Prezident Xavfsizlik kengashi apparati, DXX raisi bilan yig‘ilish o‘tkazdi
Jamiyat
−
27 avgust 2019
15084O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati, Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) rahbariyati, shuningdek, DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Chegara qo‘shinlari faoliyatining amaliy natijalari ko‘rib chiqildi, davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish tizimini xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xatarlarni hisobga olgan holda yanada takomillashtirishning ustuvor vazifalari belgilandi.
Chegaralar xavfsizligi va daxlsizligini ishonchli va kafolatli ta’minlash xalqimiz tinch-osoyishta hayoti, mamlakat taraqqiyotining garovi ekani ta’kidlandi.
Mintaqa mamlakatlarining chegara idoralari yo‘nalishidagi xalqaro hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotgani, turli xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda qo‘shma tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qo‘shni davlatlar bilan o‘tkazish punktlari ochilgani, yangi havo, temir yo‘l va avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgani fuqarolarning o‘zaro bordi-keldisining ortishiga xizmat qilmoqda.
Chegaraoldi hamkorlikni faollashtirish yuzasidan xorijiy sheriklarimiz bilan erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda bajarilgan ishlar tanqidiy baholanib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish tizimining samaradorligini yanada oshirish yuzasidan mutasaddi tuzilmalar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.