Jizzax voqealarini eslagan Mirziyoyev, chegaradagi otishma, “uchgan” prokuror... Bugun nimalar bo‘ldi?

Jamiyat

image
Yakuniga yetayotgan 2 dekabr O‘zbekiston va xalqaro maydonda sodir bo‘lgan muhim voqeliklar bilan esda qolmoqda. O‘zbekistonda korrupsionerlarga nisbatan jazoning keskin kuchaytirilishi, qirg‘iz-tojik chegarasida o‘q uzilgani kunning muhim voqealari bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugunning muhim voqea-hodisa va yangiliklarning qisqacha tafsiloti bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Jamiyat 

O‘zbekistonda go‘sht importi ko‘paydi

Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida O‘zbekiston xorijdan  23,9 ming tonna go‘sht import qilgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Qo‘mitaning xabariga ko‘ra, go‘sht importi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 7,3 ming tonnaga oshgan.

2021 yilning yanvar-oktyabr oylarida O‘zbekiston eng ko‘p go‘sht import qilgan davlatlar:

Belarus – 16,2 ming tonna, Qozog‘iston – 3,5 ming tonna, Ukraina – 2,3 ming tonna, Rossiya – 606 tonna, Moldova – 600 tonna.

Surxondaryoda chegarani buzib o‘tishga uringan Fransiya fuqarosi ushlandi

Surxondaryoda giyohvandlik va psixotrop dori vositalarini kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistondan Afg‘onistonga olib o‘tishga uringan Fransiya fuqarosi ushlandi. Bu haqda Surxondaryo IIB Matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 26 noyabr kuni soat 19:00larda Surxondaryo viloyati DXX Chegara qo‘shinlari harbiy qism chegara naryadi tomonidan Fransiya Respublikasi fuqarosi T.M. O‘zbekistondan Afg‘onistonga chiqib ketish maqsadida, Termiz tumani hududidagi temir yo‘l orqali piyoda tarzda noqonuniy ravishda davlat chegarasidan o‘tishga uringan vaqtda to‘xtatilgan. So‘ng chegara qo‘shinlari tomonidan Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlariga holat yuzasidan bojxona nazoratini amalga oshirish uchun xabar berilgan.

Bolalarni maktabga qabul qilishda korrupsiyaga nima sabab bo‘layotgani aniqlandi

O‘zbekistonda bolalarni maktabga qabul qilish bosqichida asosiy korrupsiyaviy xavf-xatar mikrohududlarning kvota tizimi, maktab binosining yetishmasligi bo‘lib turibdi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ota-onalar va o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra ma’lum qildi.

So‘rovnoma shaklida o‘tkazilgan tadqiqot O‘zbekistondagi 114 ta maktabdagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va maktab direktorlarini qamrab olgan. Xususan, aprel oyida Toshkent shahridagi ikkita maktabda uch toifa respondentlar o‘rtasida so‘rovlar tashkil etilgan. May – iyun oylarida esa 14 ta viloyatdagi 114 ta maktabda kengaytirilgan so‘rovlar o‘tkazilgan. Shundan 28 tasi shahar, 31 tasi tuman markazi, 31 tasi qishloq aholi punktidan iborat.

Korrupsionerlar uchun jazo keskin kuchaytirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonovning ma’lum qilishicha, Jinoyat kodeksi loyihasida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga aniq ta’rif berilmoqda va 15 turdagi jinoyatlar bu toifaga kiritilmoqda.

“Muhim o‘zgarish sifatida korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazo choralari keskin kuchaytirilmoqda”, deydi Burhonov.

Blok-postlar qaytyaptimi? Tumanlararo postlarning vazifasi nima?

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasiga ko‘ra tumanlarda blok-postlar o‘rnatilishi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. 

Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov mazkur xabarlarga munosabat bildirib, ularni haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.

G‘iyosovga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi vazirlar kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil 1 martga qadar tasdiqlangan me’yorlarga asosan mahalliy byudjet hisobidan kamida bittadan tumanlararo patrul-post bo‘linmalari tashkil etilishi belgilangan.

Prezident Jizzaxda qulagan uy voqeasini yodga oldi

Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi ijrosini samarali tashkil etish, ipoteka kreditlashni kengaytirish va qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilishda Prezident o‘tgan yili Jizzaxda qurilishi yakunlanmagan uyning qulagani bilan bog‘liq voqeani esga olib, qurilish sohasida nazoratni kuchaytirish va tanish-bilishchilikka barham berish kerakligini ta’kidladi.

Ma’lumki, “Barakali qorako‘l chorvador” fermer xo‘jaligi tomonidan Jizzax shahrining “Zilol” mahallasi Mustaqillik ko‘chasida ko‘p qavatli bino qurilish ishlari amalga oshirilgan. Joriy yilning 10 yanvar kuni ushbu bino qurilishi oxiriga yetmay turib qulagan. Hodisa Prezident Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi oldidan sodir bo‘lgandi. 

Andijon viloyati prokurori “uchdi”

Bosh prokurorning joriy yilning 25 noyabr kungi buyrug‘iga asosan, Andijon viloyati prokurori G‘ayratjon Fozilovich Sobirov faoliyatida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklari sababli egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Bu ma’lumotni Bosh prokuratura Matbuot kotibi tasdiqladi.

Shu kunning o‘zida Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i lavozimida xizmat qilayotgan Eshmurod Qarshiyevich Jo‘rayev Andijon viloyati prokurorining vaqtincha vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi.

Olam

Qirg‘iz-tojik chegarasida o‘q uzildi

Qirg‘iziston chegarachilari kecha, 1 dekabr kuni kechqurun noma’lum shaxslar Tojikiston hududidan chegaraning bahsli uchastkasida bir necha marta o‘q uzgani, hozirda vaziyat tinch ekanini ma’lum qildi. Bu haqda AKIpress axborot agentligi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Chegara qo‘riqlash xizmati (CHQX) matbuot bo‘limiga asoslanib, xabar berdi.

Chegara qo‘riqlash xizmati matbuot xizmatining xabar berishicha, 1 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 21:00 atrofida Qirg‘izistonning Botken viloyatining Daxma tumanida, shartli chegara chizig‘i yaqinida noma’lum shaxslar Tojikiston tomondan 7-8 o‘q uzgan. Taxminlarga ko‘ra, o‘q ov miltig‘idan otilgan.

“Tolibon” O‘zbekistonni afg‘on uchuvchilari olib o‘tgan samolyot va vertolyotlarni qaytarishga chaqirdi

Afg‘onistonning “Tolibon” tomonidan tuzilgan vaqtinchalik hukumati rahbari o‘rinbosari mulla Abdul G‘ani Barodar O‘zbekistonni respublika ag‘darilgan mamlakatdan qochgan afg‘on uchuvchilari olib o‘tgan samolyot va vertolyotlarni qaytarishga chaqirdi. Bu haqda “Afganistan” nashri xabar bermoqda.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 30 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev bosh delegatsiya Qobulda “Tolibon” rahbarlari bilan muzokara o‘tkazdi.

O‘zbekiston TIV xabariga ko‘ra, uchrashuvda “mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston xalqiga gumanitar va boshqa yordamlar ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlar, energetika va transport sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi”.

“Omikron” o‘zbekistonliklar ko‘p boradigan mamlakatga ham kirib bordi

Birlashgan Arab Amirliklarida koronavirusning “omikron” shtammi bilan kasallanishning birinchi holati aniqlandi. Bu haqda WAM agentligi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib xabar bergan.  

“Sog‘liqni saqlash vazirligi “omikron” shtammi bilan birinchi infeksiya Afrika davlatidan arab davlatlaridan biri orqali kelgan afrikalik ayolda qayd etilganini ma’lum qildi”, deyilgan agentlik xabarida. 

Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, AQSH qanday chora ko‘rishi aytildi 

Agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, Vashington Moskvaga qarshi keng miqyosli iqtisodiy sanksiyalar joriy etishga tayyor. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Rigadagi NATO mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ma’lum qilgan.  

Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor harakatlarni rejalashtirayotgani haqida dalillarga ega ekanligini da’vo qilmoqda. 

“Prezident Vladimir Putin bosqinchilik to‘g‘risida qaror qabul qilganmi yoki yo‘qmi, biz buni bilmaymiz. Ammo bilamizki, endi qaror qabul qilinsa, bunday harakatlar imkoni boricha tezroq ishlab chiqiladi. Shuning uchun niyat va vaqt noaniqligiga qaramay, biz Rossiyani qarorini o‘zgartirishga harakat qilish bilan birga har qanday sharoitga tayyor bo‘lishimiz kerak”, degan Entoni Blinken.

Sport

Murodovning UFC’dagi raqibi va jang sanasi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonlik UFC yarim o‘rta vazn toifasi jangchisi Mahmud Murodovning (25-6) navbatdagi raqibi va jang sanasi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda sportchining o‘zi Instagram sahifasida xabar berdi. 

Murodov 2022 yilning 26 fevral kuni UFC Fight night 203 turniri doirasida Latviya vakili Mixail Sirkunovga qarshi oktagonga ko‘tariladi.

Sirkunov MMA’dagi faoliyati davomida 22 ta bahsda ishtirok etib, 15 ta g‘alaba va 7 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Shuningdek, so‘nggi ikkita jangida (Kshishtof Yotko va Rayan Spann) imkoniyatni boy bergan.

Varan ikkita muhim uchrashuvni o‘tkazib yuboradi

“Manchester Yunayted” himoyachisi Rafael Varan Angliya premer ligasi doirasida “Arsenal” va “Kristal Pelas”ga qarshi o‘yinlarda jamoasiga yordam bera olmaydi. Bu haqda mankunianliklar matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fransiyalik futbolchi UEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichidan o‘rin olgan “Atalanta”ga qarshi o‘yinda (2:2) olgan jarohatidan allaqachon tuzalgan. Biroq, “Qizil iblislar” murabbiylar shtabi futbolchining jarohati qaytalanishi mumkinligidan xavotirda.

UFC prezidenti koronavirusga chalindi

UFC prezidenti Dana Uayt koronavirus bilan kasallanganini ma’lum qildi. Ayni damda UFC rahbari Las Vegasdagi uyida izolyatsiya qilingan. Bu haqda TACC xabar bermoqda.

Dana Uaytning aytishicha, nafaqat unda balki yaqin qarindoshlarida ham COVID-19 aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ular virusni Shukrona kuni yuqtirgan. 

UFC prezidenti bug‘ xonasida evkaliptni hidlab ko‘rgan, ammo uning hidini sezmagan. Shundan so‘ng, koronavirusga topshirgan testi ijobiy chiqqan. 52 yoshli Uayt virusga qarshi to‘liq emlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

148

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing