Zaharlangan Navalniy Germaniyada qolmoqchi emas – NYT
Olam
−
15 Sentabr 2020
6273Germaniyadagi klinikada davolanayotgan rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy sog‘lig‘ini tiklab olgach, Vataniga qaytmoqchi. Bu haqda “The New York Times” gazetasi Germaniya xavfsizlik idoralaridagi manbasiga tayanib xabar berdi.
“U Germaniyaga emigratsiya qilmoqchi emas. Navalniy uyiga, Rossiyaga qaytib, o‘z missiyasini davom ettirmoqchi”, degan manba.
Shuningdek, manba Navalniy Germaniya prokuraturasi vakillari bilan suhbatda o‘zi bilan yuz bergan hodisa yuzasidan FRG va Rossiya birgalikda tekshiruv o‘tkazishiga qarshi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navalniy Tomskdan Moskvaga samolyotda qaytayotganda tobi qochib, zudlik bilan Omskdagi shifoxonaga yotqizilgan. Uning tarafdorlari Navalniyni Germaniyaga olib ketish harakatiga tushgan. Ammo ikki kun davomida Omskdagi shifoxona shifokorlari uni ko‘chirishga ruxsat bermadi. Siyosatchining tarafdorlari bunda Kremlning qo‘li borligini iddao qildi.
Navalniy Berlinga olib ketilgach, Germaniya Hukumati 2 sentyabr kuni u “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini aytdi. Rasmiy Berlin Rossiyadan bu bo‘yicha izoh talab qildi. Fransiya va Shvetsiyadagi mustaqil laboratoriyalar ham Navalniyning tahlillarini tekshirib, u zaharlanganini tasdiqlagandi.
Moskva esa Navalniydan olingan tahlil natijalari zaharlanishni ko‘rsatmaganini ta’kidlamoqda. Bu ham yetmaganidek, Germaniyaning ayblovlariga javoban Rossiya G‘arb davlatlari va NATOni "Novichok" guruhiga kiruvchi kimyoviy modda o‘ylab topishda aybladi.
Shuningdek, "Reuters" agentligi Navalniyni Omskdagi shifoxonadan Germaniyaga ko‘chirish uchun ruxsat bevosita Kremldan kelganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi