Jeenbekov O‘zbekiston bilan chegaradosh Botkenga borib, chegarachilar bilan ovqatlandi
Olam
−
13 avgust 2020
10611Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekov mamlakatning muammoli hududlaridan biri bo‘lgan Botken viloyatiga borib, aholi bilan uchrashdi, ijtimoiy loyihalar bilan tanishdi. Prezident chegarachilar bilan muloqotda bo‘lib, ular bilan tushlik qildi.
Botken Qirg‘izistonning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, u 1999 yilda O‘sh viloyati tarkibidan ajralib chiqqan va viloyat maqomini olgan. Viloyat hududida 3 tuman, 4 shahar, 5 shaharcha va 189 qishloq, 30 ovul hukumati mavjud. Viloyat markazi Botken shahri.
Viloyat janubi-g‘arbiy va shimoli-g‘arbida Tojikiston, shimolida O‘zbekiston, sharqida O‘sh viloyati bilan tutashgan. Viloyat hududida boshqa davlatlarga tegishli bir qancha anklavlar mavjud. Maydoni 17, 0 ming km2 yoki respublika hududining 8,5% ni tashkil qiladi. Aholisi 401,3 ming kishi. Bu yerda asosan qirg‘iz, o‘zbek, tojik va turk millatiga mansub aholi istiqomat qiladi.
Oxirgi vaqtlarda Botken Qirg‘izistonning eng mojaroli hududlaridan biri bo‘lib turibdi. Bir necha bor Tojikiston bilan chegara hududida aholi va chegarachilar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi, qon to‘kildi.
O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati So‘x tumani Chashma qishlog‘i aholisi va Qadamjoy tumanidagi Chechma qishlog‘i aholisi o‘rtasida ro‘y bergan to‘qnashuv esa murosa yo‘li bilan hal etildi. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu qaror bilan 2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. Kecha, 12 avgust kuni mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov yani So‘x tumaniga borib, aholi vakillari, tumani faollari bilan uchrashdi.
Qirg‘iziston Prezidenti Botken viloyatiga tashrifida Botken shahrida ta’mirlanayotgan Botken viloyati shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limi binosi, bir qator ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi. U shuningdek, Botken viloyatida chegarachilar uchun qurilishi rejalashtirilgan yangi turar-joy binosiga ta’mal toshi qo‘ydi. U chegarachilar bilan oqvatlanib, ular bilan gaplashdi.
U O‘zbekiston bilan chegaradosh Qadamjoy tumanida ham bo‘lib, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish namunasi bilan tanishdi. Shundan so‘ng, Prezident aholi bilan muloqot qilib, ularning muammolarini eshitgan, savollariga javob bergan.
Sooronbay Jeebekov olis aholi punktlari infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy ob’ektlar qurish va ichki yo‘llarni ta’mirlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlagan.
LiveBarchasi