Jeenbekov iste’fo berishi uchun shartlarini ochiqladi

Olam

image

Avvalroq, Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov o‘z xohishi bilan lavozimini tark etmasligi haqida xabar qilingandi.

Bugun, 9 oktyabr kuni Jeenbekov xalqiga yana bir bor murojaat yo‘llab, lavzoimidan iste’fo berish shartini ochiqladi.

“Yangi parlament saylovlari belgilanishi kerak. Bu masalada qarorni Markaziy saylov komissiyasi qabul qiladi. Bu choralar hozirgi siyosiy keskinlikni yumshatadi”, degan Prezident.

Shu bilan birga inqirozgacha ishlagan Bosh vazir va Hukumatni iste’foga chiqarish kerak. Bu yangi tayinlovlar amalga oshirish uchun qonuniy asos yaratadi.

“Parlamentariylar o‘z majburiyatini bajara olishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari deputatlar xavfsizligini ta’minlashi kerak. Ijro etuvchi idoralarning qonuniy rahbarlari tasdiqlangandan keyin va mamlakat qonuniy yo‘lga tushib olgach, men Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti lavozimidan ketishga roziman”, degan Jeenbekov.

Prezident matbuot kotibi Tolgonay Stamaliyevaning so‘zlariga ko‘ra, iste’foga chiqqani aytilgan Bosh vazir Kubatbek Boronovning arizasini Prezident imzolamagan. Bunday ariza davlat rahbariga kelmagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Sooronbay Jeenbekov Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

372

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing