650 kg kolbasa O‘zbekistondan Qirg‘izistonga kiritilmadi
Jamiyat
−
14:19 2242 1 daqiqa
O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasining O‘sh viloyatida joylashgan “Do‘stlik” chegara veterinariya nazorat punktida O‘zbekiston Respublikasidan olib o‘tilayotgan 650 kilogramm kolbasa mahsulotlarini Qirg‘iziston Respublikasi hududiga olib kirishga ruxsat berilmadi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Chegara veterinariya nazorat punkti inspektorlari tomonidan yukni tekshirish davomida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining veterinariya-sanitariya talablari buzilganligi aniqlangan. Xususan, mahsulotning markirovkasi mavjud emasligi va u veterinariya-sanitariya talablariga javob bermasligi aniqlangan.
Aniqlangan qoidabuzarliklar asosida yukni Qirg‘iziston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlangan. Inspektorlar tomonidan tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilgach, yuk “Do‘stlik” chegara veterinariya nazorat punkti orqali O‘zbekiston Respublikasiga qaytarib yuborilgan.
“Davlat veterinariya nazorati davlat chegarasi orqali olib o‘tilayotgan hayvonot mahsulotlarining xavfsizligini ta’minlashga, shuningdek, mamlakat hududiga belgilangan veterinariya talablariga muvofiq kelmaydigan tovarlar kirib kelishining oldini olishga qaratilgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston O‘simliklarni kimyolashtirish, himoya qilish va karantin departamenti inspektorlari tomonidan “Do‘stlik” postida o‘tkazilgan fitosanitariya nazorati davomida O‘zbekiston Respublikasidan olib borilgan 21 tonna tarvuz partiyasi tekshirilib, qaytarib yuborilgandi.
Live
Barchasi