Jazolangan banklar, Prezident oilasining festivaldagi ishtiroki, issiq suvdan uzilayotgan Toshkent va boshqa xabarlar

Jamiyat

Quyida yakuniga yetayotgan 27 avgustning eng muhim va qiziqarli xabarlari bilan tanishing.

Tez tibbiy yordam avtomobillari haydovchilarining maoshi oshirildi

“Avtomobil transporti haydovchilari mehnatiga haq to‘lashning umumiy shartlari to‘g‘risidagi nizomning 1-ilovasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qaror Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Mazkur hujjat bilan tibbiy xizmat avtomobillari haydovchilarining oylik ish haqi oshirilishi nazarda tutildi.

Toshkentda issiq suv ta’minoti 2 oy davomida o‘chiriladi

Joriy yil 9 sentyabrdan 11 oktyabrga qadar Toshkent shahridagi issiqlik markazlari faoliyatini rejali to‘xtatish rejalashtirilgan bo‘lib, foydalanuvchilar 5 kun davomida issiq suv bilan ta’minlanmaydi.

Ai-91 benzin yana qimmatladi

Joriy yilning 19-23 avgustlarida o‘tkazilgan birja savdo yakunlariga ko‘ra, O‘zRTXB AJ birja savdolariga jami 1910,0 tonna Ai-91 avtomobil benzini quyildi. Jumladan, “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ birja savdolariga 1590,0 tonna, va “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ 320,0 tonna Ai-91 benzinini sotuv uchun qo‘yishdi. Sotuvchi tomonidan belgilanadigan Ai-91 benzin uchun boshlang‘ich narx, uning bir tonna uchun 6 mln 216,4 ming so‘mni tashkil etdi.

Ai-91 rusumli benzinning haftalik kotirovkasi uning amaldagi boshlang‘ich narxiga nisbatan 2,5 foizga o‘sib, bir tonna uchun 6 mln 370,9 ming so‘mni tashkil etdi.

Andijonda chaqaloq dori yo‘qligidan komaga tushdimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Paxtaobod tumanilik Z.Zaynobiddinovning joriy yilning 17 iyulda tug‘ilgan jiyani Abdulaziz Isomiddinovga tibbiyot muassasasida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmagani tufayli bola komaga tushgani haqida murojaati tarqaldi. 

Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi mazkur vaziyatni o‘rganib chiqqan. Sog‘liqni saqlash vazirligi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

O‘tmishni oq-qora rangga bo‘yab, hukm chiqarish uchun men kim bo‘libman – Lola Karimova

2016 yilning 28 avgusti. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi tantanalari arafasida Vazirlar Mahkamasi mamlakatni 27 yil davomida boshqarib kelgan Prezidenti Islom Karimovning betobligi, shifoxonada davolanayotgani va mutaxasislar fikriga ko‘ra, to‘liq tibbiyot ko‘rigidan o‘tish va davolanish uchun ma’lum vaqt kerakligi haqida rasmiy axborot e’lon qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, 2 sentyabr kuni Islom Karimov 78 yoshida vafot etdi. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan diyor – Samarqand zaminiga dafn etildi.

Lola Karimova otasining vafoti kuni yaqinlashgani sari, qalb og‘rig‘i kuchayishini aytadi. Lolaning fikricha, otasining mehnatlari behuda ketmagan.

Auksion g‘olibiga yer berish tartibi osonlashtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish hamda arixitektura-qurilish ishlarini amalga oshirish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 oktyabrdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, hokimlarning auksion g‘olibi nomiga yer uchastkasini ajratish bo‘yicha qaror qabul qilishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi/

Zelenskiy Bosh vazirni tanladi

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Bosh vazir lavozimiga o‘z ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari Aleksey Goncharuk nomzodini ko‘rsatdi. Hozirda amaldor Zelenskiyning iqtisodiy masalalar bo‘yicha amaliy tashriflari va yig‘ilishlarida unga hamrohlik qilyapti. Prezident administratsiyasiga uni ofis rahbari Andrey Bogdan olib kelgan.

O‘zbekistonda parlament saylovi boshqacha tizimda o‘tkaziladi

O‘zbekistonda saylov jarayonlari proporsional tizimda emas, balki majoritar saylov tizimida o‘tkaziladi. Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.

Prezident Xavfsizlik kengashi apparati, DXX raisi bilan yig‘ilish o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati, Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) rahbariyati, shuningdek, DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi ishtirok etdi.

Prezident oilasi ham “Sharq taronalari” ochilish marosimida ishtirok etdi

Xabaringiz bor, kecha, 26 avgust kuni Samarqand shahrida “Sharq taronalari” o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi. 

Festivalning ochilish marosimida ishtirok etish uchun Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oila a’zolari – rafiqasi, O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, qizlari Saida Mirziyoyeva, Shahnoza Mirziyoyeva va o‘g‘li, nabirasi Miromon, kuyovlari Oybek Tursunov va Otabek Umarov ham Samarqandga borgan.

Markaziy bank “Ipoteka-bank”, “Xalq banki”, “Davr-bank”ni jarimaga tortdi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki joriy yilning iyun-iyul oylarida bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar doirasida ayrim banklarda o‘rganishlar o‘tkazdi. O‘rganishlar natijasida ular tomonidan bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishi holatlari aniqlangan. 

Xususan, “Ipoteka-bank” ATIB va “Xalq banki” ATBlarning tariflarida qonun hujjatlari bilan mijozlardan undirilishi taqiqlangan komissiya to‘lovlari mavjud bo‘lsa, “Davr-bank” XATB o‘z faoliyatida mijozlarga bank xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida qonun hujjatlari talablariga rioya qilmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

255

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing