Jabrlanuvchiga aylangan Muxtor Aliy, sudda yutqazgan Nazarboyev, serial ortidan uchganlar... 20 yanvarda nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
20 yanvar 2022
11829Jamiyat
O‘qituvchilar nega raqsga tushib, badantarbiya qilgandi? XTV izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatidagi maktablardan birida mashhur qo‘shiqchi Shakiraning qo‘shig‘i ostida raqsga tushib, badantarbiya qilayotgan xodimlarning videosi tarqaldi va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Videoda ko‘rishimiz mumkinki, 20 dan ortiq ayol va erkak o‘qituvchilar Shakiraning “Waka-Waka” qo‘shig‘i ostida raqsga tushib, ertalabki badantarbiyani amalga oshirmoqda.
Halq ta’limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamova ushbu holatga munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu ritmik badantarbiya inson salomatligi va kayfiyati uchun amalga oshirilgan.
LGBT himoyachisi Miraziz Bozorov ustidan sud boshlandi
Xabaringiz bor, 2021 yilning aprel oyida O‘zbekistonda LGBT himoyachisi va targ‘ibotchisi Miraziz Bozorovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi. Bugun, 20 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida mazkur ish bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tadi. Ayni vaqtda QALAMPIR.UZ muxbiri sud jarayonida ishtirok etish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudiga yetib bordi.
Besoqolbozlik targ‘ibotchisi Bozorovning sudida Abror Muxtor Aliy ham qatnashmoqda
Bugun, 20 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida Miraziz Bozorovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar bergan edik. Sudda O‘zbekiston Musulmonlari idorasining "Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi mudiri o‘rinbosari Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy) va bloger Shuhrat Musayev jabrlanuvchi sifatida ishtirok etmoqda. Bu haqda voqea joyidan QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova xabar berdi.
Shuhrat Musayevning QALAMPIR.UZ’ga bildirishicha, Miraziz Bozorov o‘z chiqishlarida o‘zbek xalqini va ayollarni haqorat qilgan.
Abror Muxtor Aliy Bozorov ishida nega jabrlanuvchi sifatida ishtirok etayotganiga izoh berdi
Bugun, 20 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida Miraziz Bozorovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish ko‘rib chiqilayotgani, unda O‘zbekiston Musulmonlari idorasining "Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi mudiri o‘rinbosari Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy jabrlanuvchi sifatida ishtirok etayotgani haqida xabar bergan edik. Xo‘sh, Abror Muxtor Aliy nega jabrlanuvchilar safida? Miraziz Bozorov unga qanday zarar yetkazgan? QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova ushbu savol bilan Abror Muxtor Aliyning o‘ziga yuzlandi.
“Sud majlisi yaxshi o‘tdi. Hozir 4 nafar jabrlanuvchidan izoh talab qilishdi. Jabrlanuvchilar nima uchun jabrli ekani so‘raldi. Men ham jabrlanuvchilar qatoridaman. Chunki menga nisbatan terrorist deb tuhmat qilgan. O‘zbekistondagi deyarli barcha ayollarni fohishalikda, eriga xiyonat qilishda ayblagan. Bu bizga va ayollarimizga, xalqimizga nisbatan tuhmat. Shuning uchun men o‘zimni jabrlanuvi deb hisobladim va uning ustidan shikoyat arizasini kiritganman”.
O‘zbekistonda 200 000 so‘mlik banknota chiqarish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda 200 000 so‘mlik banknotilar ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Pul-kredit muomalasini tashkil qilishda ma’lum bir qonuniyatlar bor. Bu qonuniyatlarga ko‘ra, mamlakatda shakllangan o‘rtacha ish haqidan kelib chiqib, banklarning banknoti strukturasi belgilanadi. Kelgusida 200 000 so‘mlik banknotani chiqarishni ham rejalashtirganmiz. Shu bilan birgalikda muomaladagi naqd pulni optimallashtirish jarayonini amalga oshirmoqdamiz”, dedi Markaziy bank raisi.
Zakovatchilarning oshig‘i olchi. Prezident yangi qaror imzoladi
Bugun, 20 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.
2021 yil oktyabr oyida davlat rahbari Buxoro viloyati Romitan tumanida “Zakovat” intellektual o‘yinining final bosqichiga tashrif buyurib, bahsni kuzatgan, tadbir so‘ngida nutq so‘zlab, bilimdon yoshlarga sharoit yaratish uchun ko‘plab tashabbuslarni bildirgan edi.
Ta’lim muassasalarida o‘qishlar yana onlayn bo‘ladimi? Vazirliklar javob berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta’lim muassasalari va maktablarda joriy yilning 24 yanvaridan keyin onlayn ta’lim joriy etilishi haqida xabarlar tarqaldi. Holatga aniqlik kiritish uchun QALAMPIR.UZ Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Xalq ta’limi vazirliklari Matbuot xizmati vakillari bilan bog‘landi.
Ularning ta’kidlashicha, tarqalgan xabarlar mutlaqo asossiz. Oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablarida uzaytirilgan qishki ta’tildan so‘ng, o‘qish onlayn ta’limga o‘tkazilmaydi. Chunki Maxsus komissiyaning qarorida joriy yilning 24 yanvaridan boshlab, ta’lim muassasalarida o‘qishlar onlayn bo‘lishi haqida hech nima deyilmagan.
Ijodkorni sindirishlariga qarshiman – “Sevimli”ning prodyuseri Prezidentning qizi e’tiroz bildirgan serial haqida
So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialining behayo lavhasi muhokama markazida bo‘lib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar efirga uzatilgani va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qildi
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva ham “Sevimli” telekanali orqali efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialini tanqid qildi. U, xususan, hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganmanini bildirdi.
“Sabriya” seriali ortidan “Sevimli” telekanali direktori va bosh muharriri ishdan olindi
“Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan “Sabriya” serialiga nisbatan tanqidlar ortidan Bosh direktor vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda telekanalning Instagram’dagi sahifasida xabar berildi.
Qayd etilishicha, telekanalda “Sabriya” seriali bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rildi
Bugun, 20 yanvar kuni “Sevimli” telekanali ta’sischilarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishga Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov taklif qilingan.
Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilgan. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik asosida Firdavs Abduxoliqov saylangan.
Olam
Qozog‘istondagi to‘polonlar vaqtida Xitoy nega jim turdi?
Xitoy hukumati notinchlik davrda Qozog‘istonga harbiy yordam yuborishga tayyor edi, ammo buning uchun qonuniy asos yo‘q edi. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi kecha, 19 yanvar kuni Bryusselning "Euractiv" internet portalida chop etilgan bir guruh Yevropa ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Dastlabki kunlardanoq Xitoy hukumati biz bilan Prezidentlar darajasida aloqada bo‘ldi, men esa Tashqi ishlar vaziri Van I bilan aloqada bo‘ldim. Ular barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor edi. Ko‘pgina hamkorlarimiz har qanday yordam, yordam berishga tayyor edi, jumladan, harbiy yordam. Lekin bizda KXSHTdan boshqa davlat yoki tashkilotlardan xorijiy qo‘shinlarni qabul qilish uchun qonuniy asosimiz yo‘q edi”, degan u Qozog‘iston Xitoydan harbiy yordam so‘raganmi degan savolga javob berarkan.
U G‘arbni, AQSHni, NATOni sinamoqchi – Bayden Putinning rejalari haqida
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina atrofidagi vaziyatda qanday yo‘l tutish kerakligini hali hal qilmagan. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden ta’kidladi.
“Men u Rossiya uchun yaqin, qisqa muddatli va uzoq muddatli oqibatlarni ko‘rib chiqayotganiga ishonaman. U qaror qabul qilib bo‘lgan, deb o‘ylamayman. Ishonchim komilki, bu qaror butunlay Putinning qarori. Bu qarorni boshqa hech kim qabul qilmaydi. Bu qarorga boshqa hech kim ta’sir qila olmaydi. U bu qarorni qabul qiladi”, degan Bayden.
Erdo‘g‘an Rossiya bilan bahslashayotgan Ukrainaga boradi
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Ukrainaga tashrifi joriy yilning 3 fevraliga rejalashtirilgan. Bu haqda CNN Türk telekanali xabar bergan.
Bu kun Anqara va Kiyev o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ladi.
Nazarboyevning kenjasi “paydo bo‘ldi”
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Aliya Nazarboyevaning Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi ko‘rina boshladi.
Joriy yilning 14 yanvar kuni ommaviy axborot vositalari Instagram sahifasi orqali Aliya Nazarboyeva Birlashgan Arab Amirliklarida ekanini bilib qolgach, u Instagram va Facebook platformalaridagi sahifalarini o‘chirib tashlagandi.
Bu Aliya Nazarboyeva Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari va tartibsizliklar haqida oiladan birinchi bo‘lib izoh bergani va ommaviy axborot vositalari uning vatanini tark etgani hamda BAAda ekanligiga e’tibor qaratganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan.
So‘nggi nafasgacha: Nazarboyev qator huquqlarni o‘zida saqlab qoldi
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev Respublika Konstitutsiyaviy kengashi a’zosi bo‘lish, shuningdek, hukumat va parlamentda so‘zlash huquqini saqlab qoladi. Bu haqda bir qator konstitutsiyaviy qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlardan kelib chiqib e’lon qilingan.
Qozog‘iston parlamenti Majilisi (quyi palatasi) deputati Kanat Nurovga ko‘ra, palata Nazarboyevning Qozog‘iston Xalq Assambleyasi va mamlakat Xavfsizlik Kengashiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunchilikka o‘zgartirishlarni ma’qullagan.
“Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti — Elboshi Qozog‘iston Respublikasi parlamenti va uning palatalari oldida, Respublika hukumati majlislarida muhim masalalarni muhokama qilishda umrbod so‘zga chiqish, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy Kengashi a’zosi bo‘lish huquqiga ega”, deyiladi hujjat matnida.
Nursulton Nazarboyev sudda yutqazdi
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning “Ar-Bedel” jamoat fondi marafonchi Marat Jilanboyevning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish bo‘yicha ishida mag‘lub bo‘ldi. Bu haqda ORDA.KZ xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, “Ar-Bedel” jamoat fondi fuqarolik sudiga taniqli marafonchi Marat Jilanboyevni ijtimoiy tarmoqlardagi postlari uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi da’vo arizasi kiritgan. Da’vogarning so‘zlariga ko‘ra, sportchining postlari Nursulton Nazarboyevning sha’ni va qadr-qimmatini obro‘sizlantirgan.
“Ish “Ar-Bedel” jamoat fondining kelajakda zarar yetkazish xavfi — Fuqarolik kodeksining 918-moddasi bo‘yicha da’vosiga asoslandi. Fond poytaxt sudiga Marat Jilanboyevni Facebook’dagi postlarni o‘chirish majburiyatini yuklash to‘g‘risida da’vo arizasi kiritdi”, degan marafonchining advokatlaridan biri Bauirjan Azanov.
Sport
MYU murabbiyi Ronalduga nimalar dedi?
“Manchester Yunayted” bosh murabbiyi Ralf Rangnik Angliya Premer ligasining 17-turidan o‘rin olgan “Brentford”ga (3:1) qarshi qoldirilgan o‘yinda almashtirilganidan norozi bo‘lgan portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu bilan suhbati haqida gapirdi.
“Ronalduni almashtirganimdan so‘ng, u nega o‘yindan olinganini so‘radi. Men bu qarorni jamoa manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilganimni tushuntirdim. Men Garri Maguayr hisobiga besh kishilik himoyaga o‘tishga qaror qildim va Markus Reshfordni tezkor o‘ng qanot himoyachisi sifatida sinab ko‘rishimni aytdim. Menimcha, qaror to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Krishtianuning kayfiyati tushib ketgani aniq. U – to‘purar, maydonda qolib, gol urishni istaydi. Lekin biz uchun ixcham o‘yin ko‘rsatish, maydonda yangi kuchlar va belgilangan zarbalardan himoyalanish uchun muhimroq edi”, deydi Rangnik.
Kontening “taqachisi” 80 soniyada jamoasiga g‘alaba keltirdi
Bugun, 20 yanvar kuni Angliya Premer ligasining 17-tur qoldirilgan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va unda “Tottenxem” “Lester Siti”ni mag‘lub etdi – 3:2.
O‘yinning 24-daqiqasida “tulkilar” hujumchisi Patson Daka hisobni ochdi. 38-daqiqada esa “shporlar” yetakchisi Xarri Keyn Garri Uinksning uzatmasidan so‘ng hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi bo‘limning 76-daqiqasida “Lester” yarim himoyachisi Jeyms Meddison yana jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan 95-daqiqada zahiradan o‘yinga qo‘shilgan “Tottenxem” hujumchisi Stiven Bergveyn gol urdi – 2:2. Barcha bellashuvning durang natija bilan yakunlanishini kutayotgan bir vaqtda Bergveyn dubl qayd etib, 80 soniya ichida jamoasiga g‘alaba keltirdi. Shu tariqa Antonio Konte shogirdlari chempionlik uchun kurashish imkoniyatini saqlab qolishdi.
Ronaldu zaxiraga olingani uchun Rangnikdan norozi bo‘ldi
“Manchester Yunayted” hujumchisi Krishtianu Ronaldu Angliya Peremer ligasi 17-turidan o‘rin olgan “Brentford”ga qarshi uchrashuvning 70-daqiqasidayoq zaxiraga olinganini “hazm qila olmadi”. 3:1 hisobida g‘alaba qozonilgan bahsda futbolchi o‘z o‘rnini himoyachi Garri Maguayrga bo‘shatib berdi.
Gap shundaki, jamoa bosh murabbiyi Ralf Rangnik uni almashtirishga qaror qilganidan so‘ng, 36 yoshli portugaliyalik futbolchi norozilik bilan tribunaga chiqdi va zaxira o‘rindig‘iga emas, balki yaqin atrofdagi zinapoyaga o‘tirdi. Krishtianuga sport kiyimi berilganida esa uni oyog‘i ostiga tashladi.
LiveBarchasi