Jeenbekov yana murojaat yo‘lladi. U horg‘in va galstuksiz ko‘rinish berdi

Olam

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bugun, 14 oktyabr kuni Qirg‘iziston xalqiga Bosh vazir lavozimiga tayinlashni qonuniylashtirish to‘g‘risida murojaat qildi. Unda Jeenbekovni horg‘in, toliqqan va galstuksiz ko‘rish mumkin. 

"Biz kecha Jo‘qorg‘u Keneshning yangi spikerini sayladik. Endi parlament to‘liq ishlay oladi. 

Parlamentga Sadir Japarovni Bosh vazir lavozimiga tasdiqlash masalasini barcha qonunchilik talablariga rioya qilgan holda ko‘rib chiqishni taklif qildim. 

Jo‘qorg‘u Keneshning qarorlari qonun normalariga zid ravishda qabul qilinganligi sababli parlamentga qaytarildi. 

Mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va yangi Bosh vazirni boshqa davlatlar tomonidan tan olinishi uchun barcha qarorlar qonuniy bo‘lishi va Bosh vazir nomzodi qat’iy qonunchilikda tasdiqlanishi muhimdir. Umid qilamanki, parlament Bosh vazir atrofidagi bu jarayonga chek qo‘yadi”, deydi Prezident.

Davlat rahbari o‘z murojaatida qish yaqinligini eslatarkan, koronavirus pandemiyasi hali ham fuqarolar sog‘lig‘iga tahdid solayotganini aytadi. 

“Bolalar maktabga borishlari va tinchlikda o‘qishlari kerak. Biznes ham tinchlikni yaxshi ko‘radi. Buning uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz kerak”, deydi Jeenbekov. 

Davlat rahbari tomonlarni siyosiylashuvdan amaliy harakatga o‘tishga chaqirdi. 

“Qirg‘iziston huquqiy davlat. Muammolar bosim ostida emas, balki faqat qonun doirasida hal qilinishi kerak. 

Barchangizni qonunga bo‘ysunishga chaqiraman. Biz donolikni namoyon etamiz va barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tamiz, Qirg‘iziston xalqining birligini saqlaymiz”, deydi Prezident. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Keyinroq parlamentga Kanat Isayev spiker etib saylandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.

Jeenbekov vaziyatni izga solish uchun 9 oktyabr kuni Bishkekda favqulodda holat e’lon qildi. Keyinroq bu rejim yana uzaytirildi. Harbiylarning Bishkekka kirishi natijasida namoyishlar va talonchiliklar to‘xtadi.


Maqola muallifi

Teglar

Sooronbay Jeenbekov Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

269

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing