Zelenskiy Putinga qarshi koalitsiya tuzishga chaqirdi
Olam
−
24 fevral 2022
14386Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy dunyo yetakchilarini Rossiya Prezidenti Putinga qarshi koalitsiya tuzishga chaqirdi. U AQSH, Germaniya, Polsha va Buyuk Britaniya yetakchilari bilan suhbatdan keyin shunday taklif bildirdi.
“Men sizni Putinni, Ukraina va dunyoga qarshi urushni darhol to‘xtatishga chaqiraman! Putinga qarshi koalitsiya tuzing. Darhol sanksiyalar, Ukrainaga moliyaviy va mudofaa yordami bering. Havo hududini yoping! Dunyo Rossiyani tinchlikka majburlashi kerak”, degan Zelenskiy Twitter sahifasida.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev vaXarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
Ukraina davlat chegara xizmati rus harbiylari mamlakatning Rossiya va Belarus bilan chegaradosh qismidan hujumga o‘tganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.
Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
LiveBarchasi