘alaba nafaqat maydonda, balki muloqotda ham qo‘lga kiritildi va bu muloqotdagi g‘alaba barchamizni ilhomlantirdi, yanada kuchli va yanada strategik OAV yaratish fikrini berdi”, deydi “Anadolu” axborot agentligi rahbari. 

Psixologik urush strategiyasi
 
XX asr boshlarida ham mudofaa, ham hujum qilish maqsadida foydalaniladigan axborot resurslari harbiy salohiyatni oshirish nuqtai nazaridan muhim o‘zgaruvchiga aylandi. O‘tgan asr 40-yillarining boshida AQSH tomonidan o‘ziga xos hujum tushunchasi sifatida ishlab chiqilgan Psixologik urush strategiyasi ham yaqin o‘tmishda axborotning harbiy strategiya konsepsiyasida alohida ahamiyat berilganidan dalolat. 

Oxirgi davrda dunyoning deyarli barcha mintaqalarida kuchaygan axborotga asoslangan manipulyatsiyalar davlatlarning ushbu sohadagi mudofaa konsepsiyasini o‘zgartirish zaruratini tug‘dirmoqda. Xuddi shu nuqtai nazardan Turkiy tilli davlatlar ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida o‘tgan Media forumda ham bir qator takliflar ilgari surildi. Ularning quyidagilari e’tibor qozondi: 

1. 2022 yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar Axborot agentliklari rahbarlarining uchrashuvini tashkil etish – Serdar Qorako‘z, “Anadolu” axborot agentligi rahbari.

2. Turkiy tilli davlatlar jurnalistlarining “POOL”ilini, Turkiy tilli davlatlar Media ittifoqini tashkil etish – Rovshan Mamedov, Ozarbayjon teleradiokompaniyasi yopiq aksiyadorlik jamiyati rahbari.

3. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi medialari o‘rtasida xolis axborotni beg‘araz va sifatli shaklda tarqatish va olishga mo‘ljallangan platformani tashkil etish – Qamariddin Shayxov, QALAMPIR.UZ axborot agentligi rahbari. 

Dunyo beshdan buyukdir

Maqola avvalida ta’kidlaganimizdek, pandemiya global adolatsizlik, inson huquqlarining buzilishi, ochlik, islomofobiya, irqiy va ijtimoiy tengsizlik, qochqinlar muammosi, xalqaro terrorizm va bir necha yillardan buyon dunyoni bezovta qilib kelayotgan ikkilik standarti kabi masalalarni yanada kuchaytirdi. Dunyo haqiqatan ham beshdan buyuk (tahr. – BMT Xavfsizlik Kengashi a’zo mamlakatlarini 5 tadan oshirish kerak)ligini, 8 milliarddan ortiq odamning hayotini bir hovuch mamlakatlar insofiga, ko‘p millatli xalqlar ustidan hukm chiqarishni esa G‘arb mediasining vijdoniga tashlab qo‘yib bo‘lmasligini vaziyatning o‘zi taqazo etmoqda. 

Biz yillar davomida o‘z mamlakatimizda bo‘lgan voqealarni xorijiy matbuotdan o‘qib, xabar topdik. Bunda mamlakatlarimiz va odamlarimiz haqidagi bo‘htonlarni o‘qiganda, o‘zimizni tutib turishimiz juda qiyin. Ayniqsa, yirik jinoyatlar bilan bog‘liq xabarlarda aybdorlar aniqlanmay turib, jinoyatni sodir etgan shaxs markaziy osiyolik yoki falonchi davlat fuqarosi bo‘lishi mumkin, degan taxminlarning ilgari surilishi, o‘quvchilar ko‘z o‘ngida o‘sha mamlakat va uning ko‘p millatli xalqi obro‘-e’tiborini tushirmoqda. Ming afsuski, ayrim hamkasblarimiz bundan juda unumli foydalanib kelmoqda. OAVdagi tuhmatlardan iborat xabarlarga ortiq toqat qilib bo‘lmaydi. 

Turkiy tilli davlatlar xamkorlik kengashi media sohasi vakillari ishtirokida o‘tgan Media forum oldimizga ulkan vazifalarni qo‘yadi. Biz nafaqat tajriba almashdik, balki o‘zaro muloqot maydonini yaratyapmiz. Endi xabarlarni ikkinchi yo uchinchi manbalardan emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri olish, qayta ishlash va sifatli tarzda taqdim etish imkoni ortmoqda. O‘ylaymizki, bugun o‘z kasbiy faoliyati va uning ortidan kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar, axborot xuruji oqibatlarini to‘g‘ri tahlil qila olgan hamkasblarimiz imkoniyatlardan jurnalistik faoliyatini vijdon va sadoqat bilan bajarishda foydalanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi

Baholaganlar

74

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing