Zelenskiy Rossiyani qanday qurollar bilan mag‘lub eta olishini aytdi
Olam
−
13 aprel 2022
41694Prezident Vladimir Zelenskiy dunyo xalqlarini Ukrainaga zudlik bilan og‘ir artilleriya, og‘ir zirhli texnikalar, havo hujumidan mudofaa tizimlari va Rossiya agressiyasini to‘xtatish uchun samolyotlar yetkazib berishi uchun o‘z mamlakatlari rahbarlariga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda Zelenskiyning videomurojaatida so‘z boradi.
“Turli ekspertlar, agar Rossiya bostirib kirsa, Ukraina bir haftadan ortiq dosh berolmasligini aytishdi. Biz nafaqat rus armiyasini to‘xtata oldik, balki ularni ortga surib tashladik! Lekin urushimiz hali tugamagan. Bu faqat birinchi raund edi. Putin va uning armiyasi o‘z strategiyasini o‘zgartirmoqda, ular Xarkov va butun Donbassga, jumladan Mariupolga yanada ko‘proq bosim o‘tkazish uchun o‘z qo‘shinlarini kuchaytirmoqda”, degan Zelenskiy.
Prezidentning qayd etishicha, Rossiya Ukrainada to‘xtash niyatida emas.
"Putinning tashviqot mashinasi Yevropa Ukrainadan keyingi “keyingi mantiqiy nishon” ekanini ochiq aytmoqda. Shuning uchun yo G‘arb Ukrainaga Putinni hozir to‘xtatishga yordam beradi, yoki Putin o‘z Rossiya imperiyasini kengaytirishda davom etadi va bu jarayonda minglab ayollar va bolalarni o‘ldiradi. U allaqachon Mariupol, Xarkov, Bucha va Ukrainaning boshqa shaharlarida shunday qildi”, deydi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jahonni Rossiya agressiyasidan qahramonona himoya qilishda davom etish uchun Ukrainaga quyidagi ro‘yxatda keltirilgan qurollar kerak:
• artilleriya qurilmalari (155 mm kalibrli) va o‘q-dorilar;
• artilleriya snaryadlari (152 mm kalibrli), iloji boricha ko‘proq;
• yalpi reaktiv hujum tizimlari: “Grad”, “Uragan” yoki Amerikaning M142 HIMARS;
• bronetransportyorlar (zirhli transport vositalari, piyoda askarlarning jangovar mashinalari va boshqalar);
• tanklar (T-72, amerika yoki nemis analoglari);
• havo hujumidan mudofaa tizimlari (S-300, “Buk” yoki shunga o‘xshash zamonaviy G‘arb havo mudofaa tizimlari);
• harbiy aviatsiya.
“Biz butun dunyodan birlashishni va bu shafqatsiz tajovuzga qarshi kurashda bizga yordam berishni so‘raymiz. Bu yovuzlikni birgalikda yengish uchun Ukrainaga hozir qurol bering”, degan Zelenskiy.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi