Jeenbekov topilmayapti. Qirg‘izistonda chegarachilarga amaldorlarni chiqarmaslik buyurildi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov va Bosh vazir Kubatbek Boronov qayerdaligi noma’lum bo‘lib turibdi. Bu haqda Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Omurbek Suvanaliyev ma’lum qildi

Uning qo‘shimcha qilishicha, xavfsizlik uchun chegaralarni yopish va yuqori martabali amaldorlarni, jumladan, Prezidentni ham mamlakatdan chiqarmaslik buyurilgan.

Suvanaliyevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat rahbarlari namoyishlar boshlanganidan beri ko‘rinish bermagan. Internetda Jeenbekovning murojaatlari tarqaldi. Ammo ular qayerda yozilgani noma’lum.

“Lavozimini tark etgan amaldorlar yashirin joyda. Ammo qayerdaligi aniq aytolmayman, ularning ko‘pi yaishirinyapti. Bir qismi Boronovdek, masofadan ishlayotganini va iste’fo bermaganini aytyapti”, degan Suvanaliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda, partiyalar kelisha olmayapti. Harbiy blok vaziyat to‘la izdan chiqmasligi uchun harakat qilyapti. Partiyalar tezlik bilan muzokaralar stoliga o‘tirishi va bir to‘xtamga kelishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

675

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing