Yun Sok Yolni hibsga olish uchun yana order berildi
Olam
−
07 yanvar 4395 2 daqiqa
Bugun, 7 yanvar kuni Janubiy Koreya sudi mamlakat prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olish uchun yana order berdi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
“7 yanvar kuni hibsga olish to‘g‘risida order berildi, buning uchun departament gumonlanuvchi Yunga nisbatan ikkinchi ariza berdi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, bir kun avval rasmiylar Seul sudiga hibsga olish orderining amal qilish muddatini uzaytirish uchun qo‘shimcha order so‘rab ariza topshirgan.
Avvalgi hibsga olish orderi esa 31 dekabrda chiqarilgan va 6 yanvargacha amal qilgan.
Order muddati tugagach, parlamentdagi tinglovda korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i O Don Un hibsga olishga urinish muvaffaqiyatsizlikka uchragani uchun vatandoshlaridan kechirim so‘ragan. U, shuningdek, ikkinchi urinish hibsga olish uchun “so‘nggi imkoniyat” bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, “har tomonlama tayyorgarlik ko‘rishga” va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 3 dekabr kuni kechqurun Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgan edi. Ammo bu holat taxminan olti soatdan keyin bekor qilindi. Shundan so‘ng, 14 dekabr kuni Yun Sok Yolga nisbatan impichment e’lon qilindi. Oqibatda uning vakolatlari to‘xtatildi.
Birlashgan tergov guruhi 14 dekabr kuni parlamentda impichment e’lon qilinganidan keyin vakolatlari to‘xtatilgan Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olishga order berish uchun Seul sudiga murojaat qilgandi. Janubiy Koreya sudi tergovchilarning iltimosini qanoatlantirib, Yun Sok Yolni hibsga olishga order berdi. Orderga ega tergovchilar 3 yanvar kuni mamlakat tarixida birinchi marta prezident qarorgohiga uni hibsga olish maqsadida yetib borgan, ammo tergovchilar Yun Sok Yolni hibsga olish bo‘yicha bo‘lgan besh soatlik qarama-qarshilikdan so‘ng unga qarshi order ijrosini to‘xtatishga qaror qilgan.
Live
Barchasi